AsosiyJamiyat

Toshkentda IIB xodimi sotuvchining sharlarini uchirib yubordi. Poytaxt IIBB holatga izoh berdi (video)

'Toshkentda IIB xodimi sotuvchining sharlarini uchirib yubordi. Poytaxt IIBB holatga izoh berdi (video)'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda IIB xodimi ko`chada rangli sharlar sotayotgan fuqaroning sharlarini majburan uchirib yuborgani aks etgan video tarqaldi.

 Toshkent shahar IIBB ushbu holatga aniqlik kiritdi.

“Xavfsizlik me`yorlarini buzgan holda gaz bilan to`ldirilgan havo sharlarining portlashi oqibatida yosh bola og`ir jarohatlar bilan shifoxonaga etkazildi” – agarda ishlatilishi og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo`lgan mahsulotlarning savdosi IIO xodimlari tomonidan to`xtatilmaganida, yuqoridagi kabi xabarlarni internet tarmog`ida tez-tez uchratib turgan bo`lardingiz.

Internet tarmog`ida ichki ishlar organlari xodimlari ko`chadagi savdogarlardan havo sharlarini tortib olishayotgani tushirilgan video tarqaldi. Video ostida mualliflar IIBB xodimlarini savdogarlarning pul ishlash niyatini tushunmaslikda ayblab, o`zlari mazkur sohada keng tarqalgan qoidabuzarliklarni, xavf va oqibatlarini tushunmasliklarini namoyish etdilar. 

Mazkur video Shayxontohur tumanida olingan. Toshkent shahar IIBB xodimlari savdogarlardan havo sharlarini olib, ularni uchirib yuborishlarining sababi – mazkur sharlar yonuvchi gaz bilan to`ldirilganidadir. Agarda bu kabi shar xonada yoki boshqa yopiq maydonda portlab ketsa, uning yaqinidagi odamlarga jiddiy kuyish va boshqa jarohatlar etishi mumkin.    

Jahon amaliyotida havo sharlarini geliy bilan to`ldirish tavsiya etiladi – bu inert, zaharli bo`lmagan, yonmaydigan va nisbatan xavfsiz gaz turi hisoblanadi. Ammo u arzon emas, shu sababli bir qator sotuvchilar tejash maqsadida sharlarni metan yoki vodorod bilan to`ldirib, sharlarni ma`lum vaqtga kelib portlaydigan bombaga aylantirishadi. Portlashga sabab bo`luvchi omillar ko`p – tort ustida yonib turgan sham, sigaret, maishiy texnikadan chiqishi mumkin bo`lgan uchqun... Shu vaqtda shar oldida qancha ko`p odam va sharlar bo`lsa – oqibati ham shunchalik ayanchli bo`lishi mumkin.

Ilgari biz havo sharlari portlashi oqibatida yuz bergan mudhish hodisalar haqida xabar bergan edik. Ular bilan quyidagi havolalar orqali tanishib chiqishingiz mumkin:

https://iibb.uz/uz/news/enuvchan-gaz-bilan-tldirilgan-avo-sharlari-bjicha-shimcha-malumot,

https://iibb.uz/uz/news/gaz-bilan-tldirilgan-gazlardan-etiet-bling,

https://iibb.uz/uz/news/havfli-sharlar.

Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Sizdan havo shari olishda va undan foydalanishda juda ehtiyot bo`lishingizni so`raymiz. Geliy bilan to`ldirilgan shar xarid qilayotganingizga ishonch hosil qiling, xavfsizlik texnikasi bilan tanishib chiqing (ayniqsa bolalar uchun uyushtirilgan bayramlarda). Unutmang, boshqa “engil” gaz oson yonib, yong`in va jarohatlarga sabab bo`lishi mumkin. Shuningdek eslatib o`tamiz: havo sharlari yaqinida, ayniqsa yopiq joyda bo`lganingizda (shu o`rinda avtomobilda ham) sigaret chekmang", - deyiladi rasmiy munosabatda.

    Boshqa yangiliklar