1

Ehtiyot choralariga rioya qilinmasa, karantin cheklovlariga qaytishga majbur bo`lamiz – Prezident

Siyosat 20.08.2020, 21:01
Ehtiyot choralariga rioya qilinmasa, karantin cheklovlariga qaytishga  majbur bo`lamiz – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Tadbirni ochar ekan, davlatimiz rahbari pandemiyani jilovlash doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to`xtalib, Mustaqillik bayramini bunday sharoitda qanday nishonlash yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

Jumladan, qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatimizda jami koronavirus yuqtirganlar soni 37,5 mingdan oshdi, shundan 33 mingdan ziyodi yoki 88 foizi sog`aydi. 4 mingta bemorni davolash va oilasi bag`riga qaytarish choralari ko`rilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev bunday natijalar yurtimiz tibbiyot xodimlarining buyuk xizmati ekanini alohida aytib o`tdi. Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida ijobiy tomonga o`zgarayotgani, yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar o`rtasida taqsimlangani, Germaniyadan yana mutaxassislar kelishi kutilayotgani qayd etildi. Xorijlik ekspertlar asosan og`ir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilmoqda, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, ayni haftalar biz uchun sinovli davr bo`ladi. Ko`rilayotgan choralar qanchalik natija berishi keyingi haftada ayon bo`ladi.

Lekin, aholi tomonidan shifokorlar tavsiyalariga, ya`ni niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, oilaviy marosimlarni ixchamlash kabi qat`iy ehtiyot choralariga rioya qilinmas ekan, davlat karantin cheklovlarini qaytadan tatbiq qilishga majbur bo`lishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemilogik talablarga so`zsiz amal qilishga odatlanishimiz kerakligi yana bir bor tayinlandi.

Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qat`iy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish bo`yicha barcha choralarni ko`rib borish topshirig`i berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1