AsosiyJinoyat

Aktrisa Gavhar Sharipovaning o`limiga sababchi bo`lgan haydovchiga sud hukmi o`qildi

'Aktrisa Gavhar Sharipovaning o`limiga sababchi bo`lgan haydovchiga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

 O`zbek kinosining taniqli aktrisasi Gavhar Sharipova 2019 yilning 18 noyabridan 19 noyabriga o`tar kechasi YTH tufayli halok bo`lgan edi. Shov-shuvlarga sabab bo`lgan hodisa yuzasidan Qashqadaryo viloyat YHXB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirib, aktrisaga yuk mashinasi haydovchisi shilqimlik qilgani, shundan so`ng u yurib ketayotgan avtoulovdan o`zini tashlab vafot etganini ma`lum qilgandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, fuqaro F. Sh.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilgani haqida ham axborot berilgan edi. Oradan etti oy o`tib, ya`ni 2020 yilning 12 iyun kuni Jinoyat ishlari bo`yicha G`uzor tuman sudi binosida ochiq sud majlisi o`tkazilib, F. Sh. ustidan sud hukmi o`qildi. Bu haqda "Darakchi" gazetasining  42-sonida Jinoyat ishlari bo`yicha G`uzor tumani sudi raisi Nurbek ABDULLAEV  hamkorligida batafsil maqola yoritilgan. 

Ma`lumot uchun:

Gavhar Sharipova 1980 yilda Navoiy shahrida tug`ilgan. 2001 yilda Toshkent davlat san`at instituti (hozirgi O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti)ning drama-teatr va kino aktyorligi yo`nalishi bo`yicha tamomlagan. Bir muddat O`zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan. Gavhar Sharipova “Alpomish”, “Aldangan ayol”, “Sarvinoz”, “Gulhan atrofidagilar” kabi o`nlab o`zbek film va seriallarida ham turli ampuladagi rollarni ijro etgan. Unga “Opa-singillar” teleserialidagi Nafisa roli mashhurlik olib kelgan. U qator filmlarga ovoz berib, dublyaj san`atida ham o`z imkoniyatlarini namoyon qilgan.

Sudlanuvchining tergov paytidagi ilk ko`rsatmasi:

30 yashar sudlanuvchi F.Sh. 2019 yilning 18 noyabr kuni soat 02:20 larda “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasini A-378 “Samarqand-G`uzor” avtomobil yo`li bo`ylab boshqarib ketayotib G`uzor tumanidagi “Karvonsaroy” choyxonasi ro`parasida to`xtaydi. U avtoulovga fuqaro Gavhar Sharipovani yo`lovchi sifatida mindirib oladi. F.Sh. G`uzor tumani Yarg`unchi qishlog`iga yaqinlashganida Gavhar Sharipovaning elka va qo`llaridan ushlab, tegajog`lik qiladi. Shu payt aktrisa avtomashina eshigini ochib, unga o`zini tashlab yuborishini aytib, ogohlantiradi. Ammo F.Sh. Gavhar Sharipovani eshikni ochiq holatda ushlab ketayotganligini ko`rib, uning avtomashinadan o`zini tashlab yuborishi va buning natijasida og`ir oqibatlar kelib chiqishi mumkinligiga ko`zi etsa-da, biroq beparvoligi tufayli buning oldini olmasdan, avtomashinani to`xtatish choralarini ko`rmaydi. F.Sh. avtomashinani o`ziga ishonish bilan boshqarishi natijasida Gavhar Sharipova yuk mashinasidan tushib ketadi va voqea joyida halok bo`ladi.

Ma`lumot uchun:

F.Sh. 1990 yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug`ilgan. O`zbekiston fuqarosi. Ma`lumoti o`rta-maxsus. Oilali, bir nafar farzandi bor. U muqaddam sudlangan bo`lib, unga nisbatan jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyati Nurobod tuman sudining 2019 yil 25 noyabrda­gi hukmiga ko`ra, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi va 45-moddasiga asosan, transport vosi­talarini boshqarish huquqidan 2 yilga mahrum qilish hamda ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

"Marhuma avtomashinaga chiqmagan, unga tegajog`lik ham qilmaganman"

Sudlanuvchi F.Sh. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirdi. Ammo Gavhar Sharipovani avtomashinaga mindirgani, unga tegajog`lik qilgani va oqibatda u avtomashinadan o`zini tashlab yuborganligi to`g`risidagi tergovdagi ilk ko`rsatmasini tasdiqlamasligini aytdi.

—  2019 yilning iyun oyidan buyon Toshkent-Termiz yo`nalishi bo`ylab yuk tashish bilan shug`ullanaman. 2019 yilning 18 noyabr kuni soat 21:00larda boshqaruvimdagi “Isuzu” avtomashinasiga Surxondaryo viloyati Angor tumanidan har xil ko`katlarni ortib, Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumaniga yo`l oldim. Tungi soat 02:15larda G`uzor tumani Qo`shtepa qishlog`idan o`tib, Yarg`unchi qishlog`i tomon ketayotganimda yo`lning chetida turgan 35-40 yoshlar chamasidagi sariq sochli ayol qo`lini ko`tarib, “olib keting” ishorasini qildi. Men esa avtomashinani to`xtashiga qaror qildim. O`sha vaqtda avtoulov tezligi soatiga 70-80 km bo`lganligi bois ayoldan taxminan 70-80 metr o`tib to`xtadim va uni mindirish niyatida soatiga taxminan 5 km/soat tezlikda ortga haydadim. Chamasi 20 metr yurganimdan so`ng avtomashina orqa tomonidan “taq” etgan ovoz eshitildi. “Isuzu”ni darhol to`xtatib, pastga tushdim va yo`lovchi ayolni avtomashinaning orqa o`ng g`ildiragining tashqi tomonida erda jonsiz yotganligini ko`rdim. Uni o`ziga keltirish uchun yuziga 2-3 marta urdim, ammo o`ziga kelmadi. So`ngra uning elkasidan ko`tarib, yo`lning chetiga olib chiqdim va “103”ga qo`ng`iroq qildim. Oradan 15-20 minutlar o`tib, Surhondaryo viloyatida yashaydigan Sh. ismli haydovchi tanishim “Isuzu” avtomashinasini minib oldimga keldi. O`sha payt bizning yonimizga Yarg`unchi QVP tibbiyot xodimlari ham etib kelishdi va ayolni ko`zdan kechirishdi.

Men marhumani avtomashinaga mindirib, unga tegajog`lik qilganim va oqibatda u avtomashinadan o`zini tashlab yuborganligi haqidagi tergovdagi ilk ko`rsatmamni tasdiqlamayman. O`sha vaqtda shoshilganimdan va IIB xodimlari ushbu jinoyatda meni shubha ostiga olishganligi uchun shunday mazmunda ko`rsatma berishga majbur bo`lganman. Gavhar Sharipovani avvaldan tanimayman, u bilan suhbatlashmaganman va tegajog`lik qilmaganman. Aslida uni avtomashinaning orqa tomoni bilan urib yuborganman, ehtiyotsizligim sabab baxtsiz hodisa ro`y berdi. O`sha  vaqtda mashinada va atrofda boshqa hech kim bo`lmagan. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Marhumaning oila a`zolaridan meni kechirishlarini va suddan menga engillik berishni so`rayman.

Sudlanuvchining vajlari rad etildi

Garchi F.Sh. sudda tergovdagi ko`rsatmalarini tasdiqlamasligi haqida gapirgan bo`lsa-da, uning bu vaji quyidagi asoslarga ko`ra rad qilindi:

­ Gavhar Sharipova “Isuzu” avtomashinadan tushib ketgan va olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida  halok bo`lgan. Bu holat marhumaning tanasida ko`plab shikastlar mavjudligi haqidagi ekspertiza xulosasi bilan to`liq isbotini topgan.

­ F.Sh. tergov jarayonida ushbu hodisa qanday yuz berganligini batafsil tushuntirib, haqqoniy va ishonchli ko`rsatma bergan. Shu bois sud F.Sh.ning suddagi ko`rsatmalarini javobgarlikni engillashtirish maqsadida aytilgan vaj, deya baholaydi va haqiqatga mos kelmaydi, deb hisoblaydi.

Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Qashqadaryo viloyat bo`linmasining 2020 yil 10 yanvardagi xulosasida, mazkur YTH vaziyatida “Isuzu” haydovchisi tormoz berish yo`li orqali hodisani oldini olish texnik imkoniyatiga ega bo`lganligi, uning harakatlari amaldagi “Yo`l-harakati qoidalari”ning 77-bandi talablariga zid ekanligi ko`rsatilgan.

"Aybdorni kechirmayman, etkazilgan zararni ham olmayman"

D.Sh, qonuniy vakil, marhumaning onasi:

— Qizim Gavhar Sharipova Toshkent shahrida yashovchi H. ismli kursdoshining uyida istiqomat qilgan. H.ning xonadoniga hech qachon bormaganman. Qizim “Qachon Toshkent shahridan uy sotib olsam, o`sha vaqtda kelasiz”, deb H.ning uyiga borishimga yo`l qo`ymasdi. Gavhar Sharipova turmushga chiqmagan, uni oxirgi marta 2019 yilning avgust oyida Navoiyga kelganida ko`rganman. O`shanda u uyimizda 10 kuncha turib, fuqarolik pasportini almashtirib, yana Toshkentga qaytib ketgan. 2019 yil 18 noyabr kuni soat 06:00larda Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari qizimni yo`l-transport hodisasiga uchraganini xabar qilishdi. Soat 12:00 larda uyimizga IIB xodimi kelib, Gavharni yo`l-tranport hodisasi natijasida vafot etganini aytdi. Qizimning o`limiga sababchi bo`lgan sudlanuvchi F.Sh.ni kechirmayman. Jinoyat natijasida etkazilgan zararni ham olmayman. Shu sababli aybdorga nisbatan qonuniy chora ko`rishlaringizni so`rayman.

"Unda tiriklik alomatlari sezilmadi"

H.S, guvoh. G`uzor tumani Yarg`unchi tez tibbiy yordam shahobchasining navbatchi vrachi:

— 2019 yil 18 noyabr kuni soat 02:15da amalga oshirilgan chaqiruvga asosan, G`uzor tumani Yarg`unchi qishlog`ida yashovchi fuqaroning homilasi be­zovta qilganligi uchun uning uyiga haydovchi va hamshira bilan birga bordik. Soat 02:45larda bemorning xonadonidan chiqqan vaqtimizda, haydovchi R.R. yana chaqiruv bo`lganini aytdi. Biz Yarg`unchi mahallasiga kirish yo`lidagi ko`prikka yaqin joyda ikkita “Isuzu” avtomashinasining to`xtab turganini ko`rdik. Mashinadan pastga tushgach, ikkala “Isuzu”ning oldida ikki nafar haydovchi turganiga ko`zimiz tushdi. Shu payt orqadagi avtomashina haydovchisi yo`lning chetida bir ayol yotganligini aytdi. “Isuzu”dan taxminan 3 metrcha uzoqlikda yo`lning chetida yotgan ayolning yurak urishini tekshirib ko`rdim. Ammo unda tiriklik alomatlari sezilmadi. “Isuzu” haydovchisiga ketmasligini va mazkur hodisa haqida tuman IIBga xabar berishini aytdim. U esa  darhol tuman IIBga xabar berdi.

Sud F.Sh.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o`limiga sabab bo`lishi) bilan aybladi. Shuningdek, sudlanuvchiga Jinoyat Kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalariga asosan, avvalgi hukmi yuzasidan o`talmay qolgan jazo muddati qisman qo`shilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yilu 6 oyga hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlandi. Asosiy jazo muddati 2019 yil 19 noyabrdan boshlab hisoblanishi belgilandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar