1

Prezident rahbarlarni koronavirus bo`yicha haqiqiy holatni yashirmaslik haqida ogohlantirdi

Siyosat 28.08.2020, 19:34
Prezident rahbarlarni koronavirus bo`yicha haqiqiy holatni yashirmaslik haqida ogohlantirdi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o`quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari kun tartibidagi asosiy masalaga o`tishdan oldin koronavirus bilan bog`liq vaziyatga to`xtaldi. Joriy haftada kuniga o`rtacha 370 ta yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko`rsatkichi bo`lishi qayd etildi.

Prezident haqiqiy holat bo`yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo`l qo`ymaslik to`g`risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo`lgan qat`iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta`kidlandi.

Hokimlar, sektor rahbarlari hamda mutasaddi idoralar xodimlari har bir mahallada, jamoat joylari, transport va korxonalarda sanitariya talablari bajarilishi bo`yicha temir intizomni ta`minlashi zarurligi aytib o`tildi. Ayniqsa, to`y-marosimlarni bir necha kun davomida yoki bir kunda 3-4 marta o`tkazish holatlariga chek qo`yish kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Koronavirusga chalingan bemorlarni dunyodagi eng ilg`or va ishonchli usullar bilan davolash uchun barcha choralar ko`rilayotgani, jumladan, hozirgi paytda Rossiya, Germaniya, Turkiya, Xitoydan 75 nafar yuqori malakali shifokor yurtimizda ish olib borayotgani ta`kidlandi.

– Infeksiyani yuqtirmaslik, avvalo, o`zimizga, o`z sog`lig`imizga bo`lgan e`tiborimizga, oilamizdagi muhitga bog`liq. Agar hamma, butun jamiyatimiz tozalik, tibbiy himoya va ijtimoiy masofa qoidalariga amal qilsa, kasallik ko`paymaydi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1