Jurnalist Maqsud Jonixonov o`zining feysbukdagi sahifasida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Fatxulla Ma`sudov haqidagi xotiralari bilan o`rtoqlashdi.
2010 yil edi, bir yaqinimiz to`y qilsam, albatta Fatxulla Ma`sudovni olib kelasan, derdi meni har ko`rganida. “Xo`p” deb qo`yaqolardim. Ammo to`y payti biror bahona toparman, deb yurardim. Chunki Fatxulla aka bilan tanish emas edim-da.
To`y qilmoqchi bo`lgan kishi kenja o`g`lining ismini Fatxulla deb qo`ygan, san`atkorga ixlosi juda baland ekanligini shundan ham bilish mumkin edi. To`y kuni yaqin, biroq men hali suyukli san`atkorimiz bilan gaplasholganim yo`q. Qishloqda esa gap-so`z bo`lib ketgan, “Toychoq” to`yga kelarkan deb.
To`y arafasida milliy teatrimizga bordim. Fatxulla akaga uchrashib, aka, mana shunday gap deb to`y sohibining muddaosini aytdim. To`y kunini so`radilar. Aytdim. Orada 11 yoki 12 kun bor edi.
— Bunday qilamiz, — dedilar Fatxulla aka. — Men bugun Qozog`istonga o`n kunlik syomkaga ketaman. Falonchi kuni falon soatda Sobir Rahimovdagi Shoh bekatda ko`rishamiz, dedilar.
Rosti, men ishonmadim. Negaki, na xizmat haqini aytdilar, na borib kelish qanaqa bo`ladi, deb so`radilar. Nima bo`lganda ham ishonmasdan ketdim. Yaqinimiz esa har kuni o`n marta telefon qiladi, gaplashdingmi deb. Ha, deyman palag`da qilib. Unda mashina yuboraman, aktyorimizni urintirmay, toliqtirmay opkelasan, deydi. Xo`p, deymanu mashinani falonchi kunga ayting, deb ham aytolmayman. Axir, aktyorga ishonchim yo`q.
Xullas, o`n kun o`tib ketdi. O`n birinchi kuni tong saharda Fatxulla aka bilan kelishilgan joyga, aytilgan soatda bordim. Ne ko`z bilan ko`rayki, aka turibdilar po`rimgina kiyinib. Xursand bo`lib ketdim. To`y sohibiga mashinani yuboring, deb aytmaganimga juda xijolat bo`ldim. Ammo qarab turib bo`lmaydi, bir ulovni gaplashib, Fatxulla aka turgan joyga kelsam, aka yo`q. Bir payt meni chaqirib qoldilar. Qarasam, bir mundayroq Neksiyaning orqasiga o`tirvolib meni chaqiryaptilar.
Yuring, alohida mashinada ketamiz, desam, yo`q deb turib oldilar. Unda hech bo`lmasa, oldingi o`rindiqqa o`ting desam, yo`q sizning gavdangiz katta, orqada qiynalasiz, orqa o`rindiqda ketaveraman dedilar. Shunday qilib, orqada sevimli aktyorimiz va yana ikki begona odam, oldinda esa xuddi xalq artistidek men ketyapman. Hozir o`ylasam, uyatdan xijolat bo`lib ketaman.
To`yxonaga etib bordik. To`y egasi juda qattiq niyat qilgan ekan. Kann festivalidagi gilamlarday poyandoz to`shab, o`zining suyukli aktyorini kutib oldi. Elkasiga to`n yopdi, qadamlariga qo`chqorni bo`g`izladi. Bunday iltifotdan Fatxulla aka xijolat bo`lar, kerak emas, kerak emas, derdi nuqul.
To`yni juda chiroyli qilib ochib berdilar. Ora-orada davraga chiqib she`rlaru monologlar o`qib ko`ngillarni shod etdilar. Navbat qo`shiqchiga berilgach, odamlar qiy-chuv solar, Fatxulla aka gapirsin, qo`shiq har kuni bor, bunday odamlarni qachon ko`ramiz, derdi hamma.
