Kun.uz saytida «Mashhur xonanda voyaga etmagan qizning nomusiga tekkani aytilmoqda. IIB jinoiy ish ochishni rad etdi» nomli maqola e`lon qilingandi.
Bosh prokuraturaning Kun.uz'ga ma`lum qilishicha, ish yuzasidan Kattaqo`rg`on tumani IIB huzuridagi tergov bo`limining jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish haqidagi qarori Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o`rganib chiqilgan.
Aniqlanishicha, shu yil 17 iyunda Urgut tumanida yashovchi fuqaro R.F. Kattaqo`rg`on tumani IIB boshlig`iga ariza bilan murojaat qilib, o`z arizasida 13 iyun kuni voyaga etmagan qizi M.Sh.ni dugonasi S.D. Kattaqo`rg`on tumaniga olib kelib, uni qo`shiqchi J.U. va uning bir o`rtog`i bilan tanishtirganini, J.U. va uning o`rtog`i ularni bir uyga olib borganini va shu kuni J.U. uni zo`rlab nomusiga tekkanini, shu sababli J.U.ga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizaning 26 iyundagi xulosasida fuqaro Sh.M.ning tanasida, ya`ni ko`z yuqori qovoqlar, ikkala boldir, o`ng bilak sohalarida qontalashlar kabi jarohatlar aniqlanib, ushbu jarohatlar sud-tibbiy tekshiruviga qadarli bir kundan ko`p, ikki kundan kam bo`lgan vaqt oralig`ida etkazilgan bo`lishi mumkinligi ko`rsatilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Kattaqo`rg`on tuman IIB huzuridagi TB tergovchisi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o`tkazilib, natijasiga ko`ra, 10 iyul kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
To`plangan hujjatlar Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o`rganib chiqilganda, bir qator tergovga qadar tekshiruv harakatlari to`liq bajarilmaganligi, JPKning 22-moddasida talablarga rioya etilmaganligi, ish bo`yicha isbotlanishi lozim bo`lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan tekshirib ko`rilmasdan shoshma-shosharlik bilan qabul qilinganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko`ra, Kattaqo`rg`on tuman IIB huzuridagi TBning jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish to`g`risida 10 iyul kuni qabul qilgan qarori Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 10 sentyabr kuni bekor qilinib, qo`shimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun Kattaqo`rg`on tuman IIB TBga yuborilgan, deyiladi ma`lumotda.






