1

So`nggi tabrik, so`nggi diydor...Yoxud Abdumo`min O`tbosarovni xotirlab

Shou-biznes 17.01.2016, 10:14
So`nggi tabrik, so`nggi diydor...Yoxud Abdumo`min O`tbosarovni xotirlab

Esimni tanibmanki, televizor qarshisida turib, suxandonlarning gapirishiga taqlid qilardim. Ularning so`zlashidan tortib, kiyinish, yurish-turishigacha o`xshagim kelardi. O`z ishining ustasi bo`lgan suxandonlar sabab bu sohaga nafaqat men, balki ko`pchilik havas qilishi tabiiy. Boisi mazkur kasbda professionallargina faoliyat yuritadi. Ulardan biri Oliy toifali diktor, O`zbekiston xalq artisti Abdumo`min O`TBOSAROV edi. Intervyularidan birida “Professionallikning asosiy omili bu – mas`uliyat!”, degandi. Bu ijodkorning so`zi va amali doim bir nuqtada kesishgan. Tilga hurmat, berilgan matn “dinamika”si, “temporitm”ini ushlab turish, matnga nisbatan munosabat, degan jarayonlarga mas`uliyat bilan yondashardi. Shu bois ham Abdumo`min O`tbosarov televizorda chiqsa, o`ziga mahliyo qilmay qo`ymasdi. 2015 yilning 31 dekabrida soat millari Yangi yil kirib kelganidan darak berib bong urishidan bir necha daqiqa avval, Prezidentimizning bayram tabrigini o`qib, teletomoshabinlarni televizor qarshisiga “mixlagandi”. Oradan hech qancha vaqt o`tmay internet tarmoqlarida noxush xabar tarqaldi. Abdumo`min O`tbosarov yurak xuruji sabab olamdan o`tibdi... Hech kimning ishongisi kelmasdi. Shunchaki, mish-mish bo`lib chiqishini istaganimiz afsuski haqiqat bo`lib chiqdi...      

“Tasodifning baxtli yakuni”

Abdumo`min O`tbosarov 1960 yilning 24 aprelida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Otasi o`qituvchi, onasi hamshira edi. Ular oilada ikki o`g`il va ikki qiz edi, Abdumo`min O`tbosarov ikkinchi farzand. Bolaligi havas qilarli darajada o`tgan, deb bo`lmaydi. Chunki otadan erta ajrab qolishgan. Onasiga ko`mak berish maqsadida turli yumushlarni bajarishiga ham to`g`ri kelgan. Qisqasi, taqdirning turli ko`chalarida toblangan, qiyinchilik “non”ini eb katta bo`lgan. Hayot yo`limizda uchraydigan to`siqlar engilmaslik, yorug` kunlarga ishonch kabi tuyg`ularni shakllantirib, poydevorimizni mustahkamlaydi va kelajakda o`z o`rnimizni topa oladigan inson bo`lib etishishimizga sabab bo`ladi. Abdumo`min O`tbosarovni ham oldinda quvonchli kunlar kutayotgani shubhasiz edi. Abdumo`min O`tbosarovning jurnalistika, suxandonlikka bo`lgan muhabbatiga sabab otasi Abdumajid O`tbosarov uning 12 yoshga to`lishi munosabati bilan sovg`a qilgan kinokamera edi. U filmlar, rasmlar olib yurish asnosida, televideniening texnik jihatlarini professional darajada o`rganib oldi.

U maktabni bitirib  harbiy xizmatga jo`naydi. U erda bo`lajak suxandonning fotografiyadan xabari borligini bilishgach, o`sha vaqtdagi gazetalardan birida fotomuxbir bo`lib faoliyat yuritishga taklif etishadi. Harbiy xizmatdan qaytgach esa hujjatlarini hozirgi O`zbekiston Milliy universitetining jurnalistiga fakultetiga topshirgan. Abdumo`min O`tbosarov tengqurlari orasida eng namunali, a`lo baholarga o`qiydigan, qisqasi hamma havas qiladigan yigit bo`lgan. Universitetni tamomlab Milliy teleradiokompaniyaga rejissyor yordamchisi sifatida ishga kiradi.

Intervyulardan birida u shunday deygandi:

 “To`g`risi, sohaga tasodifan kirib keldim. Rejissyor yordamchisi bo`lib ishlab yurgan kezlarim aktyorlar kelib, telestudiyada jonli efirda she`rlar o`qishardi. O`sha dasturlarda ishtirok etib turardim, ba`zida kimdir kelmay qolsa o`rniga chiqqan paytlarim ham bo`lgan. Shu chiqishlarimni ustozimiz O`ktam Jobirov ko`rgan va meni suxandonlar tanlovida ishtirok etishga taklif qilgan. Tanlovdan o`tganimdan keyin amaliyotchi suxandon sifatida ishga qabul qilinganman.

