1

Shavkat Mirziyoev Emomali Rahmonni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi

Siyosat 05.10.2020, 12:36
Shavkat Mirziyoev Emomali Rahmonni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog`lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezidentlar ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari, tarix, madaniyat va an`analar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Koronavirus tarqalishi bilan bog`liq murakkab davrda pandemiya oqibatlarini engib o`tishda o`zaro yordam ko`rsatilmoqda. Tojikiston tomoni ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashda ko`rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida tovar ayirboshlash hajmlari ortyapti, hududlar va tadbirkorlar o`rtasida kooperasiya kengaymoqda.

Davlat rahbarlari o`tgan oyda bo`lib o`tgan qator ikki tomonlama tadbirlarning samarali natijalarini yuqori baholadilar. Xususan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi hamda biznes-forum, ilmiy-amaliy konferensiya, parlament a`zolari va ziyolilar uchrashuvlari muvaffaqiyatli o`tkazildi, qo`shma ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy ob`ektlar ochildi.

O`zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki mamlakat hukumatlariga keng ko`lamli hamkorlikni kengaytirish hamda bo`lajak sammitning yangi kun tartibini har tomonlama puxta tayyorlash bo`yicha “yo`l xarita”sini ishlab chiqishga topshiriq berdilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon muloqoti so`ngida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga mamlakat siyosiy hayotidagi muhim tadbir – joriy yil 11 oktyabr kuni bo`lib o`tadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1