Pandemiya qachon tugaydi? Bu o`tgan yili COVID-19 dunyoni egallab olganidan beri deyarli hamma joyda berilayotgan savol hisoblanadi. Bu savolga javobni koronavirusga qarshi emlash miqyosi bilan o`lchash mumkin.
Bloomberg axborot agentligi hozirgacha butun dunyo bo`ylab necha kishi koronavirusga qarshi emlangani borasida eng katta ma`lumotlar bazasini yaratdi. Unga ko`ra, shu paytgacha jahonda jami bo`lib 108 milliondan ziyod odam vaksinani qabul qilib bo`ldi. AQShlik virusolog Antoni Fauchining aytichisha, biron mamlakat odatiy hayot tarziga qayta olishi uchun aholining 70-80 foizida virusga qarshi immun tizimi mavjud bo`lishi kerak.
Statistikaga ko`ra, hozirda dunyodagi bir necha mamlakatlar o`z aholisini emlash ishlarini boshqalarga qaraganda juda tezkorlik bilan amalga oshirib, fuqarolarining 75 foizini emlashni rejalashtirmoqda.
Masalan, Isroil ikki oy ichida o`z aholisining 75 foizini emlash yo`lidan borayotgan bo`lsa, AQSh bu darajaga 2021 yilning so`nggiga qadar etishni maqsad qilgan.
Ayni paytda boyroq bo`lgan g`arb mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlash ishlari tezkorlik bilan amalga oshirilayotgan bo`lsada, hozirgi vaksinasiyalash tezligi bilan butun dunyo aholisini vaksina bilan ta`minlashga umumiy hisobda 7,4 yil vaqt ketadi.
Vaksinani qabul qilgan odamning organizmida bir necha haftadan keyin virusga qarshi immun tizimi hosil bo`ladi. Ammo, agar bir mamlakatda juda oz sonli odamlargina emlansa, virus tarqalishda davom etadi. Qanchalik ko`p odam emlansa, virusning tarqalish ehtimoli shunchalik kamayadi va jamiyatda COVID-19 ga qarshi ommaviy immunitet hosil bo`ladi.
Ammo, bugungi kunda jahondagi olimlar orasida ommaviy immunitetga qachon erishilishi borasida turlicha fikrlar mavjud. Olimlarning ba`zilari jamiyatdagi jami odamlarning 75 foizi emlansa bunday immunitet hosil bo`lishini aytishmoqda. Boshqalar esa, aholida tabiiy ravishda koronavirusga qarshi immunitet hosil bo`lishini aytishadi. Ya`ni, mamlakatdagi odamlarning ma`lum miqdori virusni yuqtirib, undan tuzaladi va ular shu orqali tabiiy immunitetga erishishadi






