1

Qurish va yashash madaniyatimizni o`zgartirishimiz kerak — Shavkat Mirziyoev

Siyosat 13.10.2020, 15:38
Qurish va yashash madaniyatimizni o`zgartirishimiz kerak — Shavkat Mirziyoev

Prezident Shavkat Mirziyoev Sardoba suv ombori to`g`onining yorilganidan buyon o`tgan davrda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga keldi.

Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. Afsuski, 2020 yil juda og`ir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz etmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar ro`y berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ikkala joyga ham zudlik bilan etib borib, vaziyatni o`z nazoratiga olgan edi. “Sabr qilib, og`irlikni elkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam e`tiborsiz qolmaydi”, degan edi Prezident o`shanda.

Shunday ham bo`ldi. Avvalo, eng katta og`irlikni davlatimiz rahbari o`z elkasiga oldi. Talafot oqibatlarini bartaraf etib, hayotni tiklash ishlariga bosh-qosh bo`ldi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda, madad bo`ldi. Butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablag`i, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.

Sardoba suv ombori to`g`onining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi ta`mirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlatimiz rahbari o`shanda bu ahvolni ko`rib, vayron bo`lgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga va`da bergan edi.

Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani “Do`stlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda Oqoltin tumani “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13 oktyabr kuni yana Sirdaryo viloyatiga keldi. Davlatimiz rahbari dastlab Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasiga tashrif buyurdi.

- Suv toshqini juda katta talafot bo`ldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi o`zi bo`lmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan ta`minlashga erishdik. Eng katta masala - odamlarning ko`nglidagi g`ashlik ketdi, ular rozi bo`ldi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Ilgari bu joylardagi ko`p uylarda tabiiy gaz yo`q edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikasiyalar bilan ta`minlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham o`zlarida qoldi.

Davlatimiz rahbari o`sha qiyin kunlarda butun xalqimiz jipslashib harakat qilganiga katta e`tibor qaratdi.

- Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu erda Qoraqalpog`iston va har bir viloyatning o`z ko`chasi bor. Qudratimiz borligiga, birlashsak, mehrli bo`lsak, ko`p ishlarni amalga oshirishimizga hamma inondi, - deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.

Ko`p qavatli uylar shinam, hovlilari obod. Bu mahalla «Yangi O`zbekiston» deb nomlangan.

- «Yangi O`zbekiston» deyilganida ham ma`no bor. Agar xalqimizga ma`qul bo`lsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish o`rinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz o`zgarishi kerak, - dedi Prezident.

Yangi mavzeda mahalla guzari, do`kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko`rsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.

Turar joylarni ekspluatasiya qilish tizimini samarali yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

 

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1