1

2021-2025 yillarga Korrupsiyaga qarshi kurashga mo`ljallangan milliy strategiya loyihasi muhokama qilindi

Siyosat 28.01.2021, 18:57
2021-2025 yillarga Korrupsiyaga qarshi kurashga mo`ljallangan milliy strategiya loyihasi muhokama qilindi

28 yanvar kuni “O`zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha 2021-2025 yillarga mo`ljallangan milliy strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag`ishlangan Milliy maslahatlashuv yig`ilishi” bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbaeva kirish so`zi bilan qatnashdi.

Shuningdek, BMT Tarakkiyot dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili M. Dimovska, Oliy Majlis palatalari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So`nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Jumladan, mamlakat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo`yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. “Korrupsiyasiz soha” loyihalari, “Yo`l xaritalari” va dasturlar tasdiqlandi hamda qator nodavlat notijorat tashkilotlari bilan amaliy hamkorlik yo`lga qo`yildi.
Bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Shunday ishlarning davomi sifatida, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo`yicha davlatimizning yaqin va o`rta istiqboldagi asosiy ustuvor vazifalarini yo`naltirishga qaratilgan yana bir muhim hujjat – Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha 2021-2025 yillarga mo`ljallangan milliy strategiyaning loyihasi ishlab chiqildi. U kelgusi besh yillikdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi asosiy ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi, bu boradagi harakatlarni birlashtiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat hisoblanadi.

Milliy strategiya loyihasida mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi joriy holati, kamchiliklar, davlat siyosatining kelgusidagi asosiy yo`nalishlari aks ettirilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, ushbu vazifalarni bajarilishini monitoring qilish va moliyalashtirish mexanizmini belgilash hamda amalga oshirilgan ishlardan kutilayotgan natijalar o`rin olishi rejalashtirilgan.

Tadbirda mazkur loyiha yuzasidan Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi N. Umarov so`zga chiqib, strategiyani amalga oshirish natijasida milliy  qonunchiligimiz takomillashtirilishi, mamlakatda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy tizim yaratilishi, parlament va jamoatchilikning samarali nazorati ta`minlanishi, aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksaltirilishi hamda mamlakatning bu sohadagi xalqaro reytinglar va indekslar bo`yicha ko`rsatkichlari yanada yaxshilanishini qayd etdi.

Ishtirokchilar tomonidan huquqiy bo`shliqlarni bartaraf etish, davlat xizmati tizimining normativ asoslarini takomillashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, daromadlarni deklarasiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, davlat xaridlarining samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV faoliyatining chinakam erkinligini ta`minlash bo`yicha tegishli takliflar bildirildi.

Yig`ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida Milliy strategiyaning dastlabki loyihasi takomillashtiriladigan bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1