Bugun, 30 yanvar kuni AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig`i Qudratilla Odinaev ishtirokida brifing o`tkazildi.
Brifingda Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi tomonidan 2020 yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnat va majburiy mehnat holatlarini aniqlash bo`yicha o`tkazilgan monitoring natijalari haqida ma`lumot berildi.
Hisobotda 2020 yilda paxta terimiga majburiy jalb etish holatlari 2019 yilga nisbatan 33 foizga kamaygani va 4 foizni tashkil etgani keltirilgan.
Terilgan paxta uchun to`lov miqdorlarining oshirilishi, mehnat va dam olish sharoitlarining sezilarli darajada yaxshilanganligi, shu bilan birga bu borada hukumat va jamoatchilik tomonidan ham doimiy nazorat olib borilgani hisobotda alohida qayd etilgan.
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Kotton Kompeyn” xalqaro koalisiyasi o`z rasmiy vebsaytida “O`zbek paxtachiligida o`zgarayotgan manzara” sarlavhali maqola chop etdi.
“Kotton Kompeyn” xalqaro koalisiyasi bayonotiga ko`ra, 2020 yil paxta yig`im-terim mavsumidagi ijobiy o`zgarishlar O`zbekiston hukumatining majburiy mehnatga barham berishga yo`naltirilgan islohotlari hamda amalga oshirilayotgan tadbirlari natijasidir.
Qayd etish kerakki, Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruhlari tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 3 048 ta tashkilot, fermer ho`jaliklarida o`rganish ishlari olib borildi.
O`rganishlar davomida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 653 mln. 167 ming so`m miqdorda ma`muriy jarima tayinlandi.
Jumladan, 2020 yilgi paxta-yig`im terimi davrida majburiy mehnatga yo`l qo`yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs, shu jumladan, tashkilot rahbarlari, hokim va uning o`rinbosarlari Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va yana 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.
Bundan tashqari, 61 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 34 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 ta holatda mehnat vazifasini bajarmaganligi, 17 ta holatda ish haqining o`z vaqtida to`lamaslik faktlari aniqlanib, klaster va fermer xo`jalik rahbarlari ma`muriy javobgarlikka tortildi.