Prezidentning “O`zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni doirasida ichki turizmni rag`batlantiruvchi choralar belgilandi. Unga ko`ra, yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar O`zbekiston fuqarolariga 25 foiz arzon sotiladi, agar ushbu chipta turoperator orqali xarid qilinsa, ushbu chegirma miqdoriga 15 foiz qo`shilib, umumiy 40 foizlik chegirma taqdim etiladi.
Shu bilan birga, turoperator orqali xarid qilingan mehmonxona xizmatlari ham 10 foizga arzonlashtirilgan narxda sotiladi.
Bundan tashqari, xizmatlarni kompleks ko`rsatuvchi turoperatorlar korporativ narxlarda boshqa xizmatlarni ham arzonlashtirib berishi ko`zda tutiladi.
2020 yil 3 fevraldan yo`lga qo`yilgan Urganch-Farg`ona-Urganch aviareysi eng arzon narxi - 920 ming so`m. Mahalliy sayyoh ushbu chiptani bevosita aviakassadan sotib olganda chipta narxi 25 foizga arzonlashib, 690 ming so`mni tashkil qiladi. Turoperator orqali xarid qilganda esa, yana 15 foiz chegirma taqdim qilinib, chipta narxi 587 ming so`mni tashkil qiladi - 333 ming so`m chegirma taqdim qilinmoqda.
Xuddi shu kabi turoperatorlarga yo`lga qo`yilayotgan temir yo`l qatnovlaridagi chiptalarga ham 15 foizlik chegirma taqdim etiladi. Bunda Termiz-Samarqand yo`nalishidagi 108 ming so`m turadigan chipta narxi 92 ming so`mni tashkil qiladi.
O`z navbatida, fuqaro turoperator orqali mehmonxonani bron qilsa, shartli ravishda “O`zbekiston” mehmonxonasidagi 1 kishilik standart xona narxi 270 ming so`mni tashkil qilsa, bu fuqaro uchun turoperatorga taqdim qilingan korporativ narxlar asosida 200 ming so`mni tashkil qiladi. Yuqoridagi 10 foiz chegirma hisobiga esa mehmonxona narxi 180 ming so`mga aylanadi. Yakunda tashkil qilingan mexanizmga ko`ra, 270 ming so`m turuvchi mehmonxona 90 ming so`mga arzonlashmoqda.
Masalan, ushbu xizmat Farg`ona shahridagi “Ziyorat” mehmonxonasida 180 ming so`mga taqim etiladi, turoperatorlar korporativ narxlarda 150 ming so`mdan olishib, 10 foizlik chegirma hisobiga mahalliy sayyohga 135 ming so`mga taqdim qiladi. Bunda turistik yig`im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,4 foizini tashkil etib, 980 so`mni tashkil qiladi.
O`z navbatida, turistik yig`imdan tushgan mablag`lar to`lig`icha ichki sayohatlarni rag`batlantiruvchi dasturlarga yo`naltiriladi. Qonunchilikka ko`ra, mehmonxona yig`imlari soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.
Xorijiy davlatlarda turistik yig`im mahalliy fuqarolar uchun o`rganib chiqilganda misol tariqasida Ukraina davlatida bir kunlik yashash o`rtacha 30 grivna (ya`ni 11 400 so`m)ni tashkil qiladi.
Bu tajriba Serbiyada ham qo`llaniladi. Ushbu shakllantirilgan mablag`lar ichki turizmni rivojlantirish va targ`ib qilish maqsadida sarflanadi. Bunda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozircha asosiy urg`uni ichki sayohatlarga qaratish va ichki turizmni markazlashgan tartibda keng targ`ibot qilish maqsadga muvofiq. Ta`kidlash joizki, sayyohlar oqimini qayta shakllantirish mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari, transport korxonalari, hunarmandlar, turoperator va gidlar bandligini ta`minlash yo`lida xizmat qiladi.






