1

Bolasidan voz kechgan otaning da`vosi

Mutolaa 15.01.2016, 11:33
Bolasidan voz kechgan otaning da`vosi

Ushbu sahifaga maktublar orqali ham, qo`ng`iroq qilib ham dardini aytayotganlar kundan kun ortib bormoqda. Ular ko`pligi bois, tabiiyki, biz chop etib ulgurmayapmiz. Ammo asta-sekinlik bilan barchasini e`tiboringizga havola qilib borish niyatidamiz. Ushbu muxlisamizning ham murojaat qilganiga ancha bo`lgandi. Uning qalbiga jo bo`lgan kechmishlarini oqqa ko`chirish bugunga nasib etgan ekan...

— Iltimos, mening ismimni sir tuting. Ertaga bu gaplarim opamning boshiga balo bo`lishini istamayman. To`g`ri, ular voqealar rivojidan tanib olishlari mumkin. Shunday bo`lsa-da, yozmaganingiz yaxshi, — deya gap boshladi qo`ng`iroq qilgan qiz. — Ishonasizmi, men opamning bunaqa taqdiridan keyin turmushga chiqish va baxtli hayot kechirish haqidagi gaplarga ishonmay qo`ydim. Hatto, qo`rqaman ham.

Ochig`i, opamning kechmishlarini xuddi o`zimnikidek bilib shu vaqtgacha yuragimda saqlab kelayotgandim. Lekin o`ylay-o`ylay shunday qarorga keldim. Mening bu so`zlarimni o`qib, balki ayrimlar insofga kelar, ba`zilar xulosa chiqarar...

Keling, sizga boshidan ayta qolay. Opam birinchi marta ammamga kelin bo`ldi.

— Qarindoshchiligim uzilmasin, o`zimniki baribir ishonchli-da, — deya eshik qoqib kelishini kanda qilmadi ammam.

Kim bilsin, opam turmushi yaxshi bo`lishini bilganmi yo ko`ngil qo`ygani bo`lganmi, rozi bo`lmadi.

— Men ota desang, ammangga kelin bo`lasan, — dedi oxiri otam qatiy.

Bunday paytda qiz bola nima ham qila olardi?

Taqdirga tan berib ammamning o`g`liga turmushga chiqdi. Afsuski, borgan kunidan boshlab ammam o`zgargan. O`zini qahri qattiq qaynonalardek tutgan. Buning sababini tushunmagan opam ichidan ezilib yuravergan. Buning oqibatida to`rt marta homilasidan judo bo`ldi. Albatta, buning uchun ham ammamdan turli kesatiqlar, pichinglar eshitgan. Lekin biror marta bizga aytmasdi.

— Opa-ukaning orasini buzmay derdim. Hamma dardimni ichimga yutardim, — deydi opam hozir.

Siqilishlar, asabbuzarlik bolaga ham ta`sir qilarkan. Jiyancham juda nimjon bo`lib dunyoga keldi.

— O`zing kasalmandsan, bolang qayoqqa borsin? — deya yana “chaqa” boshlagan ammam.

Undan keyin o`g`li dunyoga keldi.

“Dardni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” deganlari rost ekan. Endi biz asta-sekin opamning hayoti haqida bila boshladik. Bora-bora opamning sabri tugadi va oxiri janjallarining ustidan chiqqan otam ham barchasini bildi.

— Opa, qizim sizning ko`nglingizdan chiqa olmayotgan ekan, mayli, olib ketaman. Siz o`g`lingizni uylantiring. Faqat opa-ukachiligimizni bu tarzda buzmang! Meni o`zingizdan ham, qizimdan ham sovutmang, — deya otam opamni bolalari bilan uyga olib keldi.

Ukasidan bunaqa qarorni kutmagani uchunmi, alam ustidami ammam darrov yana o`g`lini boshqaga uylantirdi.

— Yaxshi bo`pti, bir paytlar ukamning xotini yuzimdan “olgan”di. Mana, qasosimni oldim, — debdi tag`in to`yga borgan boshqa qarindoshlarimizga.

Bizga o`yga toldik. Nahot, qaynopa va kelin o`rtasida bo`ladigan mayda-chuyda kelishmovchiliklarni deb opamning baxti hazon bo`ldi? Bundan qaysi ota-onam ezilmaydi, deysiz? Ayniqsa, otam o`zini eb bitirdi. Chunki ne niyatlarda opamni turmushga bergan, tag`in majburlab uzatgan edi-da.

— Uyda bolalaring bilan o`tirsang, ziq bo`lasan. Nevaralariga, ana, oying qaraydi. Sen ishla, bir ish chiqyapti, — dedi bir kuni otam aybini yuvishga uringandek.

Rostdan bu opam uchun juda yaxshi ovunchoq edi. Buni qarangki, shu ishxonada qayta baxtini topdi, ham. Bir befarzandlik tufayli ayoli bilan ajrashgan erkak qo`lini so`radi.

Ancha kengash-maslahat bilan  opamni yana uzatdik.

— Men shuncha yil tirnoqqa zor bo`ldim. Agar rozi bo`lsalaringiz, men bolalarni o`z nomimga rasmiylashtirsam, — debdi bir kuni pochcham.

Buning uchun oldingi pochchamning ya`ni, ammavachchamning roziligi kerak ekan. Qo`rqa-pisa oldiga borishdi.

— Menga sening nimjon bolang nimaga kerak? Mana, uylandim! Xohlaganimcha, farzandli bo`laveraman, — debdi bepisand sobiq pochcham.

Shundan so`ng pochcham tezda jiyanchalarimni o`z nomiga rasmiylashtirdi. Bu voqealarga ham ancha bo`ldi. Hozir ulardan baxtli odam yo`q.  Afsuski, dunyoning kami sira bitmaskan. Baxt va qayg`uning yonma-yon yurishi rost ekan. Yaqin kunlardan buyon sobiq pochcham opamning uyi yonida paydo bo`la boshlabdi. Nima dermish, deng?

— Mening senlarga berib qo`yadigan bolam yo`q! Qizim va o`g`limni o`zimga qaytarib beringlar! — deya janjal qilmoqda.

Uning xotini esa yashirincha opamning yoniga kelib boshqacha gapirib ketibdi:

— Bolangizni bermang! Bersangiz, kun bermayman! Mening qo`limda xor-zor bo`lib o`lib ketadi.

Bilsak, ammamning o`g`li hozir befarzand emish. Shuning uchun bolalarini opamdan tortib olmoqchi.

Men bir narsaga sira tushunmayman: ammam va uning o`g`lining asl niyati nima? Nima uchun opamni tinch yashashga qo`yishmaydi? Axir biz begonalar emasmiz-ku! Opam juda tushkunlikka tushib qolgan. Men sizlardan maslahat olib, unga yo`l ko`rsatish uchun yuragimdagilarni to`kib soldim. Ayting, opamning baxtli bo`lishi uchun qanday yo`l tutaylik?

N.USANBOEVA oqqa ko`chirdi

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1