2020 yil 25 sentyabrda Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudi apellyasiya instansiyasi sudlov hay`atining ochiq sud majlisi videokonferensaloqa rejimida sudlanuvchi – Samarqand viloyati ATB “Agrobank” Siyob filialida bosh yuriskonsulti O.P. (ism-familiya o`zgartirilgan)ga nisbatan jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudining 2012 yil 18 yanvardagi hukmiga ko`ra chiqargan hukmi ustidan sudlanuvchi va uning himoyachisi tomonidan berilgan apellyasiya shikoyatiga asosan jinoyat ishini apellyasiya tartibida ko`rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari buyicha Navoiy viloyat sudining sudyasi Anvar ISOKOV xabar berdi...
— Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudining 2012 yil 18 yanvardagi hukmiga ko`ra, O.P. JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan JKning 45-moddasi qo`llanib 2 yilga muayyan huquqdan mahrum qilingan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.
JIB Navoiy viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2012 yil 25 apreldagi ajrimi bilan sud hukmi o`zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud JIB sudlov hay`atining 2018 yil 5 iyundagi ajrimi bilan JIB Navoiy viloyat sudining 2012 yil 18 yanvardagi hukmi hamda shu sud apellyasiya instansiyasining 2012 yil 25 apreldagi ajrimi o`zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud Rayosatining 2020 yil 28 maydagi qarori bilan JIB Navoiy viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2012 yil 25 apreldagi va Oliy sudning JIB sudlov hay`atining 2018 yil 5 iyundagi ajrimlari bekor qilinib, ish yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko`rish uchun yuborilgan.
Oliy sud Rayosatining 2020 yil 28 maydagi qarorida:
Cudlar O.P.ga oid jinoyat ishini ko`rishda
- JPKning 22, 23, 95, 112, 463, 467-moddalarida belgilangan talablari, jumladan Oliy sud Plenumining hukm chiqarilgan vaqtda amalda bo`lgan 1997 yil 2 maydagi “Sud hukmi to`g`risida”gi qarori 4,6,11-bandlari hamda 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyasiya tartibida ko`rish amaliyoti to`g`risida”gi 2-sonli qarorining 15, 37-bandlarida ko`rsatilgan rahbariy tushuntirishlari, shuningdek JPKning 496-moddasi talablariga muvofiq bo`lishi, jumladan, unda apellyasiya shikoyati (protest)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shartligi haqidagi tushuntirishlarga rioya qilinmagani;
- sudlarning ish bo`yicha qabul qilgan qarorlari dalillarga asoslanmagan guvohlarning ko`rsatuvlari qo`shimcha dalillarni to`plash orqali tekshirilmagani;
- birinchi va apellyasiya instansiyasi sudlari tomonidan O.P.ga oid jinoyat ishini bir tomonlama ko`rib chiqib, mavjud qarama-qarshilik va noaniqliklarni barataraf qilish choralarini ko`rmasdan, uni JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgani xaqida ishning haqiqiy holatlarini to`liq tekshirmasdan xulosaga kelingani;
- jinoyat ishi hujjatlarida O.P.ning pora olganini tasdiqlovchi biror-bir ob`ektiv dalil, ya`ni pora predmeti, audio yoki videoyozuvlar va boshqa ashyoviy dalillar mavjud emasligi;
- bunday holatda apellyasiya hamda Oliy sud jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining ajrimlarini qonuniy va asosli deb bo`lmasligi, shu sababli Oliy sud Rayosati O.P.ga nisbatan chiqarilgan JIB Navoiy viloyat sudi apellyasiya instansiyasi va Oliy sud JIB sudlov hay`atining ajrimlarini bekor qilib, ishni yangidan to`la va sinchkovlik bilan apellyasiya instansiyasida ko`rish uchun yuborishni, ishni yangidan apellyasiya instansiyasida ko`rishda yuqorida qayd etilgan holatlar to`la va xolisona tekshirilib, bir qator holatlarda yo`l qo`yilgan kamchiliklar bartaraf etilishi, shundan so`ng qonuniy va asosli qaror qabul qilish lozimligi ta`kidlangan.
Sudi binosida 3.000.000 so`mni pora tariqasida olgan...
