AsosiyDunyo

Japarov qirg`iz muhojirlarini 2 yilda mamlakatga qaytarmoqchi

'Japarov qirg`iz muhojirlarini 2 yilda mamlakatga qaytarmoqchi'ning rasmi

Bola-chaqam birovdan kam bo`lmasin, deb chetga ish izlab ketganlar orasida qirg`izistonliklar ham ko`p. Ma`lumotlarga ko`ra, hozir ushbu mamlakatning qariyb 800 ming fuqarosi xorijda. Shundan 640 ming nafari Rossiyada ro`yxatdan o`tgan. Ammo norasmiy ma`lumotlar ko`rsatkichlar bundanam ko`pligini anglatadi deya yozmoqda platforma.uz

Chunki Qirg`iziston va Tojikiston Markaziy Osiyodagi eng kambag`al ikki mamlakat hisoblanadi. Shu sababli migrantlar mehnatidan qirg`iz hukumati ham manfaatdor. 

Qarang, birgina Rossiyadagi muhojirlar jo`natgan pul o`tkazmalari mamlakat yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismini tashkil etarkan. E`tibor qilyapsizmi, uchdan birini! Qirg`iziston ayni pul o`tkazmalari yo`nalishida dunyoda birinchi o`rinda ham turarkan. Buyam etmaganidek, har beshinchi voyaga etgan Qirg`iziston fuqarosining yoki o`rtacha har bir oilaning krediti bor.

Mamlakatdagi taloto`plardan so`ng bu erda hukumat almashganidan yaxshi xabardorsiz. Lekin vaqtincha davlatni boshqarib turgan Japarovning gaplari dadil. Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma degan naql bor. Ammo Japarovning so`zlari havoyi gaplarga o`xshamaydi.

Bi-bi-sining yozishicha, u ikki yilda hamma migrantlarni mamlakatga qaytarmoqchi. Shundog`am sho`rlik muhojirlar qo`liga qarab qolgan davlat buni qanday uddalaydi, bunisi bizga qorong`u. 

Bilganimiz Sadir Japarov xorijdan mehnat muhojirlarini Qirg`izistonga qaytarish bo`yicha dastur mavjud ekani, uning kelasi 1,5-2 yilga mo`ljallangani haqida intervyu bergan.

"Men avval ham iqtisodiy dastur haqida gapirganman, — degan u. — Poraxo`rlik bo`lmagan mamlakatda, albatta, iqtisodiyot o`sadi. Shaxsiy cho`ntaklarga tushadigan pul byudjetga tushadi. Bu bir oy ichida natija beradi...”

Muvaqqat davlat rahbari muhojiratdagi fuqarolariga murojaat qilib, endi davlat ishlariga tanish-bilish orqali kirilmasligi, faqat bilimli yoshlar jalb etilishini va`da qilgan.

"Men ularga shuni aytamanki, bundan buyon davlatimizda odamlar lavozimlarga kelishuv orqali tayinlanmaydi. Bungacha, shu sababli ham, o`qimishli yoshlarimiz davlat idoralarida ishlay olmagan va chetga ketishga majbur bo`lgan. Endi men ularni uyiga qaytishga da`vat etaman", degan Sadir Japarov.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar