1

O`zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari telefon orqali suhbatlashishdi

Siyosat 06.10.2020, 15:32
O`zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari telefon orqali suhbatlashishdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida O`zbekistonning ko`p millatli xalqi nomidan va shaxsan o`z nomidan Prezident Mun Chje Inni va do`st koreys elini Koreya tashkil topgan kun va an`anaviy Chusok bayrami bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O`zbekiston va Janubiy Koreya etakchilari mamlakatlarimiz o`rtasidagi alohida strategik sheriklik maqomidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko`rib chiqdilar, shuningdek, xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirus global miqyosda tarqalishining keng ko`lamli O`zbekiston-Koreya aloqalari uchun oqibatlarini kamaytirish maqsadida turli darajalarda faol hamkorlik va muntazam samarali muloqotni davom ettirish muhim ekani ta`kidlandi.

O`zbekiston Prezidenti pandemiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, ushbu kasallikni profilaktika qilish va davolash bo`yicha ilg`or tajribani joriy etishga Koreya Respublikasi tomonidan ko`rsatilgan amaliy ko`mak uchun hamkasbiga minnatdorlik bildirdi.

Sog`liqni saqlash vazirliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar darajasida yaqindan o`zaro muvofiqlashuvni, shu jumladan, davolash metodikasini takomillashtirish, vaksinalar ishlab chiqish va ulardan foydalanishni ta`minlash borasida davom ettirishga kelishib olindi.

Suhbat chog`ida bo`lajak oliy darajali uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashga alohida e`tibor qaratildi.

Xususan, Prezidentlar savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik, o`zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish va kooperasiyani kuchaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan, zarur huquqiy bazani mustahkamlash va ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surishga ko`maklashish masalalarini ko`rib chiqdilar.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga investisiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan 65 ta qo`shma loyihani, eng avvalo, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg`armasi doirasida sog`liqni saqlash va ta`lim sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashni davom ettirish bo`yicha topshiriq berdilar.

Bundan tashqari, O`zbekiston va Janubiy Koreyaning etakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi hozirgi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo`lgan istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish yuzasidan o`zaro muvofiqlashgan choralar qabul qilinadi.

Muloqot so`ngida Prezidentlar ikki xalq o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalariga asoslangan serqirra munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda keng ko`lamli amaliy hamkorlikni ilgari surish borasida qat`iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Suhbat an`anaviy samimiy, konstruktiv va do`stona ruhda o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1