1

YuNESKO Bosh direktori Shavkat Mirziyoevning tashabbusini qo`llab-quvvatladi

Siyosat 24.09.2020, 13:57
YuNESKO Bosh direktori Shavkat Mirziyoevning tashabbusini qo`llab-quvvatladi

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasiga murojaati chog`ida 2021 yilda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizasiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forumni o`tkazish tashabbusi YuNESKO doirasida katta qiziqish uyg`otdi

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim ushbu tashabbusni juda iliq kutib oldi va uni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali qo`llab-quvvatladi. Tashkilot rahbari ushbu tadbirning muhimligi va o`z vaqtida o`tkazilishini ta`kidladi. Uning fikricha, “xalqaro forum Markaziy Osiyoning umumiy madaniyatiga sho`ng`ish imkoniyatini yaratadi”. 

“Markaziy Osiyo jahon sivilizasiyalari chorrahasida” mavzuidagi xalqaro forumni o`tkazishga qiziqish yuqoriligini quyidagi jihatlarda ko`rish mumkin. 
Avvalo, bu forum YuNESKO mandatiga kiruvchi asosiy yo`nalishlar – ilm-fan va madaniyatni targ`ib qilishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari o`z nutqida ta`kidlaganidek, mintaqamizning ko`hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. 

Ikkinchidan, tashabbus YuNESKO faoliyatiga to`la mos tushadi. Tashkilot bir necha o`n yillar davomida Markaziyo Osiyo madaniyati va tarixi haqida ulkan tadqiqotlar olib bormoqda. YuNESKOning “Buyuk ipak yo`li” maxsus onlayn platformasida mintaqamizga tegishli ko`plab madaniy va ilmiy artefaktlarning nusxalari to`plangan. Bugungi kunda “Ipak yo`li” dasturi doirasida izlanishlar va tadqiqotlar davom etmoqda. YuNESKO 6 tomdan iborat “Markaziy Osiyo sivilizasiyalari tarixi” nomli kitoblar to`plamini ham nashr qilgan.

Prezidentimizning ushbu tashabbusiga qiziqish yuqoriligi YuNESKO bilan tobora mustahkamlanib borayotgan ikki tomonlama aloqalarimiz mahsuli, desak to`g`ri bo`ladi. Prezidentimizning YuNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan 2018-2019 yillarda Parij va Samarqandda bo`lib o`tgan uchrashuvlari natijasida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. YuNESKO rahbariyati O`zbekiston hukumatining o`zaro aloqalarni kengaytirishga intilishlarini doim yuqori baholab keladi. 

Qolaversa, YuNESKO O`zbekiston bilan hamkorlikda yirik xalqaro madaniy-marifiy va ilmiy tadbirlarni yuqori saviyada o`tkazish bo`yicha katta tajribaga ega. Mamlakatimizda so`nggi yillarda o`tkazilgan “Sharq taronalari”, Baxshichilik va Maqom festivallari ushbu tashkilot shafeligida o`tkazildi. Bundan tashqari, o`tgan yili Samarqandda YuNESKO ishtirokida “Moddiy va nomoddiy merosni saqlash: dolzarb muammolar va ularni echish strategiyasi” mavzuida xalqaro anjuman tashkil etildi. 

O`zbekistonning YuNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi Prezidentimizning ushbu tashabbusini amalga oshirishga kirishdi. Forumni o`tkazishning tashkiliy va boshqa masalalari bo`yicha YuNESKO vakillari bilan muzokaralar boshlandi. 
Ishonchim komil, O`zbekiston hukumati va YuNESKOning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan ushbu tadbir eng yuqori saviyada o`tkaziladi va nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun xalqaro hamjamiyat yodida yorqin va uzoq muddat qoladi.

Umid ShODIEV, O`zbekiston Respublikasining YuNESKOdagi doimiy vakili

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1