Avval xabar qilinganidek, Ko`ksaroy qarorgohida mustaqilligimizning 29 yilligi bayramiga bag`ishlangan tantanali tadbiri bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bayram tabrigida mamlakatda inson huquq va erkinliklarini ta`minlash bo`yicha ham amalga oshirilgan ishlar haqida ham to`xtaldi.
" -- So`nggi paytda jazoni o`tayotgan shaxslarga nisbatan afv instituti keng qo`llanayotgani xalqimizga xos bag`rikenglik va insonparvarlikning amaliy ifodasidir. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Mustaqillik bayrami arafasida yana bir Farmonga imzo chekdim. Unga ko`ra, qilmishiga chin dildan pushaymon bo`lib, qat`iy tuzalish yo`liga o`tgan 73 nafar shaxs jazoni o`tash muassasalaridan ozod qilinib, o`z oilasi bag`riga qaytarildi. Shuningdek, 40 nafar fuqaroning jazo muddatlari qisqartirildi.
Inson huquqlarining eng muhim sharti bo`lgan shaxsning fuqaroligini tiklash bo`yicha ham salmoqli qadamlar qo`yildi. Ko`p yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan bo`lsa-da, fuqarolik ololmay yurgan, bu yuksak maqomni uzoq vaqt intiqib kutgan 50 mingdan ziyod kishiga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.
Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so`z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror topdirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o`rnatish bo`yicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta`kidlamoqchiman," - dedi davlat rahbari.






