Butunjahon boks assosiasiyasi (WBA) bokschilarning 2020 yil dekabr oyi yakunlari bo`yicha yangilangan reytingini e`lon qildi.

Reytingdan 6 nafar o`zbekistonlik bokschi o`rin olgan.
Reytingda hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliev ikkinchi engil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Shuningdek, Ahmadaliev professional boksning IBF yo`nalishi bo`yicha ham chempion hisoblanadi.

Birinchi yarim o`rta vazn toifasidan (-63,5 kg) ikki nafar vakilimiz o`rin olgan. Yangilangan reytingda Rio-2016 olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Shahram G`iyosov 6-pog`onada qayd etilgan bo`lsa, yana bir vakilimiz Shohjahon Ergashev esa 8-o`rinni egallab turibdi.


Birinchi o`rta vazn (-69,85 kg) toifasidagi hamyurtimiz Isroil Madrimov esa 1-o`rinda qayd etilgan va u chempionlik kamari uchun birinchi raqamli da`vogarga aylandi.

Ikkinchi o`rta vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqo`ziev (-76,2 kg) esa noyabr oyida ajoyib g`alabaga erishgan bo`lsada, hamon 14-o`rinda bormoqda. U ayni paytda WBA Continental Americas kamari sohibi hisoblanadi.

Yarim og`ir vazn toifasida (-79,3 kg) ringga ko`tarilayotgan Rustam To`laganov ham avvalgi oydagi o`rnini saqlab qolgan – 14-o`rin.







