Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan ish beruvchi kompaniyalar va vakolatli tashkilotlar bilan muzokaralar natijasida chet elda ishlash istagida bo`lgan yurtdoshlarimiz qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatishning turli sohalariga ishga jalb etilmoqda.
Ana shunday say`-harakatlar natijasida Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahridagi “ENKA” qurilish kompaniyasida ishlash uchun 49 nafar fuqaro, Amur viloyatidagi “PSP” MChJda ishlash uchun esa 197 nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportidan jo`nab ketdi.
Toshkent xalqaro aeroportida fuqarolarga Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan odam savdosi bilan bog`liq jinoyat qurboni bo`lib qolishning oldini olish maqsadida tegishli tushuntirishlar berilib, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan materiallar tarqatildi.
Yurtdoshlarimiz Rossiya Federasiyasida belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish ob`ektlarida ish boshlaydi.






