AsosiyShou-biznes

Botir Qodirov xatolarini tan oldi (Intervyu to`liq talqinda)

Gazetamizning o`tgan sonida Botir Qodirovning yakkaxon konsert dasturiga jurnalistlarning kiritilmaganligi bilan bog`liq surishtiruv maqola chop etgandik. Ushbu maqola yoritilishidan bir oz avval xonandaning prodyuseri Abror Po`latov tahririyatimizga kelib, Botir Qodirovning o`zi ham ushbu vaziyatga oydinlik kiritmoqchiligini, lekin hozir vaqti yo`qligini, bir-ikki kundan keyin intervyu berishini aytdi. Tabiiyki, biz rozi bo`ldik. Maqola chop etilgandan so`ng Botir Qodirov va uning prodyuseri tahririyatimizga kirib kelishdi. Mehmon kutish odobiga ko`ra gapni uzoqdan boshladik...

  • Eshitishimizcha, 21-22-23 noyabr kunlari bo`lib o`tgan yakkaxon konsert dasturingizga qattiq tayyorgarlik ko`rgan ekansiz. Natijalar siz kutgandek bo`ldimi?  Taassurotlaringiz haqida  so`zlab bersangiz. 

— Ochig`ini aytsam, biz konsertga juda katta tayyorgarlik ko`rgandik. Ammo g`oyalarimizning atigi ikki foizini bajara oldik, deb o`ylayman. 98 foiz g`oya va rejalarimiz amalga oshmay qolib ketdi. Yangilik sifatida xalqaro prodyuser, indoneziyalik Frank Raden bilan ishlaganimizni ta`kidlash mumkin. Ayniqsa Fransiyada tayyorlangan,  “Jim turing” qo`shig`i falsafasi asosida yaratilgan maxsus roligimiz muxlislarga manzur bo`ldi.

— Jonli ijroda kuylash uchun ovoz imkoniyatlaringiz etarli bo`la turib, konsertda qo`shiqlarni fonogramma orqali ijro etibsiz. Konsertga kirganlar aytishdi.    

— To`g`ri, ovoz imkoniyatlarim   etarli. Ammo “Istiqlol”  san`at saroyining  texnikasi mening talabimga javob bermaydi. Hamma san`atkorning bu borada o`z talabi va didi bor. Ammo shuni aytishim mumkinki, xorijda bo`lib o`tadigan barcha konsertlarda jonli ijroda kuylayman.

— Konsert boshlanishidan avval yuz bergan mashmashalar, ya`ni konsertga jurnalistlarning  kiritilmaganini qanday izohlaysiz?  

— Men konsertga jurnalistlarning kiritilmayotganini sahnaga chiqishimdan biroz avval eshitdim va ochig`i  hayron bo`ldim. Shuningdek, bunga oydinlik kiritish uchun  qo`riqlash xizmati xodimlarining oldiga shaxsan o`zim borib, jurnalistlar nega kiritilmayotganini so`radim. Qo`riqlash xizmati xodimlari san`at saroyi direktori jurnalistlarni konsertga kiritmaslik haqida buyruq berganini aytdi. Shundan keyin konsertni boshlash vaqti etgani bois shoshib sahnaga chiqib ketdim. Bilganim shu...

— Prodyuseringiz o`sha kuni jurnalistlarni kiritmaslik g`oyasini taklifnoma tegmay qolgan qo`riqlash xizmati o`ylab topganini aytgandi. Ammo biz qo`riqlash xizmati boshlig`i bilan shaxsan uchrashib, prodyuseringiz yolg`on ko`rsatma berganini aniqladik.

— Konsert ham elga to`y berishdek gap. Xato-kamchiliklar bo`ladi, prodyuserim shoshganidan o`ylamay gapirib yuborgan. Uning uchun ham jurnalistlardan men uzr so`rayman.

— Qolaversa, siz sahnaga chiqayotib chekkaningiz va  shu sabab ma`muriy javobgarlikka tortilganingizni ham eshitdik.  

— To`g`risini aytsam, rostdan ham chekaman. O`sha kuni kiyinish xonasida chekkanim ham rost. Endi boshlagandim hamki, o`t o`chirish va qo`riqlash xizmati xodimlari etib kelishdi va menga jarima solishdi. Aslida kiyinish xonasida chekish mumkin emas deb yozib qo`yilmagan edi.

— Grimxona oynalarini nega sindirdingiz?

  • Men nashrga ruxsat bermagan kitob chiqqani va sotilganidan xabar topganimdan so`ng  prodyuserlarimga jahl qildim, buni tan olaman. Lekin oynani men sindirmadim...
  • Buyog`i qiziq bo`ldi-ku! Prodyuseringiz ham, san`at saroyi rahbariyati ham bu sizning ishingiz ekanini ta`qidlashdi.
  • Bu prodyuserlarimning ishi. O`sha kitob masalasida men ularga qattiq gapirdim va prodyuserim jahl ustida eshikni tepib ochgandi, oynasi chil-chil bo`ldi.
  • Demak prodyuseringiz bilan janjallashganingizda eshik singan, shundaymi?
  • Shunday. Bu ishimiz uchun ham san`at saroyi bizni jarimaga tortdi.

— Bo`lib o`tgan voqealardan qanday xulosa chiqardingiz? 

—  Yuzaga kelgan anglashilmovchiliklardan, jurnalistlarning konsertga kiritilmaganligidan  ochig`i, o`zim ham xijolatdaman. Ish  bor joyda kamchilik bo`larkan.  Shu bois fursatdan foydalanib barcha matbuot xodimlaridan uzr so`rayman! Bu hol qayta takrorlanmasligiga keyingi konsert dasturlarimda tashkiliy ishlarga ham jiddiyroq e`tibor berishga so`z beraman.

   Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi

 

 

 

 

 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar