Andijon shahridagi «Yangi hayot» mahallasida istiqomat qiluvchi Shukurjon va Nasibaxon Qodirohunovlar xonadonida 11-farzand dunyoga keldi. 7 sentyabr kuni Andijon viloyati perinatal markazida tug`ilgan qiz farzandning ham, onaning ham ahvoli yaxshi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.
«Dunyodagi eng baxtli onaman»
«O`zim ham serfarzand oilada tug`ilib, o`sganman. Etti qiz va bir o`g`ilning beshinchisiman. 21 yoshimda turmushga chiqqanman. O`sha paytda juda kech oila qurdim, degan fikrda yurardim. Negaki, sinfdosh qizlarning deyarli barchasi oilali bo`lgan edi-da. 22 yoshga to`lganimda ilk farzandim tug`ildi. Unga Shukrona ismini qo`ydik. To`ng`ichim hozir 18 yoshda. Shundan so`ng Yaratgan bir etak – 8 qiz, 3 o`g`il ato etdi.

Xo`jaynimning ismi Shukrullo bo`lganligi bois farzandlarimiz ismini ham o`z ismi bosh harfiga atay mos keltirib qo`ygan. Shukrona, Shunqorbek, Shohidbek, Shukufa, Shukura, Shoniso, Shahina, Shavqiya, Shayhullo va Shamsinurning safi yana bir nafarga kengayganidan behad xursandmiz. 3,9 kilogramm vaznda tug`ilgan sakkizinchi qizimizga Shodiyona ismini qo`yish niyatidamiz.
Ko`pchilik o`n bir nafar farzandning onasi ekanligimga ishonmaydi. Hozir ham men bilan bir palatada yotgan onalarning ishongisi kelmayapti. Balki yosh ko`ringanim uchun ayrimlarda shubha uyg`onsa kerak, deb o`ylayman.
Ba`zi odamlar nechanchi ro`zg`oringiz bilan yashaysiz, buncha o`g`il-qiz orasida boqib olganlaringiz ham bormi, egizaklar-chi, deya turli savollarni berishadi. Yaratganga shukr, barcha bolalarimning otasi bir inson. Ular ichida hech birini qaramog`imizga olmaganmiz, hammasi o`zimizning farzandimiz Dunyodagi eng baxtli ona ekanligimdan sevinaman!», dedi u.
«Hokimiyat qachon avtomobil berarkan?»
Suhbat jarayonida Qodirohunova 2019 yili tug`ilgan qizi va uning atrofida tarqalgan avtomashinaga oid gap-so`zlarga ham to`xtalib o`tdi.
«O`tgan yili 10-farzandimni dunyoga keltirganim to`g`risidagi xushxabar internet saytlari va telekanallarda chiqqach oilamizga davlat tomonidan mashina berilgani haqida gap-so`zlar tarqaldi. Ko`cha-ko`yda mashina qulluq bo`lsin, deya tabrik bildirganlar ham ko`p bo`ldi. Ammo bizga bunday sovg`a hadya qilinmagandi.
O`shanda Andijon shahar hokimligidan Ominaxon ismli ayol bir qancha vrachlar va kamera ko`targan operator bilan kelib, hokim oilaviy sharoiti hamda chaqaloq va onaning holatini o`rganib kelinglar. 3-4 kundan so`ng alohida xabar olamiz, deb bizni yubordi, deya s`yomka qilib ketishgan. Shundan keyin qaytib qorasini ko`rsatishmadi. Qo`ni-qo`shnilar anchagacha hokimiyat qachon avtomobil berarkan, degan savol bilan yuzlanishdi», — dedi serfarzand ona.
«Biror tashkilotdan yordam so`ramaganmiz»
Nasibaxon Qodirohunovaning ta`kidlashicha, karantin davrida ularga MFY va hokimlik tomonidan bir necha marta yordam ko`rsatilgan.
«Biz hamisha Xudoga shukr qilib yashaymiz. Men umr yo`ldoshimga ishonib tug`yapman va ular doim bekam-u ko`st sharoit yaratib beradi. Hech qachon biror tashkilotga oilaviy ahvolimizni yaxshilashga yordam berishini so`rab, murojaat qilmaganmiz. Ularning o`zlari ham hol so`rab kelishmagan. Balki biz haqimizda eshitishmagandir. Yana kim bilsin, deysiz? Shuncha farzandni qiyinchilik bilan bo`lsa ham, o`zimiz parvarishlayapmiz.

Shukrullo va Nasibaxonlarning 10 nafar farzandi.
Karantin vaqtida MFY va hokimlik tomonidan yordam sifatida bir marta naqd pul ko`rinishida hamda ikki marta oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Farzandlarimdan eng kenjasiga 480 ming so`m miqdorda 2 yoshgacha nafaqa puli olamiz, xolos. Mahalla raisiga hech yo`q katta farzandlarimning birini 16 yoshgacha nafaqa puliga o`tkazib qo`ysangiz, bir million so`mga yaqin davlatdan moddiy yordam olardik, deya har yili aytaman. Ammo u kishi iloji yo`qligini ta`kidlaydi.
Bag`rimiz keng ekanligi va aziz ne`mat bo`lgan o`g`il-qizlarni yaxshi ko`rganimiz uchun yaratgan bizga farzand beryapti, nazarimda. Oramizda tug`ishni to`xtasa bo`lardi, buncha farzandni katta qilib, o`zini qiynamasa yaxshi edi, deya fikr bildiruvchilar ham ko`p, albatta. Bu kabi e`tirozlarni aytadigan insonlar, uzoq yillardan beri farzand ko`rish orzusida yurganlarga ham biz kabi serfarzand bo`lish nasib qilishini tilayman. Yurtimizdagi har bir oilada sog`lom o`g`il-qizlar o`yin-kulgisi hamisha yangrasin, ilohim», — dedi Qodirohunova.
«Hamisha yosh ko`rinadi»
Andijon viloyati perinatal markazi oliy toifali akusher-ginekologi Umida Najmiddinovaning aytishicha, Nasibaxon Qodirohunova hech qachon biror bolasini kesarcha kesish yo`li bilan tug`magan.
«Nasibaxonning besh nafar farzandini tug`dirish jarayonida qatnashganman. Barcha hamkasblar uni yaxshi taniymiz. Har gal tug`ruq jarayonida qiynalmay, tabiiy yo`l bilan dunyoga keltiradi. Bu safar ham o`z kuchi bilan tug`di. Hech qachon kesarcha kesish holati kuzatilmagan. U shifokorlarga ham tez-tez murojaat qilmaydi, juda ham sog`lom ayol. Turmush o`rtog`i yaxshi parvarish qilgani bois 11 farzandning onasiga sira o`xshamaydi. Hozir ona-bolaning holati yaxshi. Nasibaxonga ko`plab yosh onalar havas qiladi», — dedi shifokor.






