AsosiyJamiyat

Ekologiya qo`mitasining matbuot kotibi «g`alati topshiriq»ni bajarishga ko`nmagani uchun bosimga uchraganini aytmoqda

'Ekologiya qo`mitasining matbuot kotibi «g`alati topshiriq»ni bajarishga ko`nmagani uchun bosimga uchraganini aytmoqda'ning rasmi

2 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining kengaytirilgan hay`at yig`ilishida qo`mitaning bir qator xodimlari ishdan olingan. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullaev Kun.uz’ga ma`lum qilgan.

«30 yanvar kuni O`zbekiston prezidenti administrasiyasi rahbari o`rinbosarlari qo`mitaga kelib yig`ilish o`tkazdi. Unda qo`mitaning asosan o`rta bo`g`in faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Ya`ni ekologiya sohasidagi barcha kamchiliklar o`rta bo`g`inda ekanligi ta`kidlandi. 2 fevral kuni esa bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov va u boshchiligidagi kompleks rahbarlari, vazir hamda vazir o`rinbosarlari ishtirokida kengaytirilgan hay`at yig`ilishi chaqirildi.

Bu yig`ilishda 6 nafar boshqarma boshliqlari ishdan olindi. Jumladan, o`sha kuni ishdan ketadi deyilganlar ro`yxatida qo`mitaning Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i Umidjon Abdujalilov, Suv, er resurslari va er osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i Sobir Mashrabov, Xalqaro aloqalar va hamkorlik bo`limi boshlig`i Jahongir Tolipov, yurist Davron Xolmuhammedov va Qashqadaryo viloyat boshqarma boshlig`i G`anisher Ibrohimov hamda mening ism-familiyam bor edi», deydi Abdullaev.

Matbuot kotibining aytishicha, o`zining ham bu «ro`yxatga tushib qolishi»ga ikki hafta avval «yuqoridan kelgan g`alati topshiriq» sabab bo`lishi mumkin. Bu topshiriq transport vazirligining mas`ul xodimidan bo`lgan.

«Ikki hafta avval O`zbekiston transport vazirligidan shaxsiy telefon raqamimga qo`ng`iroq bo`ldi. Qo`ng`iroqda o`zini «Ramatovning maslahatchisiman» deb tanishtirgan kishi menga bosh vazir o`rinbosarining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida alohida shtab tashkil qilingani hamda biz ham shu imijni yaxshilash uchun haftaning har juma kuni ular tasdiqlagan mavzu bo`yicha ma`lumot berib turishimiz kerakligini buyurdi.

Maslahatchining aytishicha, keyinroq shtabga to`plangan bu ma`lumotlar barcha ommaviy axborot vositalariga ularning nomidan tarqatilar ekan.

Hozir siyosiy jarayonlar oldida turibmiz. Men tabiiyki, bundan shubhalandim, chunki hozir saylov jarayonlari yaqinlashmoqda. Shu sabab men unga rahbariyat tomonidan qandaydir topshiriqlar bo`lsagina uni bajarishimni aytdim.

«Ramatovning maslahatchisi» esa «meni to`g`ri tushunmadingiz shekilli, «kabmin»dagi kuratoringizga aytaman, o`zi gaplashadi», deya telefonni o`chirib qo`ydi.

Oradan ko`p o`tmay menga endi Vazirlar Mahkamasidagi «kuratorimiz» Bahodir Shukurov telefon qildi (Bahodir Shukurov Vazirlar Mahkamasida bosh mutaxassis vazifasida ishlovchi mutaxassis – tahr.)», deydi Abdullaev.

Bunyod Abdullaev «kuratori»dan yozma topshiriq tushirishni so`ragan.

«U menga shtab boshlig`i (maslahatchi) bergan topshiriqlarni so`zsiz bajarishimni buyurdi. Men bu bo`yicha faqat yozma topshiriq kelsagina ish boshlashimni aytdim.

Bahodir Shukurov esa yozma topshiriq bo`lmasligi, shu qo`ng`iroq menga yozma topshiriqligini aytdi. Unga yana avvalgi javobimni takrorlaganimdan keyin telefonni jahl bilan qo`yib qo`ydi», deydi Bunyod Abdullaev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Abdullaev hozirda qo`mita rahbariyati bilan munosabatlari ancha taranglashganini, qo`mita raisi va kadrlar bo`limi boshlig`i ishdan bo`shash haqida ariza yozib berishni talab qilib, unga bosim o`tkazayotganini ta`kidlab o`tgan.

«Men sababsiz ariza yozmasligimni aytyapman. O`ylaymanki, shunchaki sababsiz ishdan bo`shab ketmayman. O`zbekistonda mehnat qonunchiligi ishlashiga ishonaman», dedi Abdullaev.

 

    Boshqa yangiliklar