AsosiySalomatlik

Koronavirusga gumon qilinganda o`pkani kompyuter tomogrammasi qilish qanchalik muhim?

'Koronavirusga gumon qilinganda o`pkani kompyuter tomogrammasi qilish qanchalik muhim?'ning rasmi

SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Sevara UBAYDULLEVA bilan bo`lgan suhbatda ushbu savolga javob berildi.

– Koronavirusga gumon qilinganda o`pkani multispiral kompyuter tomogrammasi qilish qanchalik muhim, uning organizmga zararli tomonlari yo`qmi?  

– Koronavirusga gumon qilinganlar kasallik alomatlarini birinchi kunidan o`z oilaviy shifokorlariga murojaat qilishlari kerak. Shifokorlar bemorning shikoyati, umumiy ko`ruvi, epidemiologik anamnezidan kelib chiqqan xolda kasallikni tasdiqlash uchun qo`shimcha tekshiruvlar buyuradi. Bunday holatlar nafaqat koronavirusga gumon qilinganlar, balki inson o`zida qandaydir kasallik alomatini sezishi bilan, birinchi kunlardanoq murojaat etishlari kerak.

Endi multispiral kompyuter tomogrammasiga kelsak, biz unutmasligimiz kerak, bu inson organizmiga qandaydir miqdorda bo`lsa ham nurlanish beradi, to`g`ri u nurlanish dozasi nazorat etiladi, lekin qayta qayta MSKTga tushish ham xavfli. Ayniqsa, agarda kasallikni ilk kunlarida MSKTga tushsangiz unda deyarli o`zgarish kuzatilmasa, keyin aniq kasallik alomatlari kuchayganidan so`ng, bir yoki ikki xafta oralig`ida MSKTga yana tushishingiz kerak bo`ladi. Bunday holatlarda nurlanish ko`payadi, imkon qadar MSKTga qayta tushish uchun orada kamida ikki oy o`tishi lozim.

MSKTni maqsadli qo`llash borasida gaplashadigan bo`lsak, bunda koronavirusni organizmga ta`sirini va kechuvi jarayonini gapirish bilan tushuntirib beraman. Koronavirus o`pkani jarohatlashni kasallikning ilk kunlaridan boshlaydi. Tashxis qo`yish uchun kasallikni birinchi kunlarida MSKTni o`tkazish mumkin. Lekin bu jarayonda hali kasallikning ilk kunlari bo`lgani bois, o`pkaning fibroz jarohatlanishi kuzatilmagan bo`ladi, aytib o`tganimizdek, faqatgina virusli yallig`lanish jarayoni namoyon bo`ladi, xolos.  Nima uchun, buni to`liq gapirmoqdaman, sababi, ko`pgina yurtdoshlarimiz shifokorga murojaat etmasdanoq kasallikning ilk kunlarida MSKTdan o`zlari mustaqil o`tadilar,  MSKTda fibroz jarohatlanish degan yozuvni ko`rmaydilar va menda jarohatlanish yo`q ekan degan yanglish fikr bilan, xattoki shifokorga ham bormay qo`yadilar va o`z immunitetim bilan tuzalib ketaman degan fikr bilan davolanmaydilar ham.

Koronavirus shunchalik ayyor viruski, u birinchi 5-7 kun shamollash alomatini oladi, shu davrda unchalik kuchli belgilarni yuzaga chiqarmaydi, tana xarorati bir yoki ikki marta 38 darajadan yuqori bo`ladi, bir yoki 2-3 kun diareya kuzatiladi, 4, 5, 6 kunlar insonda kasallik alomatlari tuzalayotgandek bo`ladi. Aynan 7-10 kunlarda yashirin autoimmun jarayon boshlanadi. Unda yo`tal paydo bo`ladi va u kun sayin kuchayib boradi, xansirash qo`shiladi, ba`zilarda birdaniga tana harorati 39 va 40 darajagacha ko`tarilmoqda, holsizlik va mushaklar, bo`g`imlardagi og`riqlar kuchayib boradi. Shunday holatda MSKT tekshiruvi juda muhim, aynan shu davrda qon quyulish elementlarini o`rganish juda muhim. Ya`ni, qonning umumiy tahlili, biokimyoviy tahlili va peshob, kerak bo`lsa, axlatning umumiy tahlillarini o`tkazish kerak. Ushbu tekshiruvlar natijasiga ko`ra, qon suyultiruvchi dori vositalari, Glyukokortikosteroidlar, antibiotiklarni qo`llash mumkin.

Ko`rib turibsizki, kasallikning aynan 7-10 kunlarida o`pkada fibroz jarohatlanishlar ko`rinar ekan. Shu bois, MSTKga kasallikni birinchi alomatlari paydo bo`lgan davrda borib, ham mablag` ketkazib, ham vaqtni ketkazib, keyin esa yanglish xulosalar bilan o`z ahvolingizni yomonlashtirmang. Kasallikni birinchi alomatlari boshlanishi bilan oilaviy shifokoringizga murojaat eting, ularning tavsiyalariga ko`ra, o`z vaqtida dori vositalarini qabul qiling, tekshiruvlardan o`ting.

 

    Boshqa yangiliklar