1

Tillaga tuzoq qo`yganlar

Jinoyat 19.01.2016, 12:07
Tillaga tuzoq qo`yganlar

Hayot tashvishlari kimni chetlab o`tmaydi, deysiz? Bola tarbiyasi, ro`zg`or yumushlari ayol gardaniga og`irlik qiladi. Ba`zan ko`ngling to`lib, kimgadir yuragingdagilarni to`kib solging keladi. Soliya aya ana shunday holatda edi. Darvoza oldidagi o`rindiqda o`tirgancha, xayol surarkan, nogahon eshitilgan ovoz sergak tortdirdi...

  “Chaqirilmagan mehmon”

— Opa, yaxshimisiz? Xomush o`tiribsiz, oyog`im shu tomonga tortaverdi-da o`zi. Ko`nglim sezdi bir gap borligini. Keling, fol ochib beray, romda ko`rinadi hammasi...

Soliya aya eshik tirqishidan tashqariga ko`z tashladi. Ostonada turgan  ayol bir yonidagi hamrohiga, bir Soliya ayaga qarab, tinimsiz gapirishdan to`xtamasdi.  

Ochsam ochtira qolay, deya eshik zulfini ko`tardi ayol...

Elkasidagi xurjunini erga qo`yib, o`rindiqqa o`tirgan lo`li ayollardan biri qo`lini ushlab, ayaning kaftlariga qarab fol ochishni boshladi... 

— Oilangizda janjal bo`layotgan ekan, sizlarni ko`rolmaydiganlar issiq-sovuq qilishgan. Oilasining tinchi buzilsin, deyishgan. Yaqin olamingizdan ham ayrilibsiz, ko`p siqilmang, opa... — deya bidirilayotgan ayol barmoqlardagi uzuklarga qarab ham rom ochmoqchi bo`ldi.

— Qo`lingizdagi uzuklar tilla emas, opa. Misdan yasalgan ular. Qaerdan olgandingiz?

Soliya ayaning ko`ngliga xavotir oraladi. Ikkilanib qoldi.    

— Yo`g`-a, tilladan yasalgan. Ancha bo`ldi sotib olganimga.

— Sotib olayotganingizda tekshirtirib ko`rganmidingiz? Tilla emas, opa. Keling, uzuklarni menga bering. Hozir tekshirib beraman. Aniq bilib olasiz...

Ko`ngilga shubha oralagan Soliya aya uning  qo`liga uzuklarni tutqazdi. Ikkinchi ayol  esa xurjunidan kichik idishlardagi suyuqliklarni oldi. Uzuklarni ustiga bir-ikki tomchi tomizib ko`rishdi. Suyuqlik tekkan joy qizarib, qorayib qoldi.

Soliya ayaning rangi o`chdi. Lo`lilarga esa jon kirdi.

— Mana, opa, aytmaganmidim tilla emas deb. Sizni aldab sotishgan. Yana boshqa taqinchoqlaringiz ham bormi? Olib chiqing, ularni ham tekshirib beramiz.

Soliya aya boshqa tilla taqincholqarini ham uydan olib chiqib, ayollarning  qo`liga tutqazdi. Zanjir, zirak va boshqa tilla buyumlar “zargar”larning tekshiruvidan so`ng qorayib qoldi.

— Hammasi qalbaki ekan, opa. Sizni aldashibdi. Essiz, opa, shuncha pulga olgandirsiz hali bularni...

Ayol kishining zebu ziynatga o`chligi rost. Tilla deb taqib yurgan taqinchoqlari mis bo`lib chiqqanidan kalovlanib qolgan Soliya Matkarimova nima qilishni ham, nima deyishni ham bilmay qoldi. Ana shu vaziyatdan foydalangan lo`li ayollar uni yana chuv tushirishdi:

— Sizga bir yordam qilay, opa. Keling, bu taqinchoqlaringizni menga berib yuboring. O`zim zargarga ko`rsatib, boshqatdan yasattirib olib kelib beraman. Ungacha siz bularni taqib turing, deya qulog`idagi zirak blian qo`lidagi uzugini Soliya ayaga uzatdi lo`li. – Roppa-rosa o`n kundan keyin olib kelib beraman. Keyin meni tilla taqinchoqlarimni qaytarib berasiz.

Quyuq xayrlashib, va`dalar berib ketgan “zargar” ayollar, 3 850 000 so`mlik taqinchoqlarni olganicha, “Qiyot” qishlog`ining “Oydin” mahallasiga boshqa qaytib kelishmadi. 

Navbatdagi  “ov”...

Osongina daromad topish kimga ham yoqmaydi? Tag`in sodda ayollarni chuv tushirib, ularning ishonchiga kirib, buyumlariga ega bo`lish namanganlik Dilafro`z Orzieva hamda Xurshida Sanginovalar uchun oson ish  bo`lib qoldi.

Qing`ir qilmishlari uchun oldinlari ham bir necha sudlanishgan bo`lishsa-da bu “hunar”larini tashlashmadi. Aksincha har gal boshqa viloyatning chekka qishloqlariga borib, ayollarni aldashda davom etishdi. Shu maqsadda ular bu gal “Idaliqal`a” mahallasi ko`chalarini kezishdi. Qo`ni-qo`shni bir joyga yig`ilsa, suhbat ham qiziydi. Uch-to`rt ayollarning ko`cha boshida gaplashib turishganini ko`rgan lo`lilar rejani amalga oshirishga urinishdi. Ayollarning suhbatiga qo`shilishib, ularning bo`yni va qo`llaridagi taqinchoqlarga zimdan qarashni unutishmadi.

— Eski narsalaringiz bo`lsa, sotib olamiz. Uylaringizda kerakmas eski-tuski buyumlar bordir, deya ayollarni uy-uylariga jo`natib yuborishni reja qilgan hamrohlar bu gal Rayhon Qurbonovaning taqinchoqlariga ko`z olaytirishdi.

— Opa, bo`yningizdagi tillami? Ha, degan javobdan keyin ham savol berishdan to`xtamagan D. Orzieva uni ko`proq gapga tutardi.

— O`xshamayapti, opa. Tilla suvi yugurtirilgan bo`lsa bordir, lekin aniq tilla emas. Keling, tekshirib beraman.

Bo`ynidagi zanjirini echtirib, xurjunidagi suyuqlikdan bir tomchi tomizgandi, zanjirning o`sha joyi qorayib qoldi.

— Mana, opa, tilla emas dedim-ku. Tilla bo`lganida qoraymasdi, umuman rangi o`zgarmasdi. Sizni aldab sotishgan.

R. Qurbonova ayolning gaplariga ishondi, qolgan tilla taqinchoqlarini ham tekshirtirish uchun ularning qo`liga tutqazdi.

O`n kundan keyin kelamiz, deya va`dalashib, odatdagiday o`z taqinchoqlarini berib ketishgan ayollar R. Qurbonovaning jami 1 800 000 so`mlik tilla taqinchoqlarini xurjuncha solishdi-yu, bu qishloqda qaytib qoralarini  ko`rsatishmadi.

Qing`ir ishning qiyig`i...

D. Orzieva va X. Sanginovalar bu gal Shovot tumanining boshqa qishlog`iga qarab yo`l olishdi. Ko`chalarni aylanib yurib, niyatlarini amalga oshirishga urinishdi. Qo`shni ayollarning o`zaro suhbatlashib turgani ularga qo`l keldi.

— Eski buyumlar sotib olib yuribmiz, bo`lsa olib chiqinglar, - deya suhbatga aralashishdi. Gap orasida qaysi qo`shninikida yaqin kunlarda to`y yoki aza bo`lganini bilib olishdi.

Yangi kelin tushirgan xonadon eshigini taqillatishdi. Hovliga kirishlari bilanoq, bu xonadonda yaqinda to`y bo`lganligi, kelinchakning poyqadami qutlug` kelganligini va yana yaxshi xushxabarlar borligini aytishib, uy bekasiniga fol ochtirishga ko`ndirishdi.

— Keliningizni ham chaqiring, unga ham fol ochaylik, — deya yonlariga chaqirishdi.

Aslida ularni kelinchakning taqinchoqlari qiziqtirardi. Hech narsadan bexabar kelin ularga qo`lini uzatdi. Kaftiga qarab, fol ochishni boshlagan D. Orzieva gap orasida taqinchoqlari haqida so`rashni unutmadi.

— Keling, aniqlab beraman. Biratla og`irligini ham bilasiz. Sizdan nima ketdi. Bu ishim pul olmayman. Faqat aldanib qolmanglar deyman, axir to`y qilish oson emas, sarf-xarajati bor. Do`konlarda ham hozir qalbaki taqinchoqlar ko`p, aldab sotaverishadi.

Qaynona-kelinning taqinchoqlariga suyuqlik tomizayotgan ayollar  “ssenariy” bo`yicha o`z “rol”larini yaxshi bajarishayotgan edi. Aslida spirt va yod aralashmasidan tayyorlangan  bu suyuqlikdan tilla taqinchoqlar qorayadi. Buni esa, hamma ham bilavermaydi-da!

— Mana, ko`rdingizmi, sizlarni aldashibdi... — deya tomosha ko`rsatib, taqinchoqlarni xurjunga solayotgan firibgarlarga  bu safar omad kulib boqmadi.

Odatda taqinchoq egalarini chalg`itib, paytdan foydalanayotgan firibgarlarning o`zlari Ichki ishlar xodimlarini ko`rib, dovdirab qolishdi. Jinoiy qilmishlari uchun sud hukmiga ko`ra D. Orzievaga  eng kam oylik ish haqining100 baravari miqdorida jarima hamda X. Sanginovaga ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Abdurashid JUMANIYoZOV,

Shovot tumani prokurori katta yordamchisi,

Nargiza Bo`ronova,

jurnalist

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1