Aholi tomonidan berilgan ushbu savolga AOKAda bo`lib o`tgan brifingda ishtirok etgan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Barno Abdusamatova quyidagicha javob berdi:
" -- Qandli diabet– endokrin kasalliklarga mansub bo`lib, insulin gormonining to`liq yoki qisman etishmovchiligi natijasida giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi bilan kechuvchi, organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog`, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi va qaytmas organik patologiyalar keltirib chiqaruvchi surunkali kasallik sifatida tavsiflanadi.
Qandli diabet kasalligi oxirgi yillarda dunyo bo`yicha keng tarqalmoqda. Hozirgi paytda dunyo aholisining 1- 8 foizi ushbu kasallik bilan og`rigan.
Tekshiruvlar natijasida har 10 yilda umumiy qandli diabet bilan og`rigan bemorlar soni ikki baravar ko`paymoqda.
Qandli diabet bo`lgan insonlar turli infeksiyalarga moyil bo`ladi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza ko`p bo`lsa, koronavirus ushbu bemorlarda og`ir kechadi. Chunki kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar hujumi» uchun shakar quvvat manbai hisoblanadi. Ayniqsa tana vazni ortiqcha bo`lgan qandli diabeti bor insonlarda koronavirus og`ir kechadi.
Bu bemorlar o`zlarida koronovirus kasalligiga xos biron klinik belgilarni sezsalar, darhol hududiy shifokorlarga murojaat etishlari shart. Bunday bemorlar uy sharoitida o`zini davolashi ta`qiqlanadi.
Chunki ularda tezda pnevmoniya rivojlanishi va uning og`ir kechishi kuzatilishi mumkin. Bu bemorlar koronavirus bilan birga diabetni ham davolashda davom etishlari lozim.
Qandli diabeti bo`lgan bemorlar hududiy poliklinikalarida dispanser nazoratda bo`lishlari, o`zlarida o`zgarish sezsalar darhol shifokorga murojaat etishlari, ommaviy joylarga zarurat bo`lmasa bormasliklari, imkoni bo`lsa uydan masofaviy ishlashlari va shifokor tavsiya etgan davo muolajalarni vaqtida muntazam olib turishlari zarur.






