AsosiyHi-tech

SSVning yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushirildi

'SSVning yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan yangilangan ssv.uz rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Hozirda u test rejimida (o`zbek va rus tillarida) ishlamoqda.

Bugungi kunda davlat organlarining saytlari, boshqa har qanday saytlar singari, ma`lumotlarga boy, yoqimli dizaynga ega, foydalanuvchilar uchun foydali va maxsus imkoniyatlarga ega bo`lishi kerak. Shuning uchun Sog`liqni saqlash vazirligi yangilangan ssv.uz rasmiy veb-saytini ishga tushirishga qaror qildi.

Yangi saytni ishlab chiqishda asosiy e`tibor quyidagi mezonlarga qaratildi:

- dizaynni yangilash,

- mobil qurilmalarda oson ko`rish,

- interaktiv xizmatlarni joriy etish,

- imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus funksiyalar va boshqalar.

Saytning asosiy sahifasida Sog`liqni saqlash vazirligi faoliyatining asosiy yo`nalishlariga, masalan, vazirlik faoliyati, respublika va hududiy miqyosdagi muassasalari to`g`risida to`liq ma`lumotlar, mavjud loyihalar, axborot tizimlari, aholi uchun interaktiv xizmatlar, vazirning virtual qabulxonasi, normativ hujjatlar va sog`liqni saqlash tizimining dolzarb yangiliklariga o`tish mumkin.

Bir necha yil davomida Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy veb-saytining eski versiyasida juda katta miqdordagi me`yoriy hujjatlar, statistik ma`lumotlar, yangiliklar, foto va video materiallar bazasi to`plangandi. Shu munosabat bilan saytning eski versiyasiga havolani vaqtincha yangi saytning asosiy sahifasida saqlashga qaror qilindi. Vaqt o`tishi bilan barcha tegishli ma`lumotlar saytning yangi versiyasiga o`tkaziladi.

Shuningdek, saytda Sog`liqni saqlash vazirligining "Elektron poliklinika", "Imtiyozli xizmatlar ko`rsatish", "Shifokorlarning qabul jadvali", "Tibbiy muassasalarning reestrlari" va boshqa dolzarb loyihalari mavjud.

Eslatib o`tamiz, sayt hozirda test rejimida ishlamoqda va ma`lumotlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Agar saytning funksionalligini yaxshilash bo`yicha takliflaringiz bo`lsa, Sog`liqni saqlash vazirligining AKTni rivojlantirish markaziga ict@minzdrav.uz elektron manzili orqali murojaat qiling.

    Boshqa yangiliklar