Osiyo Futbol Konfederasiyasi a`zo mamlakatlar futbol federasiyalarining so`nggi 4 yillik uchun yakuniy reytingini ma`lum qildi. O`zbekiston Futbol Federasiyasi ushbu reytingda 10-o`rinni egalladi.
OFK taqdim etgan ro`yxatda O`zbekiston jamg`argan ochkolari soni 35.917 ekanligii ko`rsatilgan, deya xabar bermoqda O`FF rasmiy sayti.
Ushbu reytingda peshqadamlikni 77.167 ochko yiqqan Saudiya Arabistoni egalladi. Ikkinchi o`rinni Janubiy Koreya 68.250 ochko yiqqan holda qo`lga kiritdi. Kuchli uchlikni Birlashgan Arab Amirliklari yakunlab bergan. Ushbu mamlakat hisobida 60.083 ochko bor.
O`zbekistongacha bo`lgan keyingi o`rinlarda Eron, Yaponiya, Xitoy, Qatar, Avstraliya va Kuvayt joy olgan.
Ma`lumot uchun, ushbu reyting 2012 yilning 1 yanvaridan, 2015 yil dekabriga qadar klublar va terma jamoalar qayd etgan natijalarga ko`ra hisoblangan.
Osiyo klublarining ushbu davr uchun tuzilgan reytingida O`zbekiston klublari orasida eng yaxshi natijani «Bunyodkor» qayd etgan - 12-o`rin. Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubi peshqadam bo`lgan ushbu ro`yxatda O`zbekiston klublari orasida ikkinchi natijani «Paxtakor» ko`rsatgan - 34-o`rin. Ro`yxatdan shuningdek «Nasaf» (53), «Lokomotiv» (73) hamda «Neftchi» (81) jamoalari ham o`rin olgan.