1

Dilda qolmagan gap

Mutolaa 21.12.2015, 10:41
Dilda qolmagan gap

Har bir insonning turli sabab bilan yurakda saqlayotganlari bo`ladi. Uni kimgadir aytgisi keladi, ammo yorila olmaydi. Lekin bu dardni to`kish ishtiyoqi ham bor. Ushbu yangi ruknimiz aynan ana shunday, dilida asrab kelayotgan, hech kim bilan bo`lisha olmayotgan kechinmalarini bayon qilishni istovchilar uchun...

— Keling, sizam birpas o`tiring, — do`kondan qaytayotganimda qo`shni ayollar o`z qatoriga meni ham qo`shishni istashdi. 

— Nevaram yig`lab qoladi, — dedim ro`yxushlik bermay.

— Har doim shu. O`sha nevaralaringiz ertaga siz uchun o`z istaklaridan voz kechadimi, yo`qmi? Siz namuncha o`zingizni fido qilmasangiz, — kerildi qo`shni pod`ezdda turadigan Norxol satang.

Norxolni bunday deyishimizga sabab qishin-yozin qoshidan o`sma arimaydi. “Satang” deb o`ziga ham aytamiz.

— O`n daqiqa o`tiring. Zo`r gaplar bor. Borasiz-da! Keliningiz bor-ku, — dedi uning yonida o`tirgan Sarvi mish-mish.

Sarvi mish-mishning gap xaltasida shunaqa yangiliklar bo`ladiki: xitoylarning ayollarni tug`mas qiluvchi dorini kiyim tugmasiga joylayotgani, yaponlarning to`rtburchak tarvuzi, Alla Pugachyova va Galkinning boshqa ayol tug`ib bergan bolasi deysizmi, hamma-hammasi shunda!

— O`tirsangiz-chi — dedi Shahodat muloyim ham ohistagina.

Noiloj ularning yoniga cho`kdim. Kelinim yaqinda chaqaloq qilgani uchun ro`zg`or o`zimning bo`ynimda. Shuning uchun qo`shnilar bilan suhbatlashmaganimga ham bir oycha bo`lgandi.

— Chaqaloq katta bo`lyaptimi? — qosh kerdi Norxol.

— Shukr, — dedim tikanning ustiga o`tirgandek omonat cho`kib.

— Naima opa, uydan chiqmay qo`ydingiz. Bir gaplar bo`ldi, bir gaplar bo`ldi, — Mish-mish gap boshladi. — Shu desangiz, xitoylar o`rikdek keladigan karam etishtiribdi. O`zim ko`rdim. Uni qanaqa qilib pishirishar ekan-a? Do`lma qilib bo`lmasa undan.

— Karamdan boshqa yangilik yo`qmi? — norozi qaradi Norxol.

— Bor, — gapini ulab ketdi Sarvi. — Sovuq oqim kelyapti, deyishyapti. Bu mish-mish lekin. Aniq ma`lumotni aytsam, benzinning narxi oshdi-i-i!

— Bir bog`dan, bir tog`dan kelasiz-a, qo`shni, — Shahodatxon suzilib qo`ydi.

— Yana bitta gap bo-o-o-r, aytsammi, yo`qmi deb turibman. Saydulla choyxonachining kelinini ko`rdilaringmi?

— Hozir benzin deb turganding, birdan choyxonachining keliniga o`tib ketdingmi? — jerkib berdi Norxol.

— Esimga tushib ketdi-da! Kecha bir yosh yigit bilan mashina ichida rosa o`tirdi. O`zim ko`rdim.

— Ukasidir? — dedim yangi g`iybatning oldini olish uchun.

— Ukasi bilan unaqa gaplashmaydi, — gapimni cho`rt kesdi Norxol. — Men anchadan buyon kuzatyapman. Eri chetga ishlashga ketgan. Chol-kampir keksa. Bu kishim esa...

— Yomon xayolga bormanglar. Ertaga haqiqatni bilganda yuzlaring qizarmasin! — dedimu o`rnimdan turdim.

Afsuski, u haqdagi xunuk gapni o`g`lim ham aytib keldi. So`ng o`zim ham bir gal ko`rib qoldim. Bu gap kelinning eri, qaynona-qaynotasi qulog`iga etib borsa nima bo`ladi? O`zi shunaqa, yomon gaplarni oila a`zolari eng oxiri bo`lib eshitishadi. Nima bo`lganda ham gapni etib borguncha daf qilish kerak. Miyamda har kuni shu gap aylana boshladi. Bilaman, Saydulla choyxonachi ham, kampiri ham juda yaxshi insonlar. Kelini ham shu paytgacha hammaning havasini keltirib yurardi. Birdan bunaqa gap...

O`ylay-o`ylay kelin bilan gaplashishga ahd qildim. Odatda biz yomon voqealarning oldini olishdan ko`ra, tomoshabini bo`lishni afzal bilamiz. Lekin bu gal bunday bo`lmaydi. Axir bu gapdan keyin ikkita go`dak etim qolishi, chol-kampir ado bo`lishi mumkin. Shu xayolda jilmaygancha ishdan qaytayotgan kelinning yo`liga chiqdim.

— Kelin sizda ishim bor edi, — dedim so`rashib bo`lgach. — Uyga kiraylik.

Hayriyatki, u indamay menga ergashdi. Uyga kirgach, kelinimga bizni yolg`iz qoldirishini aytib, uning ro`parasiga o`tirdim. Gapni nimadan boshlashni bilmasdim.

“Bo`lar ish bo`ldi, uyga kiritib bo`ldim, endi dadil bo`lishim kerak!” ichimda shunday deb kelinning ko`zlariga tikildim.

— Siz kelin bo`lib tushganingizda butun mahalla havasdan ko`z uzolmay qolgandi, — dedim gapni uzoqdan boshlab. — Keyinchalik ham ro`zg`or tutishingiz, muomalangiz bilan hammaga ibrat bo`ldingiz. Eringiz uzoqda bo`lsa-da, chol-kampirning ko`ngliga qarab o`tirganingizning o`zi ham katta gap. Bu ishingiz bilan ham barchaning hurmatini qozondingiz.

— Rahmat, — dedi kelin qizarib.

— Bu obro`, hurmatning hammasini bir kunda topganingiz yo`q, to`g`rimi? Kelin bo`lganingizga qancha bo`ldi?

— Sakkiz yil.

— Ha-a-a, demak, sakkiz yilda topilgan obro`-e`tibor bu. Ilohim bu sakson yillargacha davom etsin. Lekin shu kunlarda chiqqan gap... — bu yog`iga o`ta olmadim. Jim qoldim.

Negadir kelin ham sukutda. Boshqa odam bo`lsa xovliqib “Qanaqa gap?”, “Nima gap?” demasmidi? Qanday gap boshlay? Balki, biz noto`g`ri xayolga borib yurgandirmiz?!

Shu gaplar tilimga ko`chdi:

— Balki, biz noto`g`ri xayolga borib yurgandirmiz?! U yigit ukangizdir, jiyaningizdir? Agar shunday bo`lsa, uni uyingizga olib borib, qaynona-qaynotangizning yonida gaplashing. Shunda o`zingiz haqingizda yomon gaplar “tug`ilishi”ga sababchi bo`lmaysiz.

Ayol boshini egganicha, erga kirgudek bo`lib o`tirardi. Bundan o`zim ham o`ng`aysizlandim.

— To`g`ri, aralashishga haqqim yo`q. Lekin guldek bolalaringiz, chiroyli oilangiz bor. Balki yoshlik qilayotgandirsiz, deb aytishga jazm qildim. Agar turmush o`rtog`ingiz shu erda bo`lganida bu ishingizga hech kim e`tibor qilmasdi. Bilsangiz, eri yo`q yoki uzoqda bo`lgan ayollarning qadamidan odamlar nigoh uzmaydi. Esingiz borida etagingizni yoping. U yigit biror yaqiningizdir?! Shunday bo`lsa ham eringiz qaytgunicha undan o`zingizni torting. Eringizning qulog`iga etsami...

Shu payt ayolning yig`layotganini sezdim. Sukut saqladim. Bir pasdan keyin u tilga kirdi:

— Rahmat sizga. U hamkasbim. Mendan bir yosh katta. Yigirma ettiga kirayotgan bo`lsa-da, uylanmagan. Avvaliga sms yozdi. Keyin telefon qiladigan bo`ldi. Bir-ikki marta “yo`limiz bir ekan, tashlab qo`yay”, dedi. Shuni ko`rgan bo`lsangiz kerak. Erimga xiyonat qilganim yo`q. Chin so`zim. Faqat u yigitga qattiq gapirolmadim. Aslida bunga ko`ngilchanligim sabab. Endi nima bo`ladi? Oilam buzilib ketadimi? Buni istamayman!

Uning yoshli ko`zlariga qarab, gunohkor emasligini sezdim. Shunday bo`lsa-da, koyidim:

— Nega ko`ngilchanlik qildingiz? U siz uchun begona! Eringiz eshitsa, “xiyonat qilmadim” degan gapingizga quloq ham solib o`tirmaydi. Shartta ajrashadi-yu, boshqaga uylanadi. Eringiz hali o`ttizga kirmadi. Yigirma yosh qizlar tegadi. Siz-chi? Ikki bolangiz bilan qaerga sig`asiz? Xo`p, ota-onangiznikiga sig`dingiz ham deylik, lekin sizning bunaqa nom bilan ajrashganingizni eshitgan erkaklar tinch qo`yadimi? Nomingiz bir zumda yomonga chiqadi. Keyin nima bo`ladi? O`g`lingizning boshi egiladi, qizingizni so`rab kelguvchilar bo`lmaydi!

Ayol yig`iga zo`r berdi. So`ng iltijoli ko`zlarini menga tikdi:

— Xola, endi nima bo`ladi? Nahot, hamma meni yomon deb o`ylayapti?

— Hozircha shunday deyishyapti. Lekin nomingizni oqlash uchun hali kech emas!

— Endi u bilan umuman gaplashmayman! Lekin odamlar uylagilarga aytsa-chi? Erim eshitsa-chi?

— Bularni o`sha yigit bilan mashinada birga o`tirishdan avvalroq o`ylashingiz kerak edi! — dedim atay bag`ritoshlik qilib.

— Nega bunaqa qilganimni o`zim ham bilmayman! Endi nima qilaman?

— Gap bunday. Siz yigitga bor gapni ayting. Seni deb oilam buzilishi, farzandlarim etim bo`lishi mumkin deng. Nomimni yomonga chiqarding, endi oqlab berish ham sendan, deng. So`ng ertaga siz ishdan kelar vaqtga men qo`shni ayollar bilan ko`cha chetidagi o`rindiqda o`tiraman. Siz yigitning mashinasidan tushmay, bizning yonimizgacha kelasiz. Keyin mashinadan tushib, menga “Mana, xola, har kuni yalina-yalina bugun zo`rg`a ko`ndirdim. So`ragan yigitingiz shu!” deng-u, yigitni menga topshirib, uyingizga keting. Go`yoki, u yigit mening bo`lajak kuyovim. Ya`ni, singlimdan qolgan yakkayu-yagona jiyanimga uylanmoqchi. Men esa u bilan gaplashib olmoqchiman. Tushundingizmi? Buni uchalamizdan boshqa hech kim bilmaydi.

Kelin bosh chayqadi. Shu bilan xayrlashdik. Ertasiga hammasi men aytgandek bo`ldi. Yigitni uyga olib kirgach, xo`p gapirdim. Ya`ni qaytib boshida eri bor ayollarga o`ralashmaydigan qildim.

Bir kun o`tib esa qo`shnilar odatdagidek qo`yarda-qo`ymay yonlariga chorlashdi.

— Pismiqsiz-ey, opa, — dedi o`pka qilib Sarvi mish-mish. — Bir og`iz aytib qo`ysangiz bo`lardi-ku! Sal qoldi, oyday kelinning yuziga qora chaplashimizga! Hammasini siz qilib yurgan ekansiz-ku!

— Senga dars bo`lsin, deb sir boy bermadim. Endi nog`orangni eldan avval chalmay turasan. Og`zingga ehtiyot bo`lasan, — dedim unga ham pand berib.

Shu-shu bu voqeani yuragimda saqlayman. Nazarimda, bunday gaplarning ichda qolib turgani ma`qul. Ammo men buni boshqalarga ibrat bo`lsin, deb aytdim. Shukrki, hozir kelinning eri qaytgan, oilasi farovon.

Nargiza USANBOEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1