1

Prezident kelgusi yilda qatnovlar tiklanadigan davlatlarni ma`lum qilib, aviachiptalar narxini tushirishga ko`rsatma berdi

Siyosat 09.12.2020, 21:17
Prezident kelgusi yilda qatnovlar tiklanadigan davlatlarni ma`lum qilib, aviachiptalar narxini tushirishga ko`rsatma berdi

Bugun, 9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi. 

Tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko`rib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga etkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid ko`plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta`minlash mumkin.

Shu bois kelgusi yildan Evropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatma berildi. Milliy aviakompaniyamizda chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo`yildi.

Davlatimiz rahbari ziyorat turizmida targ`ibot va ilmiy yondashuv etishmayotganini ta`kidladi. O`zbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi bo`yicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.

Sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o`rinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash bo`yicha tizimli shug`ullanadi.

Hududlarda hali etarlicha o`rganilmagan, sayyohlar jalb etilmagan qadamjolar ko`pligi ta`kidlandi. Madaniyat vazirligi, Din ishlari bo`yicha qo`mitaga 300 ta madaniy meros ob`ekti va ziyoratgohni restavrasiya qilish vazifasi qo`yildi.

Buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan 8 buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi bo`lgan moturidiya ta`limotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda Samarqand viloyati hokimligiga shu borada ko`rsatmalar berildi. Buxoro viloyatida islom dini va mintaqadagi din namoyandalari tematik xiyoboni loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1