AsosiyMadaniyat

Toshkentda 11-16 yanvar kunlari "O`zbek milliy kino san`ati haftaligi" bo`lib o`tadi

'Toshkentda 11-16 yanvar kunlari "O`zbek milliy kino san`ati haftaligi" bo`lib o`tadi'ning rasmi

Joriy yilning 11-16 yanvar kunlari Yoshlar ijod saroyida “Yangi O`zbekiston va milliy kinematografiya” oyligi doirasida  "O`zbek milliy kino san`ati haftaligi"  tashkil etiladi. Bu haqda "O`zbekkino" Milliy agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda. Haftalik davomida yangi kinoloyihalar taqdimoti, yoshlar uchun mahorat darslari, davra suhbatlari, kasting va konferensiyalar hamda yangi filmlar premeralari bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.  

Bundan tashqari, Respublika bo`ylab taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, aholi bilan o`zbek kino san`ati tarixi va bugungi kuni bo`yicha muloqot uyushtiriladi. Uchrashuvlar so`nggida bir qator tarixiy-badiiy filmlarning bepul namoyishi bo`lib o`tadi. Ushbu haftalik Davlat rahbarining noyabr oyida yangilangan "O`zbekfilm" studiyasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi yuzasidan o`tkazilmoqda. Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan sohaning rivojlanish yo`li belgilab berilib, kinoijodkorlar oldiga qator topshiriq va vazifalar qo`yilgan edi. Kino haftalik doirasida yosh kinoijodkorlar uchun Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentda filialini ochish, Toshkent Xalqaro kinofestivalini tashkil qilish, chet elda saqlanayotgan o`zbek filmlarini qaytarish, yosh kinoijodkorlarga sharoit va imkoniyat yaratish kabi muhim topshiriqlar bo`yicha ekspertlar hamda mutaxassislar bilan "O`zbekkino"ning 2021 yilgi "yo`l xaritasi" qabul qilinadi.  

“Oldimizga qo`yilgan vazifalarni amalga oshirishda soha vakillari, ekspertlar va yangi loyihalar ishtirokchilarining taklif va tavsiyalariga ehtiyoj paydo bo`ldi. Ushbu yo`l xaritasini "kabinet"larda emas, balki kinojamoatchiligi bilan muhokama qilib ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega” – deya fikr bildirdi “O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Shuningdek, haftalik davomida milliy multiplikasiya, hujjatli va badiiy filmlar hamda yosh kinoijodkorlar kunlari o`tkaziladi.  Haftalikning har kuni bir-biridan qiziq o`ndan ortiq tadbir va uchrashuvlar, bir nechta kasting va pitchinglar, kino sohasiga oid dolzabr mavzularda davra suhbatlari hamda ijodiy uchrashuvlardan iborat bo`lib, kun so`ngida yangi premeralar namoyishi bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar