AsosiyJamiyat

Tezkor: Guljahon Yo`ldosheva hibsdan ozod etildi

'Tezkor: Guljahon Yo`ldosheva hibsdan ozod etildi'ning rasmi

Bosh prokuratura tomonidan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo`ldoshevaga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi tegishli tartibda o`rganib chiqildi.

Nisbatan qo`llanilgan “qamoq ehtiyot” chorasi “uy qamog`i” ehtiyot chorasiga o`zgartirish yuzasidan Chirchiq shahar prokurori tomonidan sudga tegishli iltimosnoma yuborildi va sud tomonidan prokuror iltimosnomasi kanoatlantirildi. Jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldoshevaga nisbatan ehtiyot chorasi o`zgartirilishi kutilayotgani to`g`risida xabar bergan edik. Sog`liqni saqlash vazirligi Guljahon Yo`ldoshevaga ozodlik so`rab, Bosh prokuraturaga iltimosnoma kiritgan.

Ma`lumot uchun, Guljahon Yo`ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi shu yil 11 avgustda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan qo`zg`atilgan. 8 sentyabrga kelib, ayblanuvchiehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi. Uning qamoqqa olinishi jamoatchilik o`rtasida keng muhokamalarga sabab bo`ldi.

Kecha, 5 oktyabr kuni Respublika gender tengligini ta`minlash bo`yicha komissiyasi a`zosi Saida Mirziyoeva Guljahon Yo`ldosheva ayol kishi ekani, qaramog`ida 6 nafar voyaga etmagan farzandlari borligini inobatga olgan holda, Toshkent viloyati prokuraturasidan qarorni qayta ko`rib chiqishni so`ragandi.

“Olti bola bilan qaergadir qochib qutulishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo`li bo`lsa? Jinoyat-prosessual qonunchiligida boshqa ta`sirchan ehtiyot choralarini qo`llashga nima xalaqit beradi?

Hibsga olish – bu kuchli stress va shaxsning ma`nan sindirilishidir. Ayniqsa, uyda yosh bolalaringiz bo`lganida… Shuning uchun Toshkent viloyatining prokuraturasidan qarorni qayta ko`rib chiqishlarini so`rab qolaman”, degandi Mirziyoeva.

Jinoyat prosessual kodeksining 242-1-moddasiga ko`ra, uy qamog`i– gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan to`liq yoxud qisman ajratib qo`yilib, o`zi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda bo`lishidan iborat.

Boshqa yangiliklar