AsosiyJamiyat

“Toshkent shahar Kengashi deputatlariga havasim kelayapti”. Rasul Kusherbaev deputatlar ixtiyoriga 2 milliard so`mdan pul berilishi haqida gapirdi

'“Toshkent shahar Kengashi deputatlariga havasim kelayapti”. Rasul Kusherbaev deputatlar ixtiyoriga 2 milliard so`mdan pul berilishi haqida gapirdi'ning rasmi

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi har bir deputatga 2 milliard so`mdan pul ixtiyoriga berilib, o`zlari lozim deb topgan maqsadlar uchun ishlatadigan bo`ldi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati shunday dedi:

Bu yilning o`zida Toshkent shahar kengashi deputatlari ixtiyoriga byudjet tushumining orttirib bajarilgan qismidan 120 milliard so`m mablag` berilayapti ekan.

Toshkent shahri tumanlaridagi deputatlarning har biri esa 100 million so`m miqdoridagi mablag`larni yo`naltirish imkoniga ega bo`lishibdi.

To`g`risi Toshkent shahar Kengashi deputatlariga havasim kelayapti.

Boisi, joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar vaqti biz mamlakat miqyosida qabul qilayotgan qonunlar va davlat byudjeti haqida ma`lumot berishimizga qaramay saylovchilar o`zi yashayotgan ko`cha qachon ta`mirlanishi, simyog`ochlar qachon almashtirilishi, qachon ichimlik suvi kelishi kabi masalalar bo`yicha savollar berishadi.

Ularga shu ko`proq qiziq. Bu ham tabiiy hol.

Afsuski, deputatda bu kabi alohida muammollarni hal etish uchun so`rov, iltimos va murojaat kiritish huquqi bor xolos. Alam qiladigani joyida aniqlagan muammoni tezda bartaraf etish uchun mablag`ni yo`naltirish imkoni yo`q: yo qaysidir vazirlik yo hokimlikka yalinish kerak. Va natija ham shundan kelib chiqib.

Umuman har bir Oliy Majlis deputatlari uchun ham shunday amaliyot qilinsa, deputatlardan saylovchilarning roziligi oshgan bo`lardi.

Bu o`rinda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va hokimlik o`rtasidagi ushbu qadamni chin dildan qo`llab-quvvatlayman va boshqa hududlar ham namuna olsa bo`ladigan tajriba deb hisoblayman. Albatta agar hududlardagi yakkahokim, Kengash raisi bo`lgan rahbarlar sal deputatlar uchun ham qayishib, ular bilan hisoblashishni “o`ziga past ketish” deb tushunishmasa.

Deputat bu mablag`larni nimaga ishlatadi? 

Albatta saylovchilari tomonidan bildirilayotgan eng muhim muammolarni bartaraf etish: ko`chani ta`mirlash, suvni yaxshilash, aloqa sifatiga qarash va hokazolarga. Eng muhimi bu orqali saylovchilar deputatning haqiqiy kuchini ko`ra olishadi.

Shahar hokimligining bildirishicha, bir vaqtning o`zida tumanlar mahalliy byudjeti tushumlarining orttirib bajarilgan qismidan mahallalardagi mavjud muammolarni joyida bartaraf etish uchun har bir mahalla fuqarolari yig`ini raislariga 50 mln. so`mdan ajratilar ekan (519 ta mahalla-jami qariyb 26 mlrd.so`m).

Menimcha shahar Kengashi va hokimlik jamoasi jamoatchilik bilan ishlash va hisoblashishni amalda ham o`zining ustuvor masalasi sifatida ko`rayapti”. 

“Xullas bo`layotgan o`zgarishlarga ko`z tegmasin”,– deya o`z fikrini yakunlaydi Kusherbaev. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar