Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikasiya qilish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (60-son, 08.02.2021 y.) bilan Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikasiya qilish va qayta yo`naltirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, quyidagilar dastlabki identifikasiyani bevosita amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari hisoblanadi:
● Ichki ishlar vazirligi;
● Bosh prokuratura;
● Davlat xavfsizlik xizmati;
● Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar;
● Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
● Sog`liqni saqlash vazirligi.
Dastlabki identifikasiya suhbat shaklida amalga oshiriladi va uni o`tkazish uchun shaxsdan rozilik olish talab etiladi.
Odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarning quyidagi huquqlardan foydalanishi ta`minlanadi:
● tibbiy yordam olish;
● psixologik yordam olish;
● huquqiy maslahat olish;
● vaqtincha yashash joyidan (boshpanadan) foydalanish;
● yaqin qarindoshlari bilan aloqa o`rnatish;
● tarjimon xizmatlaridan tekin foydalanish.
Yakuniy identifikasiya Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha hududiy komissiya tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi.






