Abdulla Qurbonov salkam o`ttiz yildan buyon san`at olamida faoliyat yuritadi. Lekin so`nggi uch yil ichida u ko`rinmay qoldi. Buning sabablari haqida turlicha fikrlar bildirildi. Yaqinda xonandaga faoliyatini davom ettirish uchun “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan lisenziyasi qaytarib berilgani haqida eshitdik. Shu munosabat bilan hamda uch yillik tanaffus sabablari haqida ochiq-oydin suhbatlashish uchun xonandani tahririyatga taklif etdik.
— Uzoq vaqtli tanaffusdan keyin yana ijodingizni boshlab yuborganingiz bilan tabriklaymiz.
— Rahmat. Taklif uchun minnatdorman. Yangi kuch va g`ayrat bilan ijodimni boshlab oldim. Menga shunday imkoniyat bergani uchun esa “O`zbeknavo” estrada birlashmasidan ham minnatdorman. Balki gaplarim balandparvoz tuyular, ammo, bu tashkilot bizning faoliyatimiz bachkanalikdan xoli bo`lishini nazorat etib turadi, deb bilaman. Kundan-kunga ko`payib borayotgan xonandalarni tartibda ushlab turishning o`zi bo`lmaydi.
— Bizningcha, lisenziyadan mahrum bo`lishingizga siz ishtirok etgan videorolikning tarqalgani sabab bo`ldi...
— Inson ertaga nima bo`lishini bilmas ekan. Arzimas sabab bilan hayotimiz ostin-ustun bo`lib ketishi mumkin. Bugun yoningizda girdikapalak bo`lib yurganlarning munosabati aslida mansab va pul uchun ekanligini bilish og`ir. O`zimizdan o`tgan xatolar sabab qoqilganimizda yon-atrofdagilarning hammasi ham sadoqatli emasligini bilish alam qilarkan. Hatto meni o`lgan, degan gaplarni ham chiqarishgan. Ishonib, uyimga fotihaga kelganlar ham bo`ldi. Bunday noxush xabar kimga kerak bo`lganini bilolmadim. O`sha paytda o`zimdan ko`ra ko`proq yaqinlarimga achindim...
Videorolikka to`xtaladigan bo`lsak, buning barchasi kimlargadir haddan ziyod ishonib, do`st bilganim sabab yuz berdi. Keragidan ziyod ulfatlarni atrofimga yiqqanim meni jar yoqasiga olib keldi. Arzimagan videorolik tufayli yillar davomida misqollab yiqqan obro`yim “do`stlarim”ning sharofati bilan bir tiyin bo`ldi. To`g`ri, bunda o`zim aybdorman, ortiqcha ko`ngilxushliklar sabab o`zimni yo`qotib qo`yganimni sezmabman. Bugun ko`zim ochilib, xatolarimni tushunib, tavba qildim. Juda afsusdaman!
— Rolikni tarqatgan do`stlaringiz kimligini bildingizmi?
— Aynan kimnidir ko`rsatolmayman. Aslida uning kimligini bilishni ham istamayman. Xudoga soldim, hamma qilmishiga yarashasini oladi.
— Endi do`st tanlashni o`rgandingizmi?
— Albatta. Bugun qatiqni ham puflab ichyapman. Hammaga ham ishonavermaslik kerak ekan. Yana shuni ham alohida ta`kidlashingizni so`rayman: osoyishtaligimiz posbonlarini turli noo`rin gap-so`zlar bilan xafa qilganimdan ming karra afsusdaman.. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay bizning xavfsizligimiz uchun hushyor turishibdi. Ular borki, biz bugun tinch yurtda yayrab yashayapmiz. Ko`r hassasini bir marta yo`qotadi, deyishadi. Men ham bunday xatolikka boshqa yo`l qo`ymayman.
— Bugun ko`pgina hamkasblaringiz internetdan faol foydalanib o`z reklamasi yo`lida foydalanishyapti. Ammo sizni ijtimoiy tarmoqlarda uchratmaymiz...
— To`g`ri, meni bu “olam”da uchratish qiyin. Ammo mening o`rnimga ham hamkasblarim otni qamchilashgan. Internetda shaxsiy sahifam bo`lmasa-da, boshqa san`atkorlarning sahifalarida ko`rinib turibman. Menga shuning o`zi ham etadi...
— 2016 yil uchun mo`ljallangan rejalaringiz bilan o`rtoqlashsangiz.
— O`tgan uch yil davomida o`zimdan o`tgani faqat o`zimga ayon. Bunday paytda onamning duosi va rafiqamning qo`llab-quvvatlashi menga kuch bag`ishladi. Mart oyida hayotimdagi shu ikki ayolning irodasi va menga bo`lgan ishonchiga atab “G`iybatlarga ishonmang, biz yoningizdamiz, ayollar” nomli yakkaxon konsert dasturini taqdim etishni niyat qilganman. Shuningdek “Do`st”, “Jonim bo`lsin fido” nomli qo`shiqlarni ham tez kunlarda muxlislar e`tiboriga havola etishni rejalashtirganmiz.
Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi





