AsosiyJamiyat

“Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotishning birinchi bosqichi yakunlandi

'“Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotishning birinchi bosqichi yakunlandi'ning rasmi

2020 yil 16 dekabrda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan berilgan “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ (keyingi o`rinlarda - Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayoni boshlanishi to`g`risidagi E`longa muvofiq, sotish jarayonining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Unga ko`ra, davlat ulushini sotib olish uchun qiziqish bildirgan talabgorlardan takliflar 2021 yil 15 yanvarga qadar qabul qilindi.

Davlat ulushini sotib olish bo`yicha Agentlikka va Moliyaviy maslahatchiga Osiyo, Evropa, Amerika va Afrika qit`alari mamlakatlaridan bir qancha talabgorlarning takliflari kelib tushdi.

Talabgorlardan kelib tushgan barcha takliflar O`zbekiston Respublikasining “Mas`uliyati cheklangan va qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risida”gi Qonunining 20-moddasini inobatga olgan holda hamda Kompaniya ustavi va uning faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlar talablariga muvofiq, Kompaniyaning ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda ko`rib chiqildi hamda sotish uchun belgilangan mezonlarga mos kelgan deb e`tirof etilgan talabgorlar aniqlandi hamda keyingi bosqichga o`tkazildi.

Ushbu talabgorlar bilan muzokaralar jarayoni davlat ulushini sotish bo`yicha jalb etilgan xalqaro maslahatchilar – “Rothschild & Cie” investisiya banki (moliyaviy maslahatchi, Fransiya) va “Dentons” yuridik firmasi (yuridik maslahatchi, Buyuk Britaniya) ishtirokida davom ettiriladi.

Mazkur bosqichda talabgorlar bilan Oshkor etmaslik to`g`risidagi tegishli bitimlar imzolanadi. Kompaniya to`g`risidagi qo`shimcha ma`lumotlar, jumladan Axborot memorandumi, Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari, biznes-rejasi, yuridik, moliyaviy va soliq jihatdan o`rganish hisobotlari ularga taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar