1

O`zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri onlayn uchrashdi

Siyosat 11.12.2020, 16:06
O`zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri onlayn uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 dekabr kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o`tkazdi.

Sammit kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investisiviy, moliyaviy-texnik, ta`lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari o`rin oldi. Shuningdek, jahondagi vaziyat hamda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

O`zaro savdo hajmi ortib bormoqda. Global inqirozga qaramay, shu yil boshidan tovar ayirboshlash etti foizga ko`paydi.

Investisiyalar, innovasiyalar, sog`liqni saqlash, ta`lim va boshqa ustuvor yo`nalishlarda muhim loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda. Keyingi bir necha yilning o`zida qo`shma korxonalar soni ko`paydi, Toshkent va Andijon shaharlarida Hindistonning etakchi Amiti va Sharda universitetlari filiallari ochildi.

Mamlakatlarimizning yondashuvlari yaqin, ular xalqaro va mintaqaviy birlashmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qilib, bir-birlarini qo`llab-quvvatlab kelmoqda. 

Bosh vazir Narendra Modi davlatimiz rahbarini O`zbekistonning BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashiga saylangani bilan samimiy tabriklab, ushbu yutuq mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarning xalqaro e`tirofi ekanini ta`kidladi.

Muzokaralar chog`ida davlat etakchilari siyosiy sohada tizimli, ishonchga asoslangan muloqotni davom ettirish, jumladan, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralarining muntazam maslahatlashuvlarini o`tkazish va ular o`rtasidagi hamkorlikning o`rta muddatli dasturini qabul qilish muhimligini qayd etdilar. Parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish taklifi ilgari surildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarda asosiy maqsad sifatida yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga etkazish vazifasi qo`yildi.

O`zaro savdoning ortishi uchun qulay sharoitlar yaratish, bu yo`ldagi texnik to`siqlar va cheklovlarni bartaraf etish borasida birgalikda ishlashga kelishib olindi.

Samarali transport yo`laklari va logistika infratuzilmasini shakllantirish, aviaqatnovlarni tiklash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, istiqbolli investisiya loyihalarini ilgari surish, jumladan, Hindistonning etakchi tashkilotlari ilg`or texnologiyalari, texnik ko`magi va imtiyozli moliyaviy resurslarini jalb qilish masalalari ko`rib chiqildi. Qishloq xo`jaligi, innovasiyalar, muqobil energetika, farmasevtika va tibbiyot, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, kosmik tadqiqotlar ustuvor yo`nalishlar sifatida belgilandi.

Shavkat Mirziyoev va Narendra Modi, shuningdek, Andijon viloyati va Gujarat shtatining muvaffaqiyatli sherikligi misolida hududlararo aloqalarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Gumanitar sohada tomonlar ta`lim va kadrlar tayyorlash, kinematografiya, yoshlar tashkilotlari o`rtasidagi almashinuvlarni rivojlantirish, milliy madaniyat va tilni o`rganish, tarixiy meros ob`ektlarini restavrasiya qilish borasidagi qo`shma dasturlarni qo`llab-quvvatlaydilar.

Yurtimiz hududlarida “Ayurveda” hind tabobati an`anaviy tizimi va telemedisinani joriy etgan holda zamonaviy tibbiyot markazlarini tashkil etish taklif etildi. Hindiston tomoni O`zbekiston yoga federasiyasi faoliyatini qo`llab-quvvatlaydigan bo`ldi.

Sammit davomida xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. Yaqindan muvofiqlashuv va axborot almashinuvini davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tomonlar Afg`onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo`l bilan tartibga solish borasidagi xalqaro sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev Bosh vazir Narendra Modiga kelgusi yilda O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni yana bir bor taklif etdi.

Ikki mamlakat etakchilari har doimgidek ochiq, konstruktiv va o`zaro ishonch ruhida o`tgan hamda hamkorlikda ulkan salohiyat mavjudligini ko`rsatgan onlayn-muzokaralar natijalaridan g`oyatda mamnun ekanliklarini bildirdilar.

Sammit yakuni bilan tomonlar O`zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o`rtasidagi yaqin do`stlik va mustahkam sheriklik to`g`risida qo`shma bayonot qabul qildilar.

Bundan tashqari, uchrashuv doirasida iqtisodiyot, innovasiyalar, moliyaviy-texnik ko`mak, bojxona ishi va savdoni texnik tartibga solish, kadrlar tayyorlash va qo`shma ilmiy tadqiqotlar o`tkazishga doir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1