Tibbiy niqob turlari va ulardan foydalanish haqida SSV Matbuot xizmatiga Toshkent tibbiyot akademiyasi o`quv ishlari bo`yicha prorektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Boymurodov batafsil so`zlab berdi:
— Hozirgi kunda tibbiy niqoblarning bir necha turlari mavjud. Ular sirasiga: kunlik (muolaja) niqoblar, maxsus xirurgik niqoblar, sterillangan va sterillanmagan niqoblar kiradi.
Kunlik (muolaja) niqoblar – bir marotabalik tibbiy mahsulot hisoblanib, uchta qavatdan iborat: ichki va tashqi qavati, o`rtasida filtri bo`ladi.
Maxsus tibbiyot niqoblari 4 qism bo`lib, filtr, ichki va tashqi qismlaridan tashqari suyuqlik o`tkazmaydigan maxsus plast qismiga ham ega. Niqobning ushbu qismi teri qoplamasini turli biologik suyuqliklardan himoya qiladi.
Sterillanmagan niqoblar kundalik faoliyatda qo`llaniladi.
Sterillangan niqoblar esa maxsus toza joylarda foydalaniladi (xirurgik muolaja jarayonida, laboratoriyada va hokazo).
Tibbiy niqoblardan 2 soatdan 6 soatgacha foydalanish mumkin. Pandemiya sharoitida mutaxassislar niqoblardan 2 soatdan ortiq foydalanmaslikni hamda foydalanilgan niqoblarni utilizasiya qilishni tavsiya etishadi.
Bundan tashqari, virus organizmga nafaqat nafas olish tizimi, balki ko`z konyuktivasi, ochiq yaralar va ifloslangan qo`llar orqali ham yuqishi mumkin. Shuning uchun ham, jamoat joylarida ijtimoiy masofani 1,5-2 metr oralig`ida saqlash, yuz va ko`zlarga yuvilmagan qo`llar bilan tegmaslik kerak.
Tibbiy niqoblarning yana bir turi, respiratorlar ham koronavirus infeksyasidan himoyalashda samarali ta`sirga ega.
Oddiy tibbiy niqoblarga qaraganda respiratorlar – kasallik tashuvchi bemor uchun xavfsiz hisoblanadi va ularning bir necha turlari mavjud. Ular nafas organlarini chang va toksik, notoksik aerozollar, bakteriya va radioaktiv metall zarrachalaridan himoyalaydi va 8 soatgacha vaqt mobaynida 80 foizdan 99 foizgacha virusdan himoya qiladi.