— Sudning hukmiga ko`ra, O.P. 2007 yil 18 dekabrdan 2011 yil 29 sentyabrga qadar JIB Pastdarg`om tuman sudining sudyasi lavozimida ishlab kelgan. Mas`ul mansabdor shaxs bo`lgani holda, 2011 yil aprelda Pastdarg`om tuman IIB tergov bo`limi tomonidan JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblanib sudga berilgan L.S.ga oid jinoyat ishini, 2011 yil 22 mart kuni o`z ish yurituviga qabul qilgan. JIB dastlabki tergov organining 2011 yil 17 fevral kungi qarori bilan ishning aka-ukalarga oid qismini alohida ish yurituviga ajratilganini bilgani holda, Pastdarg`om tumanidagi MFY raisi G.K.ning “aka-ukalarni guruhdan chiqarib, jinoyatni bir kishi sodir etgan, degan hukm chiqarishga yordam bering”, degan iltimosiga ko`ra, tamagirlik yo`li bilan vositachi G.K. orqali I.O.dan JIB Pastdarg`om tuman sudi binosida 3.000.000 so`m pulni pora tariqasida olgan.
Bundan tashqari, O.P. takroran, tamagirlik yo`li bilan ish yurituvidagi L.S.ga oid jinoyat ishi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilish lozim bo`lsa-da, L.S.ga oid jinoyat ishini sud majlisida ko`rish davomida, tanishi G.K.ni xizmat xonasiga chaqirib, unga “sudlanuvchi L.S.ga engil jazo tayinlash uchun...” deb yana 200 AQSh dollari berishni talab qilgan. Shu kunning o`zida, xizmat xonasida vositachidan 200 AQSh dollarini pora tariqasida olgan. Jinoyat ishini aka-ukalar foydasiga ijobiy hal qilmay, 2011 yil 11 aprel kungi hukmi bilan jinoyat ishi bo`yicha L.S.ga JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan 3 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Shundan so`ng, aka-ukalarni tergov organi tergov harakatlari o`tkazish uchun chaqira boshlagani va ularni G.K.ga sud jarayonida bu masala ijobiy hal bo`lmagani to`g`risida e`tiroz bildirgan. G.K.ning undan pora tariqasida olgan 3.000.000 so`m pul va 200 AQSh dollarini qaytarib berishini talab qilishiga qaramay, pullarni qaytarmagan.
2011 yil 21 iyunda I.O. MXX Samarqand viloyat boshqarmasiga L.S.ga oid jinoyat ishini sudda ko`rilishi jarayonida o`zi va akasi O.O.ni qismini sudda tugatib, L.S.ga ham yordam qilishni so`rab, MFY raisi G.K.dan sudya bilan gaplashib berishni iltimos qilgani va G.K. sudya bilan gaplashib, 3.000.000 so`m va 200 AQSh dollari olgani, lekin sud qonuniy yordam qilmasdan hukm chiqarganiga qaramay, G.K. undan “sudga yana 1000 AQSh dollari berishing kerak, o`zimga esa alohida xizmat qilasan”, deb tamagirlik qilayotganini bildirib, G.K.ga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rab murojaat qilgan.
2011 yil 30 iyunda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, G.K. I.O.dan 1000 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.
Sudlangan O.P. va uning himoyachisi apellyasiya shikoyatida
- O.P.ning aybsizligi;
- unga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan dalillar prosessual qonun normalariga zid ravishda to`plangani;
- u keltirgan asoslar to`liq tekshirilmagani;
- asossiz jinoiy javobgarlikka tortilgani;
- unga nisbatan tuhmat qilingani haqida vajlar keltirib, sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so`ragan.
Apellyasiya sudlov hay`ati, ish bo`yicha viloyat sudi sudyasining ma`ruzasi, viloyat prokuraturasi bo`lim prokuroriningayblovdan voz kechish va shu munosabat bilanapellyasiya shikoyatini qanoatlantirish haqidagi, O.P. va uning himoyachisining apellyasiya shikoyatini qanoatlantirishni so`rab bildirgan fikrlarini tingladi. Apellyasiya shikoyatidagi vajlarni jinoyat ishi hujjatlari bilan birga tahlil qilib, qator asoslarga ko`ra G.K. va O.P.ga oid sud hukmining O.P.ga oid qismini bekor qilib, uni aybsiz deb topishni lozim topadi.
“Harakatlarimda jinoyat alomatlari yo`q”
O.P. apellyasiya instansiyasida sudida e`lon qilingan aybga iqrorlik bildirmagan...
— 2011 yil 29 sentyabrga qadar JIB Pastdarg`om tuman sudining sudyasi lavozimida ishlaganman. Sudlanuvchi G.K.ni taniganman, unga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rib chiqib, jarima jazosi tayinlangan. 2011 yil 1 mart kuni JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblangan L.S.ga oid jinoyat ishi sudga kelib tushgan. Jinoyat ishini tuman prokurori 3-4 kundan so`ng so`rov xati bilan qaytarib olgan va takroran 22 mart kuni o`zgarishsiz qaytarib bergan. Sudlangan L.S.ga yordam qilishim so`ralgan, jinoyat ishi bilan tanishib chiqqanimda, aka-uka I.O.va O.O.ga oid qismiga qidiruv e`lon qilinganini bilganman. 2011 yil 11 aprelda L.S.ga oid jinoyat ishini ko`rib chiqib, etkazilgan moddiy zarar L.S. tomonidan jabrlanuvchiga qoplangani sababli unga 3 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 2011 yil 29 iyunda aka-ukalarga oid jinoyat ishi sudga kelgan. Prokuror shu kunga qadar jinoyat ishini o`zida saqlab kelgan. 30 iyunda viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchisi menga qo`ng`iroq qilib, “aka-ukalarni jinoyat ishini tezda viloyat sudiga olib kel. Chunki viloyat MXX boshqarmasi so`rayapti”, dedi. Jinoyat ishini olib JIB Samarqand viloyat sudiga olib ketayotganimda, tuman prokuroriga qo`ng`iroq qilib, jinoyat ishiga nima sababdan qiziqayotganliklarini so`radim. Tuman prokurori “sababini bilmayman”, dedi. Keyin jinoyat ishini viloyat sudida qoldirib, ertasi kuni ishga borganimda I.O.G.K.ni 1000 AQSh dollari bilan ushlab berganini eshitdim. Shu voqeadan keyin o`z arizamga ko`ra ishdan ketishim talab qilindi. 2011 yil 29 sentyabrda ishdan bo`shatildim. Oliy malaka komissiyasining xulosasidan noroziman. Oddiy fuqaro sifatida qamoqqa olishgan, G.K.ni ko`rsatmasi bo`yicha 3.000.000 so`m va 200 AQSh dollari bergan payti, L.S.ga oid jinoyat ishi sudda bo`lmagan. L.S.ga oid jinoyat ishi bo`yicha alohida ish yurituviga ajratilib, qidiruv e`lon qilingan aka-ukalarni dastlabki tergov organi tomonidan gumonlanuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish, ularga munosib hulq atvorda bo`lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo`llash, qidiruv e`lon qilish, dastlabki tergovni to`xtatish haqidagi qarorlari 2011 yil 17 mart kuni qabul qilingan. Qidiruvni tashkillashtirish uchun jinoyat ishini ularga oid qismi ham shu kuni Pastdarg`om tuman IIBga yuborilgan. Mashinamni sud binosining turli joylariga qo`yibganman. G.K. va boshqalardan pul yoki AQSh dollari olmaganman. G.K. muqaddam bergan ko`rsatmasida O.P.ga L.S., aka-ukalarning jinoyat ishi bo`yicha 3.000.000 so`m va 200 AQSh dollari bergani to`g`risida aytgan bo`lsam-da, dastlabki tergov va barcha sud instansiyalarida G.K. va boshqa shaxslardan pul, AQSh dollari va boshqa moddiy qimmatliklar olmaganman. G.K. menga tuhmat qilayotgani haqida ko`rsatma berib kelganman. JIB Pastdarg`om tuman sudining eski binosi 2-qavatdan iborat. Binoning 1-qavatida tuman sud ijrochilari bo`limi joylashgani, binoning 2-qavatiga fuqarolar kirib chiqishi uchun to`siq bo`lmagan. Binoga sud ijrochilari bo`limiga kelgan fuqarolar ham jinoyat sudiga kelgan fuqarolar ham bitta eshikdan kirib chiqishgan. G.K. ham ijroga kelganida 2-qavatga chiqqan bo`lishi mumkin. U biror marotaba G.K. bilan birga o`tirib choy ichmaganman. G.K. fuqarolar yig`ini raisi bo`lgani uchun sud majlisi kotiblari shu mahallada yashovchi fuqarolarni sudga kelishini ta`minlash maqsadida G.K. va shu mahalla profilaktika inspektorlariga uning telefonidan telefon qilib, foydalangan bo`lishi mumkin. Harakatlarimda JK 210-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari yo`qligini inobatga olib, menga nisbatan oqlov hukmi chiqarishingizni so`rayman.
Jinoyat ishi hujjatlarida, O.P.ning aybiga G.K., I.O.va O.O.ning pora berganlik haqidagi ko`rsatmalaridan tashqari, shaxsga nisbatan ayb e`lon qilishga asos bo`lgan ob`ektiv dalillar majmuini tashkil etuvchi biror-bir aniq mezon mavjud emas.
Dastlabki tergov organi tomonidan O.P.ning mansab mavqeidan foydalanib, takroran, tamagirlik yo`li bilan vositachi orqali pora olish jinoyatlarini sodir qilganini namoyon etuvchi biror-bir ishonchga sazovor va maqbul dalillar to`planmagan. Birinchi bosqich sudi esa O.P.ning aybini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini sinchkovlik bilan har tomonlama, to`la va xolisona tekshirib chiqmasy, O.P.ni aybli deb topib, barvaqt xulosaga kelgan.
JKning 9-moddasida, shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgar bo`lishi belgilangan.
Dastlabki tergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan Qonun hamda Oliy sud Plenumi qarori talablariga rioya qilinmagan.
Ish bo`yicha G.K., I.O.va O.O. o`rtalarida bo`lib o`tgan o`zaro suhbat davomida O.P.ning sodir etilgan ijtimoiy xavfli kilmishga daxli borligini isbotlovchi, ya`ni u pora olganlikda ayblangan bo`lsa-da, ish bo`yicha pul yoki boshqa ashyoviy dalillar olinmagan, biror-bir ahamiyatga molik audio yoki video va boshqa biron bir aloqador yozuvlar hamda so`zlashuvlar mavjud emas.
Shuningdek, jinoyat ishidagi faqatgina G.K., I.O.va O.O.ning ko`rsatmalari hamda shubha va gumonlardan iborat holatlar O.P.ni jinoyat sodir etganlikda ayblash uchun asos bo`la olmaydi.
Bunday holatda, sud hukmining O.P.ga oid qismini qonuniy, asosli va adolatli deb bo`lmaydi.
JPKning 83-moddasi 3-bandida, sudlanuvchining sodir etilgan jinoyatga daxli bo`lmasa, aybsiz deb topilishi va reabilitasiya etilishi lozimligi belgilangan.
JPKning 49713-moddasi 1-qismi 2-bandida, sud ishni apellyasiya tartibida ko`rib chiqib, birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilishga va oqlov hukmi chiqarishga haqli ekanligi ko`rsatilgan.
Sudlov hay`ati, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, sud hukmining sudlangan O.P.ga oid qismini bekor qilib, sudlangan O.P.ni JKning 210-moddasi 3-qismining “b” bandida (eski tahrirdagi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan deb topib, JPKning 83-moddasi 3-bandiga asosan reabilitasiya etishni va keltirilgan shikoyatni qanoatlantirishni lozim topdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudining 2012 yil 18 yanvardagi G.K. va O.P.ga nisbatan chiqarilgan hukmining O.P.ga oid qismi bekor qilindi.
O.P.JK 210-moddasi 3-qismining (eski tahrirdagi) “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topildi va reabilitasiya qilindi.
O.P.ning harakatlarida jinoyat tarkibi bo`lmagani sababli jinoyat ishining unga oid qismi JPK 83-moddasining 3-bandiga asosan tugatildi. Apellyasiya shikoyati qanoatlantirildi.
S.ALLABERGANOVA, jurnalist