1

Afg`oniston prezidenti xalqi nomidan O`zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirdi

Siyosat 02.12.2020, 16:34
Afg`oniston prezidenti xalqi nomidan O`zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirdi

Bugun, 2 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.

Unda ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va istiqbollari, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.

Suhbat avvalida Prezident Ashraf G`ani Afg`onistonning ko`p millatli xalqi nomidan O`zbekiston rahbariga afg`onlararo tinchlik jarayonini har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shu jumladan koronavirusga qarshi kurashish davrida amaliy yordam ko`rsatayotgani uchun samimiy  minnatdorlik bildirdi.

Prezidentlar ikki davlat o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik sur`ati ortib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ma`lumot uchun: Pandemiya oqibatlariga qaramay, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ko`paydi, biznes aloqalari faollashdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari uchun noyob imkoniyatlarga ega “Termiz” xalqaro savdo markazi tashkil etildi.

Savdo hajmini ikki barobar ko`paytirish uchun huquqiy bazani takomillashtirish, savdo uylari tarmog`ini kengaytirish va yangi kooperasiya loyihalari to`plamini shakllantirish masalalari o`rganilmoqda.

Gumanitar sohada qator muhim qo`shma tadbirlar muvaffaqiyatli o`tkazildi. Xususan, joriy yil oktyabr oyida Afg`onistonda ilk bor O`zbek tili bayrami davlat darajasida nishonlandi. Bundan tashqari, Termiz shahridagi Ta`lim markazi negizida afg`onistonlik mutaxassislarni tayyorlash davom etmoqda, shuningdek, sog`liqni saqlash sohasida salmoqli dasturlar amalga oshirilyapti.

Prezidentlar o`tgan hafta bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha Jeneva xalqaro konferensiyasining asosiy natijalarini yuksak baholadilar.

Mintaqada o`zaro bog`liqlikni yanada mustahkamlash, Afg`onistonni xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarga integrasiya qilishga qaratilgan ustuvor loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Transafg`on temir yo`l yo`lagini barpo etish loyihasini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida etakchi mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlarga qo`shma murojaat yo`llashga kelishib olindi. “Surxon – Puli Humri” yo`nalishida elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini jadallashtirish masalalari muvofiqlashtirildi.

Muloqot so`ngida davlat rahbarlari O`zbekiston va Afg`oniston o`rtasida do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va keng ko`lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilish qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Suhbat har doimgidek konstruktiv va do`stona ruhda o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1