Deputat Rasul Kusherbaev shu kunlarda o`zi bilan sodir bo`lgan voqeani so`zlab, IIV tizimidagi ayrim kamchiliklar, IIB xodimlari dardi xususida so`z yuritdi.
"Kecha yomg`ir ostida xizmat qilayotgan yo`l harakati inspektoriga duch keldim. O`z o`zidan undan ishlarning ahvoli va sharoitlar haqida so`radim.
Bilasizmi, ismi sir qolishi sharti bilan boyaqish xodim bir dunyo muammolarini aytib berdi: og`ir ish yuklamasi, ayrim "rezultat" uchun ishlar, "kattalar"ni qonunda ko`rsatilmagan qo`shimcha topshiriqlari va hokazo.
Eng asosiysi va norozilikning boshi – ularning hamon normal ish rejimiga rioya qilmagan holda majburiy ishlatilishga yo`l qo`yilayotgani. Ayrimlari hamon sutkalab uyiga borolmaydi.
Ular ham aslida kimningdir farzandi, otasi, akasi yo ukasi, ularda ham oila bor. Lekin haliyam jonsiz robotdek munosabat.
«Ichki ishlar organlari to`g`risida»gi qonun talablaridagi mehnat muxofazasi masalalari hamon ichki ishlar tizimining o`ziga tadbiq qilinmayotganligi achinarli hol. Aslida qonun talabini buzganlik uchun biz ichki ishlarga murojaat qilishimiz kerak. Biroq ularning o`zlari o`zlariga tegishli qonunlarga amal qilisha olmayapti.
Bu holatda kim kimga suyanadi?
Savol hamon ochiq.
Og`ir ish yuklamasi, charchoq asabbuzarlik va fuqarolar bilan munosabatda chegaradan chiqishga olib kelishi mumkin.
Kamiga eshitishimizcha, Toshkent viloyatidagi yo`l harakati xodimlarini yana navbatdan tashqari attestasiyada o`tkazishmoqchi ekan. O`zi o`tgan yili shunday attestasiya o`tkazilib noqulay, nonormal ish rejimi sharoitida ishlashga chidab yurgan xodimlar orasidan 140 tachasi 6 oy muddatga qolib ketgan ekan. Prinsipning noyobligini qarang - sharoit yo`q, biroq talablar bir dunyo. Attestasiyada ham davriylik bo`lishi kerak.
Biz IIV rahbariyatidan o`z xodimlariga nisbatan mavjud qonun talablariga amal qilishlarini so`rayotgan bir vaqtda, qonun talablariga amal qilmayotgan tizimning yuqori elitasi quyi xodimlarni qayta-qayta attestasiyadan o`tkazish bilan shug`ullansa. Biroq bu bilan yuqoridagi qonun ishlab ham ketmayapti.
Balki attestasiyani tizimning boshidan boshlasa adolatli bo`lar. Masalan tizim boshidagilarning «Ichki ishlar organlari to`g`risida»gi qonun talablaridan qanchalik xabardorligi va bunga tizimda qanchalik amal qilishayotganligi yuzasidan", - deya yozib qoldirgan Kusherbaev.






