1

Samarqandda 100 yillik tarixga ega kutubxonaning zamonaviy binosi ochildi

Madaniyat 16.10.2020, 18:18
Samarqandda 100 yillik tarixga ega kutubxonaning zamonaviy binosi ochildi

Samarqand shahrida viloyat axborot-kutubxona markazining rekonstruksiya qilingan zamonaviy binosi ochildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Tarixi 1911 yilga borib taqaladigan ushbu ziyo maskani dastlab 2 ming nusxaga yaqin adabiyot bilan faoliyat boshlagan. Kutubxona faoliyatining dastlabki davrida uning xizmatidan 200–300 kishi foydalangan bo`lsa, hozir o`n minglab kitobxonga xizmat ko`rsatilmoqda.

1937 yilda kutubxonaga Pushkin nomi va davlat kutubxonasi maqomi berilgan. Yildan yilga kitob fondi ko`payib bordi.

So`nggi yillarda o`lkashunoslik bo`limi, kataloglar va kartotekalar bo`limi, huquqiy axborot markazi, Gyote instituti ko`magida nemis tilidagi adabiyotlar o`quv zali, bolalar adabiyotlari bo`limi tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko`rsatishni yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida va 2019 yil 19 mart kuni Prezidentimiz tomonidan o`tkazilgan selektor yig`ilishida 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu besh tashabbusning to`rtinchisi bo`lgan yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, ular o`rtasida kitobxonlikni keng targ`ib qilish bo`yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shundan kelib chiqib, Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi rekonstruksiya qilindi. Bino zamon talablariga muvofiq ta`mirlanib, tashqi ko`rinishi Samarqandning tarixiy binolariga moslashtirildi.

Rekonstruksiya ishlariga mahalliy byudjetdan 6 milliard 600 million so`m mablag` sarflandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1