Ijodimda kutilmagan vaziyatlar ko`p bo`lgan. U paytlar amaliyotchi suxandonlar axborot dasturlariga qo`yilmasdi. “Axborot”ni ikkita suxandon olib borardi. Bir kuni erkak suxandonning tobi bo`lmagani uchun ishga kelolmagan. Shunda odam yo`qligidan meni efirga chiqarishgan. O`sha kuni men navbatchi edim-da. Bor-yo`g`i “Assalomu alaykum!” deganman va kichik “informasiya”, ob-havoni o`qigandim. Ertasi kuni hech qanday e`tiroz, tanqidlar bo`lmadi va shu-shu “Axborot” dasturida chiqa boshladim. Ustozlarimiz xatolarimizni aytishsa “hech kim ko`rmagan bo`lsinda”, degan o`y bo`lardi.

Hech qachon kimgadir qo`ng`iroq qilib “meni ko`ring!” demaganman. Uyalardim, efirni mas`uliyati ijodkorning zimmasiga katta ishga nisbatan e`tiborni yuklaydi”, degandi. Haqiqatda ishini jon-dili bilan bajaradigan, kasbidan hech qachon zerikmagan, chunki, tanlagan yo`liga nisbatan muhabbati bor inson edi. Abdumo`min O`tbosarov va uning tengqur hamkasblarida ishiga nisbatan juda jiddiy munosabatni kuzatish mumkin edi. Bu borada u shunday degan edi: “Ustozlarimiz O`ktam Jobirov, Galina Melnikovadan ishga nisbatan jiddiy va samimiy munosabatni o`rganganmiz.

Qolaversa, biz ish boshlagan paytimizda televidenieda efirlar jonli bo`lardi. “Axborot” infomasion dasturi, suxandonlarning e`lonlari, ko`rsatuvlar tartibi... hammasi jonli uzatilar edi. Aynan shu jarayon bizni yanada mas`uliyatli bo`lishimizni taqozo etardi. Ishga ikki soat avval kelishimiz shart bo`lgan. Agar kuzatgan bo`lsangiz, bizning yoshimizdagi suxandonlar aytilgan joyga kech qolmaydi. Xonamizda “Suxandon ishga ikki soat oldin kelishi kerak”, degan mazmundagi eslatma devorga osig`liq turardi.

Ba`zida jurnalistlardan “ey, suxandonlar tayyor matnni o`qib berishadi”, degan mazmundagi e`tirozlarni eshitib qolaman. Yo`q, uning ham o`z qonun-qoidalari bor. Matn shunchaki o`qilsa, u tomoshabinga etib bormaydi, tushunarli bo`lmaydi. Biz berilgan matnni ijro etib berishimiz kerak. Bu suxandondan ziyraklik, mahorat va eng muhimi matning maqsadi tahlilini ham talab qiladi. Bu oson ish emas!”

 “Marraga etib keldim”, degan xulosa odamni kibrlantiradi. O`zimni hali o`rganuvchi hisoblayman. Boisi, zamonning talablari o`zgarib borayapti, kompyuter-texnologiyalar asrida yashayapmiz. Agar yangi ilmlarni o`zlashtirmasak, kasbimizning ustasi bo`lolmaymiz. Takror o`qishdan erinmayman, matnni “suflyor”ga o`zim yozishni yaxshi ko`raman, boisi yana bir karra yaqindan tanishish imkoni bor”, degandi.

Ha, Abdumo`min aka doim izlanish, o`rganishdan charchamaydigan odam edi. U umrini o`zi sevgan kasbga baxshida etdi,  35 yil suhandonlik sohasida ishladi.

 “Poydevori sevgidan bunyod bo`lgan oila”

Abdumo`min O`tbosarov bir umrlik baxt yo`ldoshini talabalik yillari uchratgan. Aniqrog`i, bo`lajak rafiqasi O`zbekiston Milliy universitetining fizika fakultetida tahsil olardi. Ilm egallash asnosida ikki yoshning dili diliga, tili tiliga mos tushib, do`stlashib qolishadi. Vaqt o`tib do`stlik o`z o`rnini sevgiga bo`shatib beradi. Universitetni tamomlagach esa poydevori sevgidan bo`lgan oila bunyod bo`ladi.

“O`sha kezlarda ham yigitlarni orasida yuqori madaniyati, yurish-turishi, og`ir-bosiqligi, muomalasi, ovozinning sehri bilan meni o`ziga rom qilgandi. Shu kabi bir qator fazilatlari sabab u kishini juda hurmat qilardim”, deydi Abdumo`min O`tbosarovning rafiqasi Go`zal opa.

Farzandlar  garchi ota kasbini davom ettirmagan bo`lsalar-da, o`zi tanlagan kasbi orqali Vatanga xizmat qiladigan yigitlar bo`lib voyaga etishdi. Abdumo`min O`tbosarovning ikki o`g`li: 28 bahorni qarshilagan Jamshid Toshkent Moliya institutining Bank ishi fakultetini tamomlagan, Nozim esa Toshkent axborot texnologiyalari universitetining televidenie va radio fakultetini tamomlab, MTRKga ishga kirgan.

“Tongda ishga kuzatganimcha, u kishini qaytib ko`rmadim...”

— Bayram kuni hamma qatori, Abdumo`min O`tbosarovning oila a`zolari ham Yangi yilga o`zgacha taraddud ko`rishayotgandi. Biroq... 31 dekabr tongida “Bayram dasturini yozishimiz kerak. Ishimni tugatib qaytaman va bayram dasturxoni atrofida Yangi yilni jumul-jam bo`lib kutamiz”, deb ishga ketgandilar, - deydi Go`zal opa ko`ziga yosh olib. - . Sog`ligidan doim xabardor edim, sira yuragi bezovta qilganini aytmagan. Shunday bo`lganida ham albatta, bu haqda bilgan va darhol chorasini ko`rgan bo`lardim. Chunki biror muammo yuz bersa, birinchi bo`lib  menga aytar, men bilan maslahatlashardilar. Oramizda sir yo`q edi. O`sha kuni tongda ishga kuzatganimcha, u kishini qaytib ko`rmadim... O`sha kuni  televideniedan qo`ng`iroq qilib, “Abdumo`min akani tobi qochib qolgani bois stasionarga olib ketishdi. Lekin siz xavotir olmang, ahvoli og`ir emas”, deyishdi. Stasionarga etib borsam, u er qabul qilmagani uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining reanimasiya bo`limiga yotkizishgan ekan. O`sha erda jon berdilarmi yo avvalroqmi buni bilolmadim...” deydi suxandonning rafiqasi.   

“Uning o`rnini bosadigan suxandon yo`q”

Galina Melnikova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: — Abdumo`minning hayotdan ko`z yumishi men uchun shaxsiy fojia. Chunki bari ko`z o`ngimda sodir bo`ldi (ko`ziga yosh oldi)... 31 dekabr kuni yo`l-yo`lakay mashinasida meni uydan oldi, televideniega bordik. Yozuv vaqtida birdan tobi qochib, ko`krak qafasini ushlagach, yuragi bezovta qilganini tushundim. Tibbiy bo`limimiz darhol birinchi yordamni ko`rsatdi, so`ng “tez yordam” uni shifoxonaga olib ketdi... Ham ijodkor, ham inson sifatida benazir edi. Madaniyati, ilmi, mehribon, oilaparvar va mas`uliyatliligi, barcha bilan birdek do`stona muomalada bo`lishi bilan hammadan ajralib turardi. U hamisha peshqadam  ijodkorlar safida bo`lgan. Tadbir, bayram, muxlislarning yaxshi kunlari Abdumo`minsiz o`tmasdi. Dilorom Umarova, Dildora Rustamova bilan ajoyib juftlik bo`lishgan. U televideniening yuzi edi, uning o`rnini bosadigan suxandon yo`q. Hali qiladigan ishlari ko`p edi, bevaqt olamdan o`tdi. “Erkak kishi o`zidan uy qurib, bog` yaratib, farzandlar qoldirishi kerak”, degan ibratli gap bor. Abdumo`min ham yaqindagina uy qurib, ko`chat o`tkazib, ikki o`g`lini oliy ma`lumotli qilgandi.      

“Kelin izlab yurgandi...”

Nasiba Maqsudova, Oliy toifali suxandon: — Abdumo`min madaniyatli, hamisha hammaga birdek muomala qiladigan, intiluvchan, harakatchan, hech kim bilan sen-menga bormagan ajoyib inson edi. U qaddi-basti kelishgan, ovozi o`ziga xos, sahnabop suhandon bo`lgan.

Yodimda, diktorlar xonasida suhbat qizg`in bo`lardi, hammamiz bir-birimiz haqida to`liq ma`lumotga ega edik. Biroq Abdumo`min ichki dunyosi, oilasi, o`zi, muammolari xususida sira gapirmasdi. Hamkasblar orasida yagona sirdoshi Muslimbek Yo`ldoshev edi. Juda tartibli edi, diktorlar xonasida ham biror nima buzilgan bo`lsa, doim yonida olib yuradigan “otvyorkasi” bilan tuzatib qo`yardi. Hatto uyining ta`mirini ham Muslim ikkisi qilgan, ustachilikdan xabardor edi-da.

Abdumo`min o`z ishining ustasi bo`lish barobarida oilaparvar ham. “Xalqimizning yaxshi kunlarida birga bo`laman, lekin o`zim qachon to`y qilarkinman? O`zingizga o`xshagan qizlar bormi?” deb kelin izlab yurgandi... Biror marta sog`ligidan shikoyat qilmagan, Allox bergan umr ekan. Kutilmagan bu xabardan, hali o`zimga kelolganim yo`q. Hamkasblar xuddi bir oiladek bo`lib qoladi, jigarimizdan ayrilgandekmiz.  

“Har erkakning Abdumo`mindek do`sti bo`lsin”

Muslimbek Yo`ldoshev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi: — Abdumo`min do`stim, tug`ishganimdek bo`lishidan tashqari, eng katta shogirdim ham edi. Juda sadoqatli, mehnatkash, o`ta intizomli, so`zining ustidan chiqadigan, halol, didli yigit bo`lgan. U bilan yaxshi-yomon kunlarda doim birga bo`lganmiz. Sohamiz, qiziqishlarimiz bir xil bo`lgani bois bir-birimizni bir og`iz so`zdan tushunardik. Gavjum davralarni yoqtirmasdi, sokinlikni xush ko`rardi. Shu bois tez-tez ikkimiz dala hovlimizga dam olgani borardik. Lekin shunda ham meni qozon boshiga qo`yib, o`zi qo`liga ish qurollarini olib ishga kirishib ketardi. Erkak kishi bajaradigan barcha ishni uddalardi, qo`li gul edi. Har bir erkak kishining Abdumo`mindek do`sti bo`lsa, o`zini baxtlilar safiga qo`shishi shubhasiz. Shunday do`stim borligidan g`ururlanardim. Kutilmaganda bu dunyoni tark etishi og`ir fojia bo`ldi...

“Bundan buyon qanday ishlashimni tasavvur qilolmayapman”

Dildora Rustamova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi: — Abdumo`min aka men uchun shunchaki hamkasb emas, balki ustoz, sahnadagi o`n sakkiz yillik partnyorim edi. 1997 yili televideniega ishga kirib, dekabrda ilk konsert olib borganimdan buyon davlat va xalqaro tadbirlar, konsertlarda doim birga edik. “Dildora, hech kim uzoq muddat ikkimizdek juftlik bo`lib ishlamagan. Biz rekord o`rnatdik”, derdi. U kishi tug`ishgan akamdek suyanchiq bo`lib, eng aziz insonlarimdan biri bo`lib qolgandi. Qalbi, fikrlari pok, nihoyatda bilimdon, madaniyatli, hammaga yaxshilik qilishni yaxshi ko`rardi. Hatto kimdir ko`nglini og`ritsa ham o`sha odamga yaxshilik qo`lini cho`zishdan to`xtamagan. Bu voqealarga ko`p bor shohid bo`lganman. Bundan buyon qanday ishlashimni tasavvur ham qilolmayapman (ko`ziga yosh oldi). Hammamizni dog`da qoldirib ketdi...

Abdumo`min O`tbosarov ismi tilga olinganda biror kishi yo`qki “yuqori madaniyatga ega, ilmli, og`ir-vazmin, o`z ishining ustasi, ajoyib qalam sohibi, samimiy inson”, degan e`tirofni aytmasa. Eng muhimi ham shu, ya`ni, o`tganning ortidan yuqoridagi ta`riflarni jam qilib, “Yaxshi inson edi!” degan so`nggi baho! Bu umr yo`liga berilgan eng yuksak e`tirof! Abdumo`min O`tbosarov ustozlariga munosib izdosh bo`la olgan, betakror suxandon, oilaparvar inson, mehribon ota, har bir kishi qalbidan chuqur joy egallagan inson. Ushbu qayg`uli damlarda marhumning oila a`zolari, yaqinlariga tahririyatimiz va muxlislar nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.

Bilasizmi?

  • Abdumo`min O`tbosarov Abdumajidovich 1980 yilda televidenieda rejissyor yordamchisi sifatida ish boshlagan.
  • 1985 yildan boshlab suxandonlik qila boshladi.
  • 2002 yilda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.
  • 2014 yili O`zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo`lgan.
  • Moskvada “Ostankino”ning “Yangiliklar” dasturida faoliyat olib borgan.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1