AsosiyJamiyat

Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro`yxatlariga kiritish tartibi belgilandi

'Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro`yxatlariga kiritish tartibi belgilandi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ-670, 08.02.2021 y.) qabul qilindi.

Unga ko`ra, O`zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro`yxati mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar asosida tuziladi.

Tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro`yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to`g`risida xabardor qiladi.

 Chet davlatlarda turgan fuqarolar o`zlarini saylovchilar ro`yxatiga kiritish to`g`risida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda O`zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka  saylov komissiyalariga yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

 O`zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari:

➖ chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro`yxatiga kiritish to`g`risidagi murojaatida ko`rsatilgan shaxsga doir ma`lumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro`yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi;  

➖ saylovchilar ro`yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma`lumotlarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.  

Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro`yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma`lumotlarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro`yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim etadi.

O`zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan erdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o`tkaziladi.

 

    Boshqa yangiliklar