Asli o`zbekistonlik Rashid Shadad taxallusi ostida ijod qiluvchi aktyor Abdurashid Shodiev jahon kinoyulduzlari ishtirokidagi “Yulduzlar janggi: Kuchning uyg`onishi” filmida epizodik rol ijro etdi. Bu haqda Uz24.uz” xabar bermoqda.
Blokbasterning Toshkent shahridagi premerasi 17 dekabr kuni bo`lib o`tgan edi.
Aktyor mazkur kartinada Jakku sayyorasi vakili obrazini gavdalantirgan. U filmning boshida namoyon bo`ladi. Shadad 5 oy mobaynida kastinglarga qatnashgani va film rejissyori Jey Jey Abrams bilan ko`rishganini aytib o`tgan. Uning so`zlariga ko`ra, s`yomka jarayonlaridan birida rejissyor undan aktyorlarga koordinatorlik qilishini so`ragan.
Rashid Shadad shuningdek, “Bajarib bo`lmas missiya” va Jeyms Bond haqidagi “Spektr” filmlarida ham kichik epizodlarni gavdalantirganini ta`kidlagan. Bundan tashqari, aktyor 2016- yilda katta ekran yuzini ko`radigan Jeyson Born haqidagi serialda ham suratga tushgan.
Hozirda London shahrida yashab, ijod qilayotgan aktyor “Ilhom” teatr studiyasida faoliyat yuritgan edi.





