Iste`molchilarni huquqlarini himoya qilish Agentligining ma`lum qilishicha, aynan shuncha miqdordagi iste`molchilar avtomobil vositalarini keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing bo`yicha xizmatlarni amalga oshirish orqali noqonuniy daromad olish bilan shug`ullangan ayrim tadbirkorlar faoliyatidan norozi bo`lib murojaat qoldirishgan.
Nima sababdan shartnomada iste`molchi huquqlari hisobga olinmagan? Avtomobil vositasi ham, unga to`langan mablag` ham yuq: odamlarni aldashning sxemasi qanday? Aldangan iste`molchilar kimga murojaat qilishlari kerak?
Buni bilish muhim: SOTISh ShARTI BILAN IJARAGA BERISh YoKI LIZING?
O`zbekiston Respublikasi “Lizing to`g`risida”gi qonunga muvofiq:
Lizing – moliyaviy ijaraning alohida turi bo`lib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirig`iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing ob`ektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun o`n ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bunda lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing ob`ekti lizing oluvchining mulki bo`lib o`tsa;
lizing shartnomasining muddati lizing ob`ekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq bo`lsa yoki lizing ob`ektining lizing shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlang`ich qiymatining 20 foizidan kam bo`lsa;
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing oluvchi lizing ob`ektini uning bozor qiymatidan past narxda evazini to`lab sotib olish huquqiga ega bo`lsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi lizing ob`ekti qiymati asos bo`ladi;
Lizing uch taraflama (sotuvchi – lizing beruvchi – lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi – lizing oluvchi) lizing shartnomasi bo`yicha amalga oshiriladi.
Lizing beruvchi va sotuvchi o`rtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilayotganida qo`shimcha ravishda lizing ob`ektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
Lizing faoliyati bilan shug`ullanuvchi ba`zi kompaniyalar, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijara shartnomasini tuzishni taklif qilishadi. Ijaraga berish lizingdan farq qilib qilsa-da, ko`p jihatlari bilan bir-biriga yaqin hisoblanadi. Lizingda ijaraga berilayotgan mulk, lizing beruvchi tomonidan mijoz uchun maxsus xarid qilinsa, ijarada bu keng qabul qilingan qaror hisoblanmaydi (ya`ni, tashkilot avtomobil vositasi egasi bo`lmasligi mumkin); lizing shartnomasida uch tomon qatnashadi, ijara shartnomasida esa ikki kishi kifoya.
ISTE`MOLChILAR HUQUQI NEGA HISOBGA OLINMADI?
Shartnomani tuzishda shartnoma turiga (keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olishmi yoki lizing) e`tibor qaratish lozim, chunki, shunga bog`liq holda tomonlarning majburiyatlari va javobgarligi ham turlicha bo`ladi. Kompaniya iste`molchiga o`zining ro`yxatdan o`tganligi hamda faoliyat yo`nalishi to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etishi zarur. Agar iste`molchining iltimosiga binoan shartnoma notarial tasdiqlanmagan bo`lsa, unda biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, tuzilayotgan shartnoma lizing emas.
Shartnomani imzolashda ayniqsa tomonlarning majburiyatlari va javobgarligiga alohida e`tibor qaratish kerak. Amaliyotning ko`rsatishicha, insofsiz kompaniyalar avtomobil vositalarini sotib olish shartnomasini tuzishda javobgarlikni iste`molchining zimmasiga tushishiga harakat qilishadi, bu o`z navbatida iste`molchining yakunda zarar ko`rishiga va hattoki avtomobil vositasidan ayrilishiga olib kelishi mumkin.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “Umid Avto Lizing” kompaniyalar guruhining avans to`lovlarni amalga oshirish hamda avtotransport vositasini keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish to`g`risidagi shartnomalarni o`rganish davomida bir qator bandlar bo`yicha “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuning talablariga nomuvofiqlik aniqlandi, xususan:
- Avans to`lovlari to`g`risidagi shartnomalarda transport vositalari to`liq qiymati ko`rsatilmagan, ya`ni avans to`lovi hisoblangan avtomobil vositasining qiymati keltirilmagan. O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunining
4-moddasiga muvofiq, iste`molchilar tovar (ish, xizmat) to`g`risida to`liq va ishonchli ma`lumot olishga haqlidirlar; - Avans to`lovlari to`g`risidagi shartnomada ijaraga olish uchun zarur bo`lgan hujjatlarni yig`ish, tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog`liq xarajatlarni qoplashga iste`molchidan foiz (shartnoma summasidan) undirish ko`zda tutilgan. Shuningdek, yo`l fondi, notarial xarajatlar, ob`ektni sug`urtalash, avtomobil texnik pasporti, hisob ma`lumotnomasi, bank xarajatlari, DAN (saqlash) kabi harajatlarni qoplash uchun ham bandlar mavjud. Mazkur harajatlar aksariyat hollarda takrorlanishi, yuqoridagi Qonunning 21-moddasi talablariga zid bo`lib, unga ko`ra sotuvchi (ijrochi) iste`molchini haq evaziga qo`shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo`shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko`rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
- Tashkilotning o`z majburiyatlarini nomuvofiq yoki o`z vaqtida bajarmaganligi uchun neustoyka miqdori shartnomada ko`rsatilmagan. Yuqorida qayd etilgan qonunning 19-moddasiga muvofiq, nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko`rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste`molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo`lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo`lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`lashi belgilangan.
- Shartnoma shartlari shundayki, ular iste`molchilarni o`ziga tobe qiladi, ba`zan hatto ijaraga mashinani taqdim etadigan kompaniya rahbarining kayfiyatiga ham ta`sir qiladi. Bir necha oy davomida adolatga erisha olmagan, aldangan iste`molchilar Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishdi. Vijdonsiz tashkilotlar tomonidan tez-tez ishlatiladigan iste`molchilarni aldash uchun yana bir xiyla-nayrang – bu bitta kompaniya bilan avans to`lovi to`g`risida bitim tuzish va boshqa kompaniya bilan keyingi to`lovi bilan avtomobilni ijaraga olish.
Qizig`i shundaki,ushbu firibgarlikning birinchisi ham, boshqasi firmalar ham bir asoschiga tegishli. Bu nafaqat qonunni qo`pol ravishda buzish, balki Agentlik tomonidan ushbu murojaatlarni ko`rib chiqish va iste`molchilar huquqlarini tiklash jarayonini ham ancha murakkablashtirgan.
AVTOMOBIL QANI?
Agentlikka yuqoridagi jamiyat tomonidan avtomobil vositalari o`z vaqtida etkazib berilmayotganligi yoki boshqa transport vositasi, iste`molchi to`lagan mablag` qayta hisoblanmagan holda, kamaytirilgan narxlarda taqdim etilayotganligi xaqida shikoyatlar kelib tushdi. Yuqoridagi muammolardan tashqari, boshlang`ich to`lovni amalga oshirib, bir necha oylab (shartnoma bo`yicha 120 ish kuni) avtomobil vositasini kutayotgan iste`molchiga, jamiyat tomonidan 3 turdagi, shartnomada ko`rsatilmagan, narxi qimmatroq bo`lgan boshqa rusumdagi avtomobil vositasi taklif etilayotgan holatlar ham mavjud. Bu qanchalik qonuniy?
Agar mazkur jamiyat noqonuniy harakatlaridan jabr ko`rgan iste`molchilardan ilk murojaat o`tgan yilning yanvar oyida kelib tushgan bo`lsa, bugunga kelib, insofsiz tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatidan norozi bo`lgan shikoyatlar soni 830 tani tashkil etmoqda. Agentlik 585 ta iste`molchini huquqini himoya qilishga muvaffaq bo`ldi va 5,5 mlrd so`m miqdoridagi zarar iste`molchilarga qaytarildi.
E`TIBOR QARATISh MUHIM!
Ijara shartnomasida ko`rsatilgan foiz stavkasi O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o`rnatilgan qayta moliyalashtirish stavkasidan past bo`lishi mumkin emas (joriy yilning fevral oyi holatiga ko`ra yillik 14%). Chunki bu tadbirkor mutlaqo foydasizdir.
Shartnoma tuzishdan oldin u bilan yaqindan tanishib chiqing va betaraf bo`lgan huquqshunos bilan maslahatlashing. Shartnomani sizga yaxshi tushunarli bo`lgan tilda tuzilishini talab qiling.
Transport vositasining to`liq qiymati shartnomada ko`rsatilgan bo`lishi shart.
Agar ijara muddati 1 oydan ziyodni tashkil etsa, transport vositasi ijara shartnomasini notarial rasmiylashtirilishini talab qiling, boz ustiga ushbu xarajatlar transport vositasini taqdim qilayotgan kompaniya tomonidan qoplanishi lozimligini hisobga oling.
Shartnoma tuzmoqchi bo`lgan kompaniya mijozlarining fikrlari va bahosi bilan tanishing.
Shartnoma tuzishdan oldin va keyin yuzaga keladigan masalalar bo`yicha Agentlikka murojaat qiling. Mutaxassislar zaruriy tushuntirishlar va maslahatlarni berishadi.
Shaxsiy omonatlaringiz, vaqtingiz va asabingiz bilan tavakkal qilmang, to`g`ri tanlovni amalga oshiring.






