AsosiyJamiyat

Boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish tartibi qanday?

'Boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish tartibi qanday?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti  to`g`risida»gi qonunning  lV bobida boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish tartiblari ko`rsatilgan.

Vafot etgan boquvchining qaramog`ida bo`lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a`zolari boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega.

Boquvchisini yo`qotgan voyaga etmagan farzandlar pensiya olish huquqiga ega, ular farzandlikka olingandan keyin ham bu huquq saqlab qolinadi.

Er (xotin)ning vafot etganligi sababli tayinlangan pensiya, pensioner yangi nikohdan o`tganida ham saqlanib qoladi.

Marhumning qaramog`ida turmagan ota-onasi va eri( xotini) ham,keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag` manbaidan mahrum bo`lib qolsalar,pensiya olish huquqiga ega.

Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan boquvchining oilasiga,shuningdek marhum pensionerning oilasiga pensiya boquvchining ish stajidan  qat`i nazar tayinlanadi.

O`quvchilar 18 yoshga to`lgunga qadar boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega.

O`gay farzandlar,agar ular ota-onalaridan aliment olmagan bo`lsalar, haqiqiy farzandlar singari pensiya olish huquqiga ega.

Misol: Vafot etgan boquvchining qaramog`ida 5 yoshli qizi, 4 yoshli o`g`li, 26 yoshli ishlamaydigan xotini va 53 yoshli ishlamaydigan onasi bo`lgan. Pensiya faqat oilaning 2 a`zosiga ya`ni mehnatga qobiliyatsiz oila a`zolariga tayinlab beriladi.

Boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi — pensiya olish huquqi paydo bo`lgan kundan boshlab, lekin pensiya tayinlanishi uchun murojaat etishdan oldingi 6 oydan oshmagan muddatdan e`tiboran tayinlanadi. Pensiya ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq marhumning oila a`zosi mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblangan butun davr uchun, oilaning: erkaklar — 60 yoshga, ayollar — 55 yoshga to`lgan a`zolari uchun esa — umrbod tayinlanadi.

Qonunning vafot etganlar oilalariga taalluqli hamma qoidalari bedarak yo`qolganlarning oilalariga ham, agar boquvchining bedarak yo`qolganligi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo`lsa, tegishli ravishda joriy qilinadi.

    Boshqa yangiliklar