O`zbekistonda istiqomat qilayotgan lo`li bolalarni huquqiy jihatdan himoyalash masalasi Parlament komissiyasida ko`rib chiqildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Inson huquqlari sohasida O`zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo`yicha parlament komissiyasida “Irqiy kamsitishlarning barcha shakllarini tugatish to`g`risida”gi xalqaro konvensiyani bajarish bo`yicha milliy harakatlar rejasi ijrosi yuzasidan Bosh prokuraturaning axboroti eshitildi.
Mazkur milliy harakatlar rejasining 12 ta tadbirida Bosh prokuratura ijrochilar qatorida nazarda tutilgan bo`lib, unga ko`ra etnik guruhlarning huquqlarini amalga oshirishga to`sqinlik qiluvchi omillar muntazam tahlil qilinmoqda.
Jumladan, “Ta`lim to`g`risida”gi Qonun bilan jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, har kimga ta`lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.
Respublikamizda 2020 yil yakuni bo`yicha 28 mingdan ortiq lo`li bolalari qayd etilgan bo`lib, ularning 15 ming nafari uy, 428 nafari maktabgacha ta`lim tarbiyasida, 12 ming nafari maktablarda, 98 nafari kollej va liseylarda ta`lim olayotganlar hisobiga to`g`ri keladi. 2018 yilda 1 200 dan, 2019 yilda 1 400 dan va 2020 yilda 1 800 dan ortiq lo`li bolalariga ijtimoiy yordam berilgan.
Qayd etilgan etnik guruhlar va apatridlar uchun irqiy kamsitishlar sohasida huquqiy himoya masalalari bo`yicha Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bilan hamkorlikda seminar-treninglar ishlab chiqilgan.
Parlament komissiyasida BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo`yicha qo`mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi doirasida Bosh prokuratura tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo`lgan dolzarb vazifalar ham belgilanib olindi.






