“Kelining yomon bo`lsa, o`g`lingdan...”

Mutolaa 28.12.2015, 12:48
 “Kelining yomon bo`lsa, o`g`lingdan...”

Ushbu maktubni o`qib iztirobga tushdik. Nomani yozgan onaxonga achindik. “Qars ikki qo`ldan”, deyishadi. “Balki, onaxonning ham aybi bordir?” degan xayolga ham bordik. Ammo nima bo`lganida ham ota-ona oldida biz farzandlarining qarzimiz uzilmasdir. O`ylaymizki, bu noma barcha o`quvchini sergak torttiradi...

Albatta, bu dunyo biri kam. Bunga ushbu sahifani har doim kuzatib, amin bo`lyapman. Ana shunday dili kemtik bo`lganlardan, yuragi dardga to`lganlardan biri o`zimman. Men ham qalbimda saqlab yurganlarimni siz bilan bo`lishib, engil tortmoqchiman...

Bilasizki, har bir ota-ona farzandining kamol topishini, yaxshi inson bilan oila qurib, baxtli-saodatli yashashini istaydi. Mening ham orzum shu edi. Ammo o`g`limni uylantirayotganda “Yashaydigan u bo`lsa, nima qilaman ko`rib?” debman.

Aslida ota-ona farzandi taqdiriga aslo befarq bo`lmasligi lozim ekan. Bir kun kelib bu beparvoligingiz o`zingizga balo bo`larkan.

Afsuski, men o`shanda e`tiborsiz bo`ldim. O`g`limga ishondim. Shuning uchun kelinimni ilk bor to`y kuni ko`rdim. Ichim uzildi: kelinimning  o`ng oyog`i kalta, nuqsonli, tug`ma skolioz kasalligi bilan tug`ilgan ekan.

O`g`lim esa harbiy. Bilasizki, harbiylikka etti muchasi sog`, alpqomat, pahlavon yigitlarni olishadi. Maqtanish emas, o`g`lim o`ktam yigit. Kelinim esa qizlik davridan og`ir mehnatdan va jismoniy tarbiya fanidan ozod etilgan ekan. Shahodatnomasida ham shu fandan baho qo`yilmagan.

U turmushga chiqayotganda o`z xastagini o`g`limdan yashirgan.

Nima ham derdik? Taqdir deymiz-da! Peshanasiga shu bitilgan ekan, dedik, baxt tiladik. Shukrki,  ikki farzandli bo`lishdi.

Ammo to`ng`ichini tuqqanidan so`ng kelinimning mushak-bo`g`inlari o`ng tomonga qiyshayib, lapanglab, yuradigan bo`lib qoldi.

Ikkinchi farzandiga homiladorlik paytida tos suyagi bolaning boshini qisib qo`yib, natijada nevaram nosog`lom tug`ildi.

Hozir shu nevaram tutqanoq dardiga giriftor bo`lib, ko`karib, behush bo`lib og`zidan safro keladi. Keyin tez-tez tili ichiga tushib ketib, o`zini bilmay qoladi.

— Boshqa tug`mang endi. Nima qilasiz, o`zingizni ham bolani ham qiynab, —  deyishga majbur bo`ldim  kelinimga.

Rosti, nevaramga qarab ezilaman-da. Axir sog`lom onadan sog`lom bola tug`iladi. Shunday emasmi? Balki shu gaplarim kelinimni menga dushman qilgandir?

O`g`lim va kelinim ikki yilgina biz bilan birga turishdi. To`qqiz yildan buyon harbiy shaharchada, “dom”da yashadi. Kelinim o`ziga xon, o`ziga bek bo`lib xohlagancha turmush kechiradi. Biznikiga bir haftada yoki ikki haftada kelishar edi. Tabiiyki, hovli uyda domga qaraganda ish ko`p bo`ladi. Kelinim esa engil hayotni orzu qiladi. Shu bois bir-birimizni tushunmay qolamiz.  Bir kuni ikkimiz aytishib qoldik.

Sal o`tmay o`g`lim ishdan keldi. Kelinim unga nima deganini bilmayman. Kutilmaganda o`g`lim vajohat bilan baqirdi:

— Bu uyda tinchlik bormi, o`zi?

Bu ham etmagandek, choynak va tuvakni otib yubordi. Chil-chil sindi ular. Kelin bu ahvolni ko`rdi. Ammo vaziyatni eriga tushuntirmadi.

Hatto o`g`lim meni, otasini bo`lmag`ur so`zlar bilan haqorat qilganida ham miq etmadi. Agar u aqlli, mulohazali kelin bo`lganida eriga “Nega ota-onangizga baqirasiz?” demasmidi?!

Aksincha, shundan so`ng kelinim men bilan tez-tez urishadigan odat chiqardi. Urishganda ham behurmat qilib, senlab muomala qilardi. Og`zidan bodi kirib, shodi chiqadi.

Chidolmadim.

— Boringlar, “dom”da yashayveringlar! Bizni bo`ri emaydi! — deya ko`ch-ko`ronini yuklab berdim.

Mana shunga ham to`rt yil bo`layapti. Afsus, bu ham ularni o`zgartirmadi.

“Kelining yomon bo`lsa o`g`lingdan ko`r”, deyishgani bejizga emaskan. Bunday deyishimga sabab...

Nafaqadagi o`qituvchiman. Turmush o`rtog`im qirq yil haydovchilik qilgan. Ammo hozir insult, to`shakka mixlanib qolgan. Topganimizni bolalarimizga dedik, ularni o`qitdik. Ikki qizimni turmushga ham berdik. Ikkimiz ham farzandlarimizning barchasiga o`ta mehrli bo`lganmiz. Aytganini, muhayyo qildik...

Balki shuning uchun hamma istaklari so`zsiz bajarilgani uchun o`g`lim bemehr bo`lgandir? U butkul, tanib bo`lmas darajada o`zgargan.

Bir kuni shamollab qoldim.

— O`g`lim kelgunga qadar qaynotangizga qarab turing, — deya iltimos qildim. O`zimning holim yo`q edi.

— Qaysi kelin qaynona-qaynotasiga qarayaptiki, men qaramayman?! — dedi u baqirib. — O`sha uyda chirib, o`liklaring qolsin!

Ana shu gaplarni aytsam, o`g`lim menga jahl qildi. Kelinim esa uning oldida turib shang`illadi:

— Hayvon, hozir bo`g`ib o`ldirib qo`yaman!

U shunday deb o`dag`aylab men tomon keldi. Qotib qoldim.

Men kelinimdan emas, kunu tun o`g`limdan xafa bo`lib yig`ladim.

Axir ota-ona omonat. Bunday bemehr o`g`ildan qalbim g`am-g`ussaga to`ldi. Unga ayolining hurmacha qiliqlarini aytsam, unga lom-mim demaydi. Shundanmi, kelin boshimga chiqib oldi.

Eng yomoni ikkisi ham meni va turmush o`rtog`imni nazar-pisand qilishmaydi. Oxiri yig`lab dedim:

— Ota-onaga qanday karomat ko`rsatsang, ertaga o`zlaringga qaytib keladi! Bu dunyo — hisobli dunyo! Qaytar dunyo!

Koshki bu gaplarim ularga kor qilsa...

O`g`lim ota-onasi qarib, ko`zidan nur, belidan kuch-quvvat ketganida madad bo`lish o`rniga bu tarzda xo`rlasa, qanday chiday?

Ba`zan jahl ustida o`g`limning ustidan shikoyat qilib, ishxonasiga borsammi, deyman. Yana bolam-da, uni o`ylayman. Axir ishdan haydab yuborishadi-ku, deyman. Tag`in qo`rqaman ham. Pichoq suyakka etganda o`ziga “Ustingdan ishxonangga shikoyat qilaman” degandim. O`shanda o`g`lim o`zimga dag`dag`a qilgandi:

— Agar ustimdan arz qilib borsangiz, o`zimni o`zim o`ldiraman!

Bu gapdan keyin qaysi ona qattiq gapirishga jur`at etadi?

O`g`limga hatto mashina ham  olib berganmiz. Mashina ham birovlarga xizmat qiladi, bizga emas...

Nima qilishni bilolmay boshim qotib qoldi. Tunlarni uyqusiz o`tkazmoqdaman. Hozir uyga kelin kelmaydi-yu, o`g`lim kelib turadi. Har bir gaplari ko`nglimga nashtarday sanchiladi. Dil yarasining bitishi qiyin bo`larkan.

Bu gaplarni “qo`shniga aytsang qo`shadi, ovulga aytsang oshadi”. Shuning uchun yuragimda saqlab yuribman. Sizlarga esa barcha farzand o`qisin va ularga saboq bo`lsin deb yozdim.

Bolalarim, ota-onangiz g`animat. Ular bir umr boshingizda nasihat qilib yo tashvish bo`lib turmaydi. Kun keladi izlarini ham topa olmaysiz. Borida duosini olib, rozi qiling degim keladi. Axir, ota-ona rozi — Xudo rozi.

  N.USANBOEVA oqqa ko`chirdi

 

 

Sharhlar