AsosiyJamiyat

Agar farzand tarbiyasi sabab otalar ishdan ketaversa, unda ish deb oilasiga sutkalab bora olmayotgan, bolasiga vaqt ajratolmayotgan qanchalab otalar ishdan ketishi kerak — faollar Olmaliq hokimi haqida

'Agar farzand tarbiyasi sabab otalar ishdan ketaversa, unda ish deb oilasiga sutkalab bora olmayotgan, bolasiga vaqt ajratolmayotgan qanchalab otalar ishdan ketishi kerak — faollar Olmaliq hokimi haqida'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, kuni kecha Olmaliq shahar hokimi Usmon Rahimov o`g`li bilan bog`liq voqealar ortidan ishdan olindi. 

Ya'ni, sal avval TikTok'da yuqori tezlikda mashina boshqarganini reklama qilgan Olmaliq hokimining o`g`liga chora ko`rilgan edi. Shuningdek, hokimning o`g`li o`rtoqlari bilan 56 yoshli erkak va uning o`g`lini kaltaklagani ham xabar qilingan.

Bo`lib o`tgan sessiya ishida viloyat hokimi Rustam Xolmatov o`z so`zida rahbar odam o`z shaxsiy hayotiga e`tiborli bo`lishi, oilasiga vaqt ajratishi, farzandlar tarbiyasi bilan jiddiy shug`ullanishi lozimligi xususida so`z yuritgan. 

Shundan so`ng, mazkur xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda hokimning farzandi sabab ishdan olinishi keng muhokama qilindi. Faol deputat Rasul Kusherbaev rahbarning ishdan olinishida bunday ochiq ma`lumot berilishini ko`rmaganligini yozdi:

"Shuncha vaqt davomida farzandining harakatlari sababi bilan ishdan ketgan mansabdor haqida ochiq ma`lumotni ko`rmagan edim. Yo ketish sababi haqida noto`g`ri ma`lumot berildimikan?

Utiga ustak sobiq hokimning farzandi huquqbuzarlik qilgani uchun tegishli tartibda jarima to`lab, javobgarlik masalasi hal etilgan.  

Har kim o`z ishiga o`zi javob beradi. Ota onalar farzandlari voyaga etganiga qadar qonuniy javobgar bo`lishi mumkin. Lekin bu ham uning ishdan bo`shatilishiga asos emas.  

Agar farzand tarbiyasi sababi bilan otalar ishdan ketaversa, unda ish, deb oilasiga sutkalab bora olmayotgan, farzandlari tarbiyasi bilan shug`ullanishga vaqti etmayotgan qancha ming otalar ishdan ketishi kerak bo`ladi.  

Xullas bunday sabab bilan ishdan olinish absurddan bo`lak narsa emas. Eng to`g`ri va qonuniy yo`l- mehnat qonunchiligi talablariga rioya etish, o`z vaqtida ishdan chiqib uyga borish amaliyotiga o`tish. Shunda oilaga ham farzandlarga ham vaqt etadi", - degan Kusherbaev.

Shuningdek, deputat Gulbahor Saidg`anieva ham rahbarni o`g`lining ishi uchun ishdan bo`shatish absurddir, deya baholadi: 

"O`g`li qonun buzgan bo`lsa,  o`zi uchun javob bersin.  Bu hokim ishdan olish uchun sabab bo`ladigan ish qildimi?

Qonunlarimizda,  ota farzand uchun javob bermaydi,  agar adashmayotgan bo`lsam. Mehnat qonunchiligimiz ko`taradimi shu holatni?" - savol bermoqda u.

Bundan tashqari jurnalist Mavjuda Mirzaeva ham holatga munosabat qildi:

"Olmaliqni xokimi Usmon Ismoilovich yomon mutaxassis emas. Borgan joyini gullatadigan o`z soxasini yaxshi biladigan kadr. Afsuski u  vaziyat qurboni bo`ldi, faoliyatida kamchilikka yo`l qo`ymadi, xalq bilan ishladi, odamlarni eshitdi.  

Ammo to`xtovsiz majlislar shaxsiy xaetidan,  farzand tarbiyasidan uzoqlashtirdi! Xaliyam kech emas, yig`ilishlarni kamaytirish zarur, zudlik bilan!

Aks xolda nafaqat xokimlarning farzandlari balki butun boshli xalqning tarbiyasi tanazzulga yuz tutadi".

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar davom etmoqda.

Mavzuga doir:

Olmaliq shahar hokimi o`g`li bilan bog`liq voqealarga izoh berdi (video)

    Boshqa yangiliklar