Fatxulla aka esa aksariyat to`ylarda buning aksini ko`rganini aytib, odamlar she`rdan bezor bo`lgan bir paytda bu urgutliklar she`r so`raganini qarang, derdilar kulib.
Qizig`i, aka she`rni boshlagach odamlar gurra-gurra kelib pul qistirar, aktyorimizning kostyum shimidagi cho`ntaklari pulga to`lib ketardi. Fatxulla aka bundan yana xijolat tortgandek qizarib bo`zarardi.
Bir payt aktyor ko`rinmay qoldilar. Qo`shiqchi besh-oltita mashhur ashulani buzib-buzib aytib bo`lgach, yana davraga akani chorladi, ammo u kishi yo`q. Hamma qidirishga tushdi. Bir payt bir bolakay aytdiki, qo`shnining uyida peshin namozini o`qiyapti ekanlar. Qo`shiqchi bu haqda davraga e`lon qilib, hozir kelarkanlar, peshinni o`qiyapti ekanlar, degan edi, qiy chuv bo`lib ketdi. Bu shovqin san`atkorga bo`lgan hurmat, uning e`tiqodiga, axloqiga ehtiromning namunasi edi.
To`y juda zo`r o`tdi. To`y sohibi behad minnatdor bo`ldi. Aktyorni qo`yarda-qo`ymay o`sha kuni olib qoldi uyiga. Ertasiga Urgutning mashhur Yuqori bozoriga olib bordi. Bozorda yuribmiz, sotuvchi zoti borki, aktyorni ko`rib dastxat so`raydi, rasmga tushaylik deydi. Aka qurshovda qolib ketdi. Ammo bundan xursand bo`lar, rahmat-rahmat derdi tinmay. Bir ayol chappaki nondan yigirmatani sanab aktyorga berdi. “Mana buni ballariz bilan eng, mazasi og`zizga qoladi, aylanay sezga” dedi. Buni ko`rib bir otaxon shoshganidan nima qilishni bilmay sotayotgan nosidan yarim kilocha tortib, mana buniyam olib keting, dedi. Men chekmaymanda, degandilar, qo`shnilarga berasiz, urgutniki boshqacha, dedi beg`ubor kulib otaxon.
Ana shunaqa bir olam ehtiromlarga cho`mib, Toshkentga qaytdik. Xayrlashar chog`imiz, menga boyagi nondan to`rttasini bir paketga solib berdilar. Harchand qarshilik qilmayin, olasiz, axir siz bo`lmasangiz men qayoqdayu urgut qayoqda edi, dedilar.
Uyga keldim. Nonni paketdan olib yoyib qo`yay deb, shundoq qarasam, ularning orasidan to`rt yuz dollar chiqdi. Oh, dedim, bu pullarni adashib berib yuborgan deb, shu zahoti uylariga telefon qildim. Xayriyat, o`zlari ko`tardilar go`shakni. Holatni tushuntirdim.
“U sizning haqingiz, ona sutidy halol, atayin nonni orasiga solib yubordim. Mendan esa havotir olmang, urgutdan o`nta to`ydan ham ololmaydigan pul tushdi, ko`rdingizku” dedilar.
Shu voqeadan keyin aka bilan qadrdon bo`lib qoldik. Ko`p suhbatlashardik. Suhbatlasha turib odam degani shunchalar samimiy, shunchalar toza bo`lishi mumkinmi, deb ko`p o`ylardim. Vafotlaridan keyin yanada ma`lum bo`ldiki, u kishi haqida hamma shunday o`ylarkan. Hammani yig`latib ketgan akam, oxiratingiz obod bo`lsin. Chinakam xalq artisti deb sizdeklarni aytishadi. El orasiga kirsangiz, o`z farzandiday qabul qilgan bu xalq sizni unutmaydi. Sizni to`yiga chorlagan muxlisingiz vafotingizni eshitib, uch kun bel bog`labdi, odamlarga xudoyi qilib beribdi. Siz ana shunday bag`ri ummon insonlar qalbida mangu yashaysiz...