“Uz24.uz” nashri “RedPen” saytiga asoslanib, O`zbekiston futbol federasiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi, Globe Soccer Awards talqini bo`yicha 2015 yilning eng yaxshi hakami bo`lgan Ravshan Ermatov bilan intervyu chop etdi.
— Yangi yil oldidan orden bilan mukofotlanganingiz haqida qanday bildingiz va nimalarni his qildingiz?
— Bu unutilmas onlar edi. Men Olimpiya qo`mitasida Oybek Qosimov bilan suhbatlashib turgandim, shunda Futbol federasiyasidan qo`ng`iroq qilishib, ushbu yangilikni xabar qilishdi. Men hatto biroz o`zimni yo`qotib qo`ydim...
— Chet mamlakatlarda sizdan O`zbekiston haqida ko`p so`rashadimi?
— Hanuzgacha mamlakatimiz haqida tasavvurga ega bo`lmagan odamlar uchraydi, biroq ularning soni kamaymoqda. Men ularga yurtimizning tarixi, madaniyati, an`analari, buyuk bobokalonlarimiz, ularning jahon ilm-fani, madaniyatiga qo`shgan hissasi va albatta, zamonaviy O`zbekiston haqida ham so`zlab beraman. Shundan so`ng ularda Vatanimizga kelish, o`z ko`zlari bilan ko`rish istagi paydo bo`ladi.
... 2007 yilda Jahon chempionatiga nomzodimni tanlashganda, men barcha Jahon chempionatlarining tarixini o`rganib chiqdim - kimlar bo`lgan, qaysi jamoalar, qanday hakamlar, O`zbekistondan ham kimlardir bo`lganmi-yo`qmi... Ma`lum bo`ldiki, bizning yurtimizdan hech kim bo`lmagan ekan. Shunda men o`z oldimga endi albatta, O`zbekistondan ham vakil bo`ladi, deb maqsad qilgandim.
2010 yilda JARda o`tkazilgan Jahon chempionatining ochilish o`yini oldidan tarixda ilk bora O`zbekiston bayrog`i ko`tarildi. Shu onda ko`z yoshlarimni tiya olmadim...
... Mendan ko`pincha qaysi jamoaga muxlislik qilishim haqida so`rashadi: “Real”mi, “Barselona”mi, “Chelsi”mi?”, deya. Men shunday deyman: “O`zbekiston milliy terma jamoasidan boshqa dunyodagi hech bir jamoaga muxlislik qilmayman. Olimpiya terma jamoasi bo`ladimi, Yoshlar, O`smirlar - men O`zbekistonning barcha terma jamoalarini qo`llab-quvvatlayman”...

— Siz ko`p millionli yoshlarimizning kumirisiz. Ularga nimalar deya olasiz, Omadning resepti bormi?
— Omadning resepti yo`q. Meni oldinda nima kutayotganini bilmaganman, 17-18 yoshimda hakamlik karerasini endi boshlayotgandim. Omadim keladimi, umuman dunyo miqyosidagi hakam bo`la olamanmi, bilmaganman. Lekin bir narsani bilardim - har kuni ertalab mashg`ulotlarga borishim, yomg`irmi, qormi, sovuqmi, issiqmi - har qanday ob-havoda borishim kerak edi...
Menimcha, mehnatsevarlik - har qaysi sohada zafar quchishning kalitidir.
— Hakamlik faoliyatingizni yakunlagach, qanday rejalaringiz bor?
— Hozircha bunga shoshmayapman (kuladi). Kelajakka oldindan qaramaymiz. Ungacha esa ayni vaqtdagi ishimdan rohat olaman.
— Agar futbol bo`lmaganda nima bilan shug`ullangan bo`lardingiz?
— To`g`risi, tasavvur ham qilolmayman. Chunki 7 yoshimdan futbolchi bo`lish orzuim bo`lgan. O`zimni hakam sifatida hech ham tasavvur qilmaganman.
Bo`lajak futbolchi sifatida hakamlar bilan ko`p tortishardim. Ularga doim nimanidir isbotlardim.
17 yoshimda jarohat olgach, menga hakam bo`lishni maslahat berishdi. Men qat`iyan rad etganman va bolalar murabbiyi bo`lish uchun lisenziya olganman. Shu vaqtlarda bir voqea sodir bo`lgan: otam murabbiy bo`lgani uchun uning bolalar jamoasi bor edi, har yakshanba kunlari shahar birinchiligi musobaqalari o`tkazilardi. Men otamga ko`maklashardim. Bir kuni musobaqalardan biriga hakam kelmadi. Shunda otam menga hushtakni tutqazdida, o`yinni bekor qila olmasligimizni aytib, hakamlik qilishni topshirdi. Va shunda xuddi o`zim o`ynagandek, kutilmaganda zavqlanib ketganman.
Qachonlardir meni jarohat olishimga sabab bo`lgan futbolchini xayolan koyirdim. Axir mening katta orzuim - O`zbekiston milliy terma jamoasida o`ynash edi. Musobaqaga hakam kelmaganda ham qanday qilib bunday mas`uliyatsiz bo`lish mumkin, deb undan jahlim chiqqan. Endi esa men har ikkisidan minnatdorman. Agar o`sha futbolchi menga jarohat etkazmaganda va o`sha hakam musobaqaga kelganida, men balki hakam bo`lmas edim.

— Qattiqqo`l otamisiz? Farzandlaringizning kelajagini qanday ko`rasiz?
— Farzandlarim bilan ko`p vaqtni albatta, ayolim o`tkazadi. Men ular bilan kam vaqt birga bo`laman, shu bois o`ta qattiqqo`lman, deya olmayman. Hamma narsada me`yor bo`lishi kerak.
Ularning kelajagi haqida uylaganimda, albatta, har bir ota-ona kabi bolalarim sog`lom va baxtli bo`lishini, o`zlarining qiziqishlaridan kelib chiqib kasb tanlashlarini xohlayman. Agar ular sport yo`nalishidan ketishni istashsa, qarshilik qilmayman, faqat qo`llab-quvvatlayman. Agar boshqa sohani tanlashsa ham qarshilik qilmayman. Hozir ular yaxshi pedagoglar qo`lida o`qishiga va yaxshi ta`lim olishiga harakat qilyapman. O`g`limda, masalan, til o`rganishga ishtiyoqi bor.
— Siz Jahon chempionatlarida ishladingiz, dunyoning eng yaxshi referisi bo`ldingiz. Shularning baridan so`ng Sizda nima o`zgardi? Nima endi avvalgidek bo`lmaydi?
— Mendan gohida “erishgan yutuqlaringdan boshing aylanmayaptimi”, deb so`rashadi. Men “ikkala oyog`im bilan erda mahkam turibman”, deb javob beraman.
Hayotda qandaydir muvaffaqiyatlardan keyin o`zgaradigan odamlarni tushunmayman. Ularning yoniga yo`lab bo`lmaydigan bo`lib qolishadi, odamlar bilan munosabatida ham manmanlik paydo bo`ladi. Men shu narsani tushunmayman. Nega odam biror yutuqqa erishgach, o`zgarishi kerak? Bular shunchaki natijalar, odamlar esa bari tengdir.
Men oldin qanday bo`lgan bo`lsam, hozir ham shundayman. Menga yaqinlasha olmaslikning birgina sababi, bu bo`sh vaqtning etishmasligida. Bo`sh vaqtim esa haqiqatdan ham juda kam.
— Siz – dunyoning eng yaxshi hakamisiz. Sizning asosiy hakamingiz kim?
— Mening otam. Hozirgacha u meni tanqid qiladi. U soat nechada namoyish etilmasin mening barcha o`yinlarimni tomosha qiladi va qaysidir jarayonda qilgan xatolarim haqida gapiradi. Men uning barcha tanbehini minnatdorchilik bilan qabul qilaman, uning maslahatlariga quloq tutaman. Hayotda turli odamlardan o`rganishga harakat qilaman